«Mumtoz oila» · 9 / 23

Sakkizinchi bob. Qayinyurt

12 daqiqa o‘qish


Birinchi fasl

Umumiy masalalar

Sovet davrida eski qadriyatlarni chil-parchin qilish uchun tizimli va maqsadli ishlar olib borildi. Eng birinchi nishon oila edi. Oila parokanda qilinsa, bas, shayton murodiga erishmog‘i aniq. Buning uchun ushbu ishlarga zo‘r berildi:
1. Bolani ota-onadan ajratib olish. Imkon bo‘lsa, bolani ota-onaga qarshi, bepisand ruhda ulg‘aytirish. Buning uchun xotinlarga ozodlik, sharq ayollariga hurriyat beramiz degan shior bilan ularni go‘yo “zanjirdan qutqardilar” va dalalarga tashlashdi, zavodlarda cho‘ridek ishlatishdi, traktorlar haydatishdi va ayollarni saraton va boshqa tuzalmas kasalliklarga mubtalo qilib o‘ldirishdi. Bularning hammasini qahramonlik deb ko‘rsatishdi. Tuqqan xotinlarni dalada ishlatib o‘ldirisharkan, go‘daklarini yasli deb atalgan joylarda saqlashdi. Aslida, xotin tuqqan zahoti bolasini alohida olib, hamma onalarning sog‘ilgan sutlarini aralashtirib berib, chaqaloqlarni emizikli opa-uka, aka-singil ham qilishgan. O‘z onasi sutini emmagan go‘dak yaslida sovuq muomala ostida onasiz o‘sdi; xonliklar davrida bo‘lmagan yetimxona va bolalar qamoqlari paydo bo‘ldi; so‘ng bola maktabda ota-onadan ayro “o‘qidi”, ya’ni kuz va bahorda bolalar qul sifatida dalada paxtaga yuborildi; maktabda xudosizlik va bundan tashqari bir qancha insoniylikka yot g‘oyalar singdirildi va hokazo. Shunday qilib, asta-sekin bolalar ota-onalariga bo‘ysunmaydigan bo‘ldilar. Ular zamonaning bilimdoni, ota-onalar esa qoloq ko‘rsatildi; xususan, bu g‘oyalar adabiy asarlarda, spektakl va kinolarda asosiy planda taqdim etildi. O‘zaro sevishgan yoshlar ilg‘or qatlam, ularni tushunmaydigan ota-onalar go‘yo ongsiz edi, xususan, bu holatning elementlari “Mahallada duv-duv gap” filmlarida ko‘zga tashlanadi.
2. Yangi oilalarni qaynota va qaynonasiz yashatish, kelin va qaynona o‘rtasiga adovat solib, abadiy dushmanlik kayfiyatini shakllantirish. “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida bu holat aks ettirildi; muallif masalaga nihoyatda ehtiyotkor yondashgan, buyuk adib qadriyatlarga bo‘lgan hujumni afsus va nadomat bilan achchiq kulgu, ko‘zyoshli kulgu ila ko‘rsatgandek tuyuladi menga. Xususan, gazetalarda qaynonalar zolim deya atalib, oilalarning shaxsiy ishiga aralashilishi, o‘g‘illarning hammasi xotinlarining gaplariga kirib, o‘zlarin o‘stirgan onalariga isyon qilishlari, Farmonbibidek donishmand onaning, oilasi, farzandlari birligi uchun jon fido qiladigan onaning qalbida uyg‘ongan og‘riq kulgu qiyofasida chizilgan fojiadek ko‘rinadi menga. Ozarbayjonliklarning “Qaynona” filmida esaqaynona zolim va qo‘rqoq ko‘rsatilishi, kelin tomonidan o‘yin qilinishi va hokazolar aslida eski qadriyatlar ildizi bilan qo‘porilayotganining manzarasi edi. Bu kinolardagi detal va g‘oyalar keyinchalik mustaqillik davrida yozilgan “Superqaynona” kabi sahna asarlarida ham aylandi.
3. Ota-onalar va qaynota-qaynonalarning o‘z farzand va kelinlariga befarq va loqayd bo‘lishlariga erishish. Ko‘plab adabiy asarlarda, masalan, “Vijdon dorisi” kabi pyesalarda zamonaviy ota-onalar bolalarining erkin qarorlarini “hurmat qilishadi”, ammo e’tiborli jihati shuki, yozuvchilarimiz ota-ona tarbiyasi va loqaydligi oqibatida bolalarning ma’naviy tayanchsiz qolayotganlarini turli shakllarda ko‘rsatib bera oldilar.
Zamonaviylik niqobi ostida kattalarni kichiklardan ajratishning oqibati yaxshi bo‘layotgani yo‘q – maqsadsizlik, g‘oyasizlik, ma’nosizlik natijasida odamlarni chuqur tushkunlik, qayg‘u, vasvasa qamrab olmoqda; qanday yashash kerak degan savolning jo‘yali javobi aqllardan ko‘tarildi; mumtoz shakllar, xususan, kelinning qaynona bilan yashashi go‘yo aqlsizlik, zulm deb tushunilmoqda. Holbuki, kelinning qaynona xizmatida yashashi bu misli ko‘rilmagan hayotiy bir yashash tizimidir.



Ikkinchi fasl

Qaynota

Qaynota kelinlar bilan deyarli muloqot qilmaydi. Uning maqomi juda baland bo‘lgani sababli u va kelinlar orasida parda bor. Bu parda hech qachon ko‘tarilishi, bu pardaga hech qachon zaxmay yetishi mumkin emas. Qaynota oilada eng haybatli insondir. Uning so‘zi tog‘dek og‘ir. Uning qarashlari, uning borligi, uning ovozi barcha nizolarni bostiradi; uning hukmi hamma tomonidan so‘zsiz qabul qilinadi.
Bu darajaga erishish uchun qaynotaning obro‘siga zid gap bo‘lishi mumkin emas. Qaynota hamisha bosiq va sokin yuradi. Ko‘p vaqtini ibodatga va foydali ishga sarflaydi. Hech qachon keraksiz ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmaydi. Kelinlar qaynotani aslo noqulay holda ko‘rishlari, undan keraksiz so‘zlarni eshitishlari mumkin emas.
Qaynota hammani tinglaydi. Uning oldida hamma o‘ylab, so‘zlarini saralab gapiradi. So‘ng qaynota bitta gapiradi – hamma unga itoat qiladi. Qaynota nimtabassumli, viqorli, jazolashda shoshmaydigan, shafqatda me’yorni biladigan, o‘z qadri va salobatiga mos harakat qiladigan odamdir. U masjidga har jamoat namozi uchun chiqsa afzal.
Qaynota – uyning mehvari, uyning ustuni. Unga qarab hamma o‘zini to‘g‘irlaydi, unga qarab rejalar tuziladi va yo‘nalishlar aniqlanadi.
Qaynota kelinlar himoyachisidir. Qaynonaning shikoyatlarini eshitarkan, uni kengfe’l bo‘lishga, sabrga, shukurga chaqiradi; muhim masala va muammolarni hech qachon kichiklar oldida hal qilmaydi. Hech bir keliniga qattiq gapirmaydi, erkalamaydi, balki yaxshi gapirib qo‘yadi.
Qaynotalar o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarsa, qaynonaning xato ishlariga yo‘l qo‘ymasa, xato sodir bo‘lgan taqdirda ham adolat va qat’iyat ila uni tuzatsa, doimo kelin tarafda tursa, ayni paytda, kelindan nuqson ko‘rinsa, buni o‘zi emas, kampiri yoki o‘g‘li orqali bildirsa, oila osoyishta va mustahkam bo‘ladi.
Qaynota kelinlardan ranjisa, buni bildirmasligi, sukut saqlashi va ranjiganligi sababli kelindan o‘zini yana uzoq tutishi unga yarashadi. Shunda kelin farosati bilan xatosini o‘zi topib, tuzatishga urinadi.
Qaynota hech qachon kelinlar bilan bir dasturxonda o‘tirmaydi, bu uning maqomiga ziddir. Qaynota o‘g‘illar va nevaralar bilan alohida o‘tiradi.
Bugun kelinlar qaynotasini o‘rtoqdek ko‘rishlari, ular bilan o‘pishib so‘rashishlari va boshqa adabsiz, ortiqcha harakatlar mumtoz oila nizomiga ziddir va buning natijasida, qaynota oiladagi vazifasini to‘g‘ri bajarish haqqidan, imkonidan ayrilib qoladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Akrom MALIK


Uchinchi fasl

Qaynona

Qaynona der ekanmiz, biz bu yerda kelinning qayin onasi haqida gapiramiz, kuyovning qaynonasi keyingi fasllardan birining mavzusi bo‘ladi.
Qaynona ayol kishi bo‘lgani uchun ayollarga xos ayrim nuqsonlardan xoli bo‘lmaydi, lekin uning orqada kamida 20 yillik oila hayoti tajribasi bor. Shu tajriba qaynonani donishmand, oqila va dadil onaga aylantirgan.
Qaynona kelinga onadan yaqindir. Chunki ona qizini uzatdi, endi qiz unga tegishli emas; endi qiz umri oxirigacha qaynona xizmatida bo‘ladi va uning uchun bu ayol onasidan yaqinroq ayolga aylanadi. Kelin – qiz emas, u qaynonaga qizdan yaqinroqdir. Qiz onaning bag‘rida uzog‘i 20 yil nari-beri bo‘lar, ammo Xudo umr bersa, qaynona qo‘lida 30 – 40 yil tarbiya ko‘radi. O‘z-o‘zidan qizning hayotida qaynonaning o‘rni o‘ta muhim o‘rin hisoblanadi.
Qaynona kelin olarkan, kelin uyiga kirib kelmasidan avval muomalaning barcha qoidalarni ishlab chiqishi kerak. Buning uchun niyatni to‘g‘ri qilishi, kelinga xolislik ila mehr va shafqat ko‘zi ila qaraydi. Uni o‘g‘lining yo‘ldoshi sifatida biladi. Kelinga qilingan yaxshilik – o‘g‘ilga qilingan yaxshilik. Kelinga ko‘rsatilgan hurmat – o‘g‘ilga ko‘rsatilgan hurmat. Kelinning qadri – o‘g‘ilning qadri. Kelinning ofiyati – o‘g‘ilning halovati. Qolaversa, xalqning gapi gap: o‘g‘lingga yoqay desang, xotinini maqta.
Shundan kelib chiqib, qaynona qalbidagi niyatni qayta-qayta tekshirsin: “Kelinimni ehtiyot qilaman, unga yaxshi gapiraman, unga nisbatan adolatli va shafqatli bo‘laman”.
Qaynona kelin bilan dugona emas – bu bosh qoida. Ayrimlar kelin tushirishdan avval nomzod bilan yaqinlashib ketar emish, bu faqat ziyon keltiradi.
Qaynona va kelin muomalasi muayyan davrlarga qarab farq qiladi. Yangi kelinga jiddiy, ohista, muloyim muomala kerak. Chunki uning hayotiy tajribasi kam, yosh, xom va xato qilib qo‘yishi tabiiy. Dastlabki o‘n yil qaynona kelinni biroz uzoqda tutishi joiz, ya’ni kelin bilan kam gaplashadi, u bilan hazil-huzul qilmaydi, sirlashmaydi, piching va kinoyalar qilmaydi, bitta aybi uchun darhol tanbehlamaydi, balki ikki marta qat’iy va yumshoq ogohlantiradi, keyin tanbehga o‘tishi mumkin, lekin hammasidan avval har bir ishni o‘zi qilib ko‘rsatishi kerak, chunki kelinning uyidagi tartib va u olgan ta’lim qaynona istagandek bo‘lmasligi, uning didi va xohishiga mos kelmasligi mumkin.



To‘rtinchi fasl

Kelin

Kelin anglab yetishi kerak bo‘lgan haqiqat shuki, u sulolaning, oilaning markazi hisoblanadi. Barcha ishlar, gap-so‘zlar kelin atrofida sodir bo‘ladi: yigit ham uylanish uchun harakat qiladi; kelin tushirish uchun sovchilikka boriladi; kelinni olib kelish uchun to‘y qilinadi; kelin salom qiladi; kelin g‘iybat qilinadi; kelinga dakki beriladi; kelin maqtaladi; kelin farzand dunyoga keltiradi; kelin xizmat qiladi; kelin naslning davomchilarini ulg‘aytiradi va hokazo. Bu haqiqatni har bir kelin anglasa, o‘zining qiymatini, qadr va sharafini anglaydi. Natijada, kelin o‘zini shu sharafiga mos tutishi, qadriga muvofiq xulq hosil etishi lozim bo‘ladi.
Qiz turmushga chiqarkan, eng avval, niyatini to‘g‘irlamog‘i kerak, ichida qayta-qayta: “Men hayotdagi asosiy vazifamni bajarish uchun turmushga chiqyapman. Xo‘jayinimga xizmat qilaman, farzand dunyoga keltiraman, tarbiyalayman, qaynona-qaynotamning duolarini olaman!” – deb takrorlashi kerak.
Turmush – musht deb bejiz aytilmagan. Turmush oson va o‘yin emas, lekin qiyin va mashaqqat ham emas. Turmush tanlov yo‘lidir – niyat va harakatingga qanday bo‘lsa, u ham shunday rangda bo‘ladi.
Qizning nikohi aniq bo‘lgach, o‘zini kelinlikka ruhan tayyorlab, borajak oilasida munosib o‘rin topish uchun Xudodan yordam va tavfiq tilaydi. Borayotgan oilasida hammani o‘zi uchun eng yaqin, eng do‘st deb biladi: “Turmush o‘rtog‘im – tayanchim, qaynonam – onam; qaynotam – otam; qaynegachim – opam; qayinsinglim – singlim; ovsinlarim – yaqinlarim”.
Har bir insondan xato sodir bo‘lishi mumkin, kelin ko‘ziga xato ko‘ringan ishlarni darrov olamga yoymasin, aksincha, yangi oilasida ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar, tili soqov bo‘lishi yaxshi.
Ikkinchidan, o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun dikonglamagani, “Oyijon”layvermagani va hokazo shunga o‘xshash takalluf va quyuq mulozamatlarni qilavermagani go‘zal. Chunki takalluf bu kulfat degani. Ishning boshida haddan oshiq ehtirom qildingmi, oxirigacha ana shu yukni ko‘tarishga majbursan. Shuning uchun samimiy va o‘rtacha bo‘lish yaxshi. Tabiiyki, sovuq va xo‘mraygan chehra ham maqbul emas.
Uchinchidan, hech bir gapni ko‘ngilga olmaslik, har gapni gap deb aytmaslik kerak. Qaynona ham, qaynegachi-yu qayinsingillar ham ayol, tilidan “lop” etib qandaydi nojoiz so‘z dumalab qolsa, eshitmaslikka va bilmaslikka olish, balki imkon qadar xotiradan chiqarish matlubdir.
To‘rtinchidan, qaynonali uyda tabassum va mayin ovoz juda muhim. Tanbeh eshitganda ham, ishlar og‘ir kelganda jilmayib, mayin ovozda so‘zlanadi. Asosiysi, bu majrburiyatdan emas, ichdan kelishi kerak.
Beshinchidan, qaynonaning ko‘nglini topishga va ko‘nglini qoldirmaslikka uriniladi. Albatta, bu ish samimiy bo‘lishi, sun’iy va soxta bo‘lmasligi lozim. Qaynonadan ich-ichdan xafa bo‘lmaslik to‘g‘ri ish, chunki dildagi tilga bir kuni chiqadi. Agar dilda qaynonaga nisbatan biroz g‘ashlik paydo bo‘lsa ham haydash shart. Oraga sovuqlik tushmasin. Tilga g‘iybat kelmasin. Odamlar og‘zi bilan yuradi. Hech bir gap yerda qolmaydi. Erkak va ayol birdek, bu masalada orada zarracha farq yo‘q – gap yetaklashda faoldirlar. O‘rtamizda qolsin-a deyilgan gap teshikdan sizgan suvdek sizib ketadi.


Beshinchi fasl

Kuyovbola va uning qayinyurti

Hurmatli kitobxon sezgan bo‘lsa kerak, oiladagi har bir holatni batafsil sharhlashga va o‘zgarmas qoidalarni zikr qilishga intilyapmiz. Er va xotin deb atalgan fasldan so‘ng kelin va kuyov degan fasllarni alohida yoritishimizdan ma’lum bo‘lsinki, bu fasllar er va xotinlarning kelinlik va kuyovlik vazifalarini to‘g‘ri bajarishlari va ularning shu maqomdagi axloqlari haqidadir.
Kuyov yangi uylangan vaqtda hovliqib, o‘ziga sig‘may, yettinchi qavat osmonda uchadi. Yuzlari yal-yal yonib, ichidan toshib kelayotgan hapqirishni bosa olmay qoladi. Ko‘ziga kelinchagi juda shirin ko‘rinib, shavqqa to‘lib, nima desa, deydi. Bu ham kerak. Shunday bo‘lishi lozim. Lekin aql va hayo hayotning jontomiri, to‘g‘ri yashash tarozisidir.
Kuyov har qancha uchib-qo‘nmasin, o‘zini bosishga va xotirjam, vazmin turishga harakat qilishi kerak. Og‘zidan ulfatlari oldida ham, ota-ona oldida ham keraksiz so‘zlar uchib chiqib ketmasligi uchun urinsin. Orzu-havas deb hashamat va soxtalikka kirib qolmasin. To‘yning tomoshasiga aldanib, doimo shunday bo‘larkan demasin. Kelinchak qanchalar shirin bo‘lmasin, u avvalo ko‘zning quvonchi, dilning sururi, hayotning qiziq bir tuhfasidir. Ya’ni kelinchak but yoki sanam emas, unga topinib, sajda qilish va uning hamma istaklarini bajarishga ehtiyoj yo‘q. Unga har xil va’dalarni berib, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirmagan ma’qul. Albatta, haqiqiy erkak kuyov vaqtida shirin so‘zlarini ayamaydi, ta’rif-u tavsiflarda saxiy bo‘ladi.
Kuyovto‘ra xos haramida ochiq chehra, quvnoq, ammo ota-ona oldida kelinchagiga nisbatan jiddiy bo‘lgani, kam gapirgani, imkon qadar gapirmagani yaxshi. Hozir to‘ylarda raqs tushib, shirinlik kesib yeb, kelinsalomda borib peshonasidan o‘pishlarga bu gaplarning aloqasi yo‘q, ya’ni ana shu yo‘lni tutganlar bizning aytganlarimizni bajara olishmaydi, bu mumtoz va eski yo‘lni tutaman deganlarga atalgan tavsiyalardir.



Oltinchi fasl

Qaynopa, qayinsingil, ovsinlar va qudalar

Kelinning masalasi faqat qaynona yoki qaynota, kuyovto‘ra bilan bitmaydi: bu yoqda qayin opa, qayin singil degan insonlar bilan ham davom etadi.
Kelinning ularga qiladigan muomalasi ma’lum: ochiq chehra, hurmatlarini joyiga qo‘yish, sizlab chaqirish, zarurat o‘rinlarida ularga beg‘araz yordam berish.
Qaynopa, ayrim hududlarda qaynagachi, qaynegachi ham deyiladi; – ko‘p hollarda turmushga chiqib ketgan bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan qizlik uyiga qadam ranjida qilib turadi.
Aqlli, hushli qaynopalar aka yoki ukasining baxtini o‘ylaydi. Kelinni qadrlaydi, yaxshi gapiradi. Ahmoq qaynopalar kelinni chaqadi, ilonlik qiladi, o‘zidan xiralik qoldiradi.
Qayinsingillar aksar hollarda erka bo‘lishadi. Ularning bir toifasi kelinoyisiga – ayrim hududlarda kennayi, kennoyi, yanga va hokazo – suyanadi, sirdosh bo‘ladi; bu juda yaxshi, chunki bunday do‘stona munosabat oilaning ruhiy va hissiy muvozanatini ta’minlashda muhimdir. Birinchidan, yanga va qayinsingil o‘rtasidagi yaqinlik ikki tomonning qalbi uchun muhim, qalb doim kimnidir do‘st tutgisi keladi, ayol jinsiga mansub ikki tomon bir-birini do‘st tutsa, sirlashadi, dardlashadi, yengillashadi, turmushning turli qiyinchiliklarini yengish osonlashadi. Ikki tomon ham o‘zaro sof va samimiy do‘stlikni saqlasa, ya’ni yanga har narsani gapirib, qayinsingil tushunmaydigan narsalarni aytmasa, kelajakda bu ittifoq yaxshi mevalar beradi: kelin uchun kennoyining o‘gitlari maktab bo‘ladi, uni kelgusi hayotga tayyorlaydi; yanga qayinsingil uchun ro‘zg‘or ishlarida o‘rnak bo‘ladi, hatto kelajakda ular quda bo‘lib ketishlari ham hech gap emas.
Yanga va qayinsingilning do‘stligi qudalararo iliq munosabatlarga ham ijobiy ta’sir qiladi. Lekin uning aksi yomon – agar yanga va qayinsingil yovlashsa, bir-birining aybini axtarib vaqt o‘tkazadi; bir-birini har joyda malomat qilishdan tiyila olmaydi; qayinsingilga keladigan sovchilarga ayrim yangalar ta’sir o‘tkazishga urinadi; qayinsingillar onasiga kenayisini yomon ko‘rsatish uchun kurashadi; chorasiz va zaifa kelin qayinsingilni ota-onasiga borib yomonlab qo‘yishi hech gap emas; natijada, g‘iybat yosh qizning sha’niga nomunosib ravishda tarqaydi.


#mumtoz_oila Sakkizinchi bob QAYINYURT Oltinchi fasl Qaynopa, qayinsingil, ovsinlar va qudalar Kelinning masalasi faqat qaynona yoki qaynota, kuyovto‘ra bilan bitmaydi: bu yoqda qayin opa, qayin singil degan insonlar bilan ham davom etadi. Kelinning…