«Mumtoz oila» · 22 / 23

Yigirma birinchi bob. Hammaga zarur nasihatlar

3 daqiqa o‘qish

Odam hayvon emas. Baribir, hayvon emas. Uning ruhi va hayvonning ruhida farq bor. Hayvon shahvati hamda vahshiyligiga ergashadi. Inson aqli va qalbiga ergashadi. Hayvon jismining tashvishida, inson ruhining tashvishida.

Ruhining tashvishini qilganlar hayvondan farqlanadilar. Inson tanasiga ozuqani tirik qolishi uchun yedirsa, kifoya. U, asosan, ruhi haqida qayg‘urishi lozim.

Ruh – osmoniydir. Uning ozuqasi ham osmondan tushirilgan. Yer tuproqdandir, uning yemishi shu sababli yerdan chiqarilgan.

Har bir inson aqlini tanigan onidan boshlab bu haqiqatlarni idrok etmog‘i kerak. Agar buni teran tushunmasa, uning harakatlari hayvonning harakatlaridan farq qilmaydi: yeydi, ichadi, uxlaydi, jimo qiladi. Albatta, guruhlashadi, guruhlanib jonini saqlashga urinadi, tajovuz qiladi, himoyalanadi, o‘z juftini qizg‘anadi va bolalarini hayotga – ovga tayyorlaydi. Lekin u ruhining ozuqasi osmondan tushganligini bilsa, anglab yetsa, hayotini ana shunga qarab rejalashtiradi, shunga qarab quradi.

Kitobimizning so‘nggi bobida hammaga zarur bo‘lgan nasihatlarimiz shulardan iboratdir:

1. Xudoning oldiga qaytmoq haqdir. Qanday yashaganimiz haqida hisob berishimiz shubhasiz haqiqatdir. Shu esdan chiqmasin.

2. Rizq bobida qattiq o‘rtanmang. Xudoning bir ismi – Musabbib. Ya'ni olamlarni sabab ustiga qurgan Zot. Yashash uchun sabablarning barchasini muhayyo qil – ishla, kuch sarfla, duo qil, lekin natijani xuddi hech qanday sababni qoyim qilmagandek kut. Sabablarni bajo ayla, lekin Haqqa suyan. Rizqim kamayadi deb qo‘rqsang, ertaga rizqsiz qolaman deb tashvish qilsang, hayotingda baxt va xotirjamlik nimaligini bilmay o‘lib ketasan.

3. Bundan keyin xatar faqat insoniylikka emas, balki er va xotingadir. Buning ma'nosi shuki, endi erning erligi, xotinning xotinligi unuttiriladigan davr boshlandi. Buni xoh dajjol davri, xoh dijital davri deb atash mumkin, mohiyat o‘zgarmaydi. Endi hujum dinga emas, insonning fitratiga qaratiladi. Fitrat buzish boshlanadi, balki allaqachon boshlandi.

Dunyoning mutafakkirlari bu haqiqatni anglab, jar solmoqdalar, afsuslar bo‘lsinki, o‘zbek jamiyati tafakkurida hali bu xatarning tajalliysi mavjud emas. O‘zbek tilli tafakkur egalari hamon ibtidoiy masalalarda bahs etmoqdalar va bu bahslarning mohiyatida erkinlik, inson hurriyati niqobi ostida oilani va jinsni barbod etish harakati ko‘zga tashlanmoqda.

Millatni uyg‘otish yoki siyosiy faollik haqida emas, balki insoniylikni saqlab qolish, adab va axloq qo‘rg‘oni bilan fitratni asrash bosh masalaga aylanganidan go‘dak zehniyatli notiqlar xabarsiz yoki xabarlari bo‘lsa ham hali masalaning haybatini to‘la tasavvur etmayaptilar. Shu sababli er bo‘lgan erligini, xotinlar xotinligini ihotaga olsin, ya'ni erlar erkakka xos adabni o‘rganib, shu asosida yashamoqlari lozim. Ayollar ayolga xos ojizalikni zimmalariga olmoqlari, ayollikka xos xususiyatlardan voz kechmasinlar.