«Mumtoz oila» · 15 / 23

O‘n toʻrtinchi bob. Mehmonga borish va mehmonnavozlik hamda qo‘shnichilik

3 daqiqa o‘qish

Bora-bora xalqimizning zehniyatidan mehmon va mezbon tushunchasi chiqib ketyapti. Ayrim xudbinlar odamlarni mehmon qilma deb targ‘ibot ham qilmoqda. Lekin biz bunday xudbin va xoin, vatangado va kafangadolarning so‘zi bilan ishimiz yo‘q. Ular fitna va fasod qilishda davom etaverishadi, biz esa mehmondorchilik va mehmonnavozlik mohiyati, uning adab-axloqi va urflaridan so‘zlaymiz. Chunki insonlarning bir-birlari uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rib ovqat pishirishlari va bu ovqatlarni dasturxonga tortib, o‘sha insonlarni mehmonga chaqirishlari o‘ta muhim amaliyotlardan bo‘lib, uning ham ijtimoiy, ham ma’naviy ahamiyati beqiyosdir. Avvalo, bu odamlar o‘rtasidagi hamjihatlik va ahillikni mustahkamlaydi. Bu mehr-oqibat, qalblarning yaqinligi asosi demakdir. Ikkinchidan, insonlarda jo‘mardlik, saxovat va yaxshilik qilish xislatlarini tarbiyalaydi. Bu xudbinlikdan qutqaradi. Odamlargina topgan taomlarini bo‘lishib, jamlanib, shukur va ochiq yuz ila tanavvul qiladilar. Hayvonlar topgan ovqatini tagiga bosib, irillab, pala-partish yamlamay yutadi. Qorni to‘ygach, undan qolgan sarqitga boshqa zaif hayvonlar kelishadi. Insonlar mehmonnavozlik sababli hayvondan farqlanadilar.
Mehmonnavozlik bu ko‘chada biror oshxona yoki restoranga bir guruh kishini chaqirib to‘ydirish emas, bu uyga chaqirish va uyda tayyorlangan taomlar bilan ikrom qilmoqdir.
Ushbu bobda mehmonga borish va mehmonga chaqirishning odoblari haqida so‘z yuritamiz.
Xalqimizda bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber, chaqirilmagan joyga borma, chaqirilgan joydan qolma, er tilagan joyda aziz degan maqollar bor. Shu va boshqa hikmatlardan kelib chiqib mehmonga borishning eng muhim qoidalarini keltiramiz:
1. Chaqirilgan joyga, albatta, borish kerak. Borolmagan taqdirda bu haqda mezbonga uzr ayib qo‘yilishi lozim.
2. Chaqirilmagan joyga bormaslik darkor. Ko‘pchilik aytilgan bo‘lsa-yu, siz aytilmasangiz, buni to‘g‘ri qabul qilgan holda mehmonga borilmaydi.
3. Har qanday xoh ziyorat uchun, xoh ziyofat uchun borar ekansiz, hech bo‘lmasa, qo‘lingizda ikkita non yoki bir hovuch quruq choy bo‘lishi tavsiya qilinadi. Agar imkoniyat bo‘lsa, yaxshigina bozorlik ko‘tarib olish lozim, xalqda eshikni tepib ochish degan ibora bor, ya’ni qo‘yni-qo‘nji to‘lib kelgan odam qo‘li band bo‘lgani sababli kelgani hovli yoki xonadon eshigini tepib ochishga majbur bo‘ladi.
4. Mezbon ko‘rsatgan joyga o‘tirish, uy ichiga ko‘z tashlamaslik, dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlardan olib o‘tirish kerak.
5. Mezbonni malollantirmaslik uchun kech tushmay ketishga izn so‘rash lozim. Agar mezbonning uyi tor va kichik bo‘lsa, yotib qolish mumkin emas. Muhim nukta shuki, kelish ixtiyor bilan, ketish ijozat bilan degan naql bor. Buning ma’nosi shuki, mehmonga borgan odam biroz o‘tmay qandaydir rejam bor, ketaman deb pitirlamagan ma’qul. Balki me’yordagi miqdorda o‘tirish, so‘ng odob bilan izn so‘rash lozim.
6. Ovqatlanarkan, dasturxonni toza tutish, pista-bodomlarni chaqib yesa, po‘stlarini tartibli qilib uyib qo‘yish, taomdan so‘ng kosa va idishlarni sunnatga muvofiq yog‘larini yalab, hatto choy quyib ichish kerak.