«Mumtoz oila» · 12 / 23
Oʻn birinchi bob. Oilada taomlanish, salomatlik va tozalik
Salomatlik va poklik hamisha yonma-yon. Oilada poklik va salomatlikni saqlash bir-biriga uzviy bog‘liqdir. Tabiiyki, salomatlikning yana bir asosi – taomdir. Poklik va taom talab etilganidek bo‘lsa, butun oila sog‘ va salomat bo‘ladi, Xudo xohlasa.
Taomlanishda halollik va poklik qoidasiga – tamoyillariga suyanmoq kerak. Halollik der ekanmiz, halqumga tushib, oshqozonga boradigan va quvvatga aylanib, tanaga so‘riladigan, so‘ng ortiqcha qismi tashqariga chiqib ketadigan yemakning peshona teridan topilgan pulga tayyorlash haqida gapiryapmiz.
Ovqat uchun yog‘, un, piyoz, kartoshka, sabzi va hokazo sabzavot va mahsulotlarni pulga sotib olamiz, ana shu pul o‘zimizning ona sutidek halol, ishlab topgan pulimiz bo‘lsin. Birovni qon qaqshatib, qarg‘ishiga uchrab, pora sifatida yoki o‘g‘irlab, aldab undirilgan pulga non olmaylik. Unday pul harom deyiladi.
Inson davlat ishida ishlaydi. Davlat unga ishlagani uchun oylik beradi, lekin kishi bu maoshga qanoat qilmaydi, balki o‘ziga muhtoj odamlardan qo‘shimcha pul talab qiladi, bu pulning nomi rishva yoki pora deyiladi, uni olish – harom. Bunga shubha yo‘q. Ishi bitishi lozim bo‘lgan har qanday bechora va mazlum hatto sadaqa deb ham shu pulni beradi. Lekin pul bermagani uchun odamlarni davolamaydigan do‘xtir, ilmiy ishni tasdiqlamaydigan vallomat, hujjatlarni imzolamay ayb topadigan korcholon, aybsizni aybdor deb hukm qiladigan, hatto tuhmat uyushtiradigan mirshab va qozilar, umuman, mana shu ishni qiladigan barcha odamlar harom luqma yemoqdalar va ular ustidan odamlarning qarg‘ishi yog‘ilib turibdi. Inson davlatning ishiga kirdimi, u oylikka qanoat qilaman deb kirdi, qanoat qilmasa, borsin va boshqa ish qilsin, lekin davlat nomidan ham xalqning, ham davlatning haqqini yemasin. O‘zi yesa ham, mayli, bola-chaqaga yedirishiga nima deysiz?