«Mumtoz oila» · 10 / 23

Toʻqqizinchi bob. Yukli boʻlmoq, bola parvarishi va tarbiyasi

5 daqiqa o‘qish


Birinchi fasl

Dujon

Oʻzbeklar bolajon xalq. Bolajon boʻlmaslik mumkinmi? Mumkin ekan.
Bolali boʻlishni istamaslik, bola oʻrniga itvachcha boqishni afzal koʻrish mumkin eman. Hatto bola koʻrmaslik yaxshi ish deb hisoblash ham mumkin ekan. Ha, inson fitrati buzilgach, bundan ham ogʻirroq gaplar ham tarqalar ekan.
Farzand — hayotning mazmuni. Umrning magʻzi. Undan yuz oʻgirish xudbinlik, badbinlik va gʻayriinsoniylikdir.
Keling, avval lugʻat haqida gaplashaylik.
“Boshqorongʻu boʻldi” — yukli ayolning koʻngli nimadir tusab qolsa, shunday deyiladi.
“Yukli boʻldi”, “Ikkiqat boʻldi”, “Ogʻiroyoq ekan”, “Homilador boʻldi”, “Koʻtardi” — bu soʻz birikmalari farzand kutayotgan ayolga nisbatan qoʻllanadi.
“Dujon” (ikki jonli), “Yukli”, “Homilador”, “Ogʻiroyoq” — farzand kutayotgan ayolga qoʻyiladigan nomlar.
“Gumona” — ayol qornidagi homilaning nomi.
Homiladorlikning ilk alomati koʻngil aynishi bilan namoyon boʻlarkan, bu davr ayollarda har xil shaklda kechadi. Bu oson va yengil jarayon emas. Lekin ayollar chekiga tushgan eng buyuk sharaf. Agar ayol uni koʻtara olmasa edi, insoniyat nasl qoldirish va kamol topish ne’matidan mahrum qolar edi. Yukli boʻlmoq va farzand dunyoga keltirmoq ayol zoti qiladigan ishlar ichida eng betakror va eng buyuk vazifadir.
Oʻz-oʻzidan bu vazifani bajarmoq uchun ayoldan buyuk matonat va axloq talab qiladi.
Yukli ayol butun boshli insonni dunyoga keltirmoqda. Tug‘ilajak farzand, Xudo umr bersa, sulolaning davomchisi, xalqning xizmatchisi, yaxshi va insofli inson bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, ayol o‘z jonini xatar ostiga qo‘yib, ongli ravishda o‘zi xohlab, orzu qilib og‘ir mashaqqatni zimmasiga olyapti. Ham onaning, ham bolaning sihati uchun, eson-omon tug‘ilish kunlariga yetib olmoq uchun butun oila yordamchi bo‘ladi. Bu borada har kimning o‘z vazifasi bor.
Avvalo, birinchi bor onalik ishi yelkasiga tushgan ayol bilan ikkinchi va undan keyingi bolalarini ko‘tarayotgan ayolning biroz farqi bor. Ilk onalik ayolning yoshroq vaqtida, deylik, o‘n to‘qqiz va unday keyingi yaqin yillarda bo‘lsa, yaxshi, chunki yosh vujud baquvvat va tiklanuvchandir; ikkinchidan, yoshlikda xavf-xatar nima qo‘rqish kuchli kechmaydi, odam qarigani, ulg‘aygani sari ko‘proq qo‘rquvchi, ko‘proq ehtiyotkor bo‘lib boradi. Shu sababli ayol yoshroq vaqtida ona bo‘lsa, jarayon yengil kechadi.
Yukli ekanligi ma’lum bo‘lgach, bo‘lajak onaning ilk ishi Xudoga shukur qilish va Unga hamd aytish uchun bo‘lsin. Befarzandlik achchig‘i og‘ir, Xudo unga farzand ne’matini berayotgani uchun shodlansin. So‘ng ruhiyati, aqli va qalbini kuchli saqlasin: hech qanday xavotir va qo‘rquvga o‘zini asir qilib topshirmasin.
Keyin esa hayoni mahkam tutish kerak. Ikkiqat bo‘ldim deb o‘zini ko‘rsatmasin, bu illat hozir urchib ketgan, bunday qilish uyat bo‘ladi, yukli ayolning uy ichida, hovlida bo‘lishi hayo jihatidan yaxshiroqdir.
Ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, holsizlanish, ayrim hollarda yuzda dog‘lar zohir bo‘lishini, kayfiyatidagi o‘zgarishlarni sabot bilan qabul qilmoq kerak. Ko‘ngli tusagan narsalarni xo‘jayiniga aytishi va o‘zini imkon qadar tik tutishi ma’qul.
Yukli bo‘lgan ayol ikki masalada o‘zini qat’iy nazoratda tutadi: o‘z vaqtida ovqatlanish, och qolmaslik kerak. Ikkinchidan, me’yordagi jismoniy faollikka, albatta, rioya qilmoq shart.


Ikkinchi fasl

Chaqaloq

Chaqaloqning tug‘ilishi – katta baxt. Bu o‘rinda yosh onani hamma qo‘llab-quvvatlashi lozim: ko‘proq qaynona bu o‘rinda mas’uliyatni zimmasiga oladi. Kelinning tug‘ruqqa tayyorgarligi, tug‘ruqxonadan chiqishi, doya va shifokor ayollar bilan gaplashish, kelinning himoyachisi sifatida tug‘ruq jarayonlaridagi mas’uliyatni ta’minlash ishlariga qaynona bosh bo‘lgani yaxshi. Agar qaynona bu o‘rinda kelinni tashlab qo‘ysa, o‘zingni o‘zing epla desa, kelin tajribasizlikdan qiynaladi: tug‘ruqxonada hozir ko‘pchilik doya va shifokorlar hammaning qo‘liga qarab qolishgan; pul bermaganlarga chap ko‘z bilan qarashadi, e’tibor berishmaydi, qo‘pol muomala qilishadi, mehribon, samimiy, tama qilmaydigan do‘xtirlar juda kam, aksari pul bermasang, odam sifatida ko‘rmaydi. Qaynona o‘sha tamagirlarga hadya beradi, ularni rozi qiladi, ham do‘xtirlarning ishga jiddiy qarashlariga o‘z vajohati bilan sabab bo‘ladi.
Ona va chaqaloqni shifoxonadan isrofsiz, lekin tantana, xursandchilik va bayramona holatda chiqarib olish yaxshi urflarda hisoblanadi. Yangi mehmonni yaxshi niyat, duo va ehsonlar bilan kutib olinadi.
Agar bola juda kichik tug‘ilgan bo‘lsa, sal katta boʻlishi kutiladi; agar yaxshi, polvongina bo‘lsa, beshikka belagan ma’qul. Ayrimlar bugun beshikka tosh otishyapti. Bu xato. Beshikning hech qanday illati mavjud emas. Har bir chaqaloqni beshikka belash kerak. Bu uni pampers deb atalgan narsa azobidan qutqaradi, siydigi va najasi tanasiga yopishib yotishidan xalos qiladi, shuningdek, ushbu yaxshi tomonlarini sanash mumkin:


Uchinchi fasl

Ulg‘ayish pog‘onalari

Ikki yoshdan keyin bolaning ulg‘ayishi tezlashadi – tugamaydigan savollar, chaqnab turgan ko‘zlar, o‘yinqaroqlik. Bola o‘z nomi bilan bol! Bol-a?! Ya’ni asal-a degan so‘zga o‘xshaydi bola so‘zi.
Ammo uning tarbiyasiga sinchkovlik, ziyraklik bilan yondashmoq lozim, bolaning bol ekanligi kishini aldab qo‘ymasin. Ya’ni bolaga mehr ko‘rsatish va shafqat qilishda haddan oshib ketish istalmagan oqibatlarga olib keladi. Aniqlikka erishish uchun ayrim muhim deb bilganimiz tavsiyalarni raqamlar bilan sanab havola etsak:
1. Bolaga chuchuk tilda emas, to‘laqonli kattalar tilida gapiriladi.
2. Bolani wunderkind qilib tarbiyalayman deyilmaydi, unga bir qarichligidan o‘qish-yozishni va boshqa narsalarni o‘rgataman deya bolaligini, sho‘xligini o‘g‘irlab qo‘ymangiz.
3. Eng muhim va nozik masala: kattalar, xususan, ota-onalar kelisha olmay qolsalar, masalani bolalarning ko‘zidan chetda, alohida hal qilingiz. Hech qachon go‘dakkinalarning ko‘z o‘ngida shovqin-suron, adabsizlik qilmangiz.