«Mumtoz oila» · 14 / 23
Oʻn uchinchi bob. Oilada ro‘zg‘or buyumlari, kiyinish va ijtimoiy tarmoq
Ro‘zg‘or buyumlari har bir oila uchun zarurat. Ularni bir necha qismlarga bo‘lib o‘rgansak bo‘ladi:
1. Oshxona buyumlari. Bunga qozon, o‘choq, tandir, tog‘ora, chelak, cho‘mich, lagan, tovoq, kosa, piyola, qoshiq, sanchqi, pichoq, mantiqasqon, tova, chovli, elak, supra, o‘qlov-taxta, jo‘va kabi eskidan foydalanilgan narsalarni kiritsak, keyingi vaqtda qo‘llanadigan go‘shtqiymalagich (myasorobka), isitgich (mikrovolnovka), muzlatkich, qorgich (mikser) va elektr bilan ishlaydigan boshqa narsalarni ham qo‘shishimiz lozim. Taomlanish inson hayotining ajralmas qismi ekan, demak, taom tayyorlash uchun kerakli narsalarni shay qilib qo‘yish, ularni ozoda saqlash ham zarurat. Hozir shaharlarda ko‘pchilik ko‘chadan ovqat yeyishga, ko‘chadan ovqat buyurib, chaqirishga o‘rganib ketdi. Lekin bu narsaning unchalik yaxshi emasligini avvalgi boblarda mulohaza qildik. Shu sababli oshxona anjomlarini shay qilib, oshxonani ham havas qilarli shaklga keltirib qo‘yish kerakki, uyimiz bekalari ulardan bahuzur istifoda qilsinlar. Farzandlarimizning onalari, qizlarimiz, opa-singillarimiz, qo‘yingki, oshxonani lazzat makoni, ko‘ngil bayrami uchun bahona biladigan ayollarimiz uchun chiroyli sharoitlar hozirlab beraylik. Ular non, somsa yopadilarmi, manti yoki xonim pishiradilarmi, hasip solib, sho‘rva qaynatadilarmi, go‘sht qovurib, lag‘mon cho‘zadilarmi, chuchvara tugib, do‘lma o‘raydilarmi, mastava-yu ajabsanda, moshxo‘rda-yu moshkichiri, atala-yu holvaytar, g‘ilmindi-yu qatlama, dimlama-yu qozon kabob va, nihoyat, palovxonto‘ra-yu shavla – qaysi birini tayyorlab, zavqlanib, dasturxonga tortishni istasalar, barcha “qurol-yarog‘lar” tayyor tursin-da! Go‘sht-u dumba yog‘lari, sabzi-yu kartoshka, piyoz-u sarimsoq, bulg‘ori-yu garmdori, guruch-u grechka, no‘xot-u loviya, mosh-u jo‘xori, xullas, taom uchun zarur narsalar ham to‘kin tursin. Shakar va novot, oqqant-u parvarda, asal va sariyog‘lar bilan ham ta’minot etaylik. Shunda bekalarning vazifasi oshxona anjomlarini ko‘z qorachig‘idek avaylab, masalliqlarni grammlab, ya’ni misqollab ishlatsinlar, ro‘zg‘or degani mana shunday to‘kin va farovon bo‘lsin!
Nonushta-yu tushlik, alvon-u kechkiliklarni hozirlash oshxonada o‘ziga xos marosimga aylansin, butun oila a’zolarni mazali taomlar bilan siylab, ayollarimiz huzur va halovatga to‘lsinlar, biz ham tilimizdan bol tomib ularni maqtaylik!
Eng asosiy qoidani yana bir takrorlaymiz: har bir narsani ko‘z qorachig‘idek avaylang, bitta bo‘lsa-da, piyola sinmasin! Bir tomchi bo‘lsa-da, yog‘ yerga tomib uvol bo‘lmasin!