«Mumtoz oila» · 8 / 23
Yettinchi bob. Er-xotin
Birinchi fasl
Chimildiq va nozik masalalar
Oson pul topishni istagan va hayo, iffat va uyatni yig‘ishtirib qo‘ygan insonlar uchun bugun er-xotinlarning nozik munosabatlari yaxshi xom-ashyo bo‘lib turibdi. Ko‘zi endi-endi ochilib, hali bunday ishlarni tushunmaydigan yosh yigit-qizlar uchun turli shakllarda bozor ochishmoqda.
Xudo rahmati cheksiz va adolatli zot bo‘lgani uchun insoniyatning deyarli yuz foiz qismini bu masalada sog‘lom yaratgan. Shuningdek, Parvardigor hayo sohibi bo‘lgani sababli bu ishlarni pinhon tutishni buyurgan. Nozik munosabatlarda odamzodning hayvoniylik tabiati g‘olib kelgani bois bu ishlar nikoh bilan qo‘rg‘onlanib, parda ortida saqlanib kelgan. Maqsad – odamzod odamiylik maqomidan hayvoniylik zindoniga qulamasin.
Odamzod yer yuziga faqat jimo uchun emas, balki boshqa oliy maqsadlar uchun kelgan. Jimo e’tibor va diqqatning katta qismi sarflanishi mumkin bo‘lmagan ishlar sirasiga kiradi.
Shahvatga bo‘lgan qullik sababli o‘smir yigit va qizlarda bu ishlar bobida qiziqish yuqoridir. Zotan, ularda hali aql komil shaklga kelmagan. Ular yashirincha bunga oid uyatsiz videolar, rasmlar ko‘rishadi, kitob va maqolalaru o‘qishadi, o‘zaro suhbatlashishadi, sun’iy urug‘ to‘kishadi va shu kabi gunohlarni qilishadi.
Bilish kerakki, bunday ishlar har bir odam uchun juda oson. Shu qadar osonki, bu to‘g‘rida qattiq o‘ylanishga ehtiyoj yo‘q. Demak, qandaydir kitob, maqolalar o‘qib, kimlardandir so‘rab, bir balo videolar ko‘rib yurishga mutlaqo shart emas.
Kelin-kuyov vaqt o‘tishi bilan sekin-asta bir-birini tushunib oladi, ojizlik va shu kabi har xil masalalarda xavotirlar asossizdir. Kim shu haqida ko‘p gapirsa, shahvat qo‘zg‘ovchi dorilari uchun mijoz axtarmoqda hamda bu mavzuda keraksiz vaysovchilar hayosiz, axloqsiz odamlardir.
Chimildiq – eski udumlardan biri. Ilk kechada qanday bo‘lish kerakligi aqlli odamlar tomonidan xotirjam bir shaklda aytilsa, kifoya. G‘usl, poklik va shunga o‘xshash ilmlarning o‘rganilishi yetarli.
Asosiysi, youtube, telegram kabi tarmoqlarda odam to‘plab, shu orqali pul topib bola boqayotgan uyatsiz va hayosini sotganlarning birorta gapiga quloq tutmang, bu borada hech qanday sun’iy vosita ham kerak emas. Qandaydir muammo bordek tuyulsa, bilingki, u tuyulyapti, xolos. Aslida, muammo yo‘q. Hammasi izga tushib ketadi, shoshish, siqilish va tashvishlanishning keragi yo‘q.
Va eng buyuk nasihat: er va xotin hech qachon o‘zaro nozik munosabatlarini hech kimga so‘zlamasin! Boshqalarining ham bu boradagi gaplariga quloq tutmasin!
Bunday mavzularda gapir deb qizdiruvchi iblis va uning odam suratidagi malaylaridir.
Akrom MALIK
Tarbiyada boshi berk ko'chaga kirib borayotganimnizni kattalarimiz idrok etib, muammo sifatida ko'tarmoqdalar.
#mumtoz_oila risolasi ana shunday muammolarga tizimli va asosli yechim berishga mo'ljallangan fundamental qo'llanma bo'lishi kutilmoqda.
Shuningdek, Xarakter loyihasi bu dolzarb masalani amaliy hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ikkinchi fasl
Umumiy qoidalar
Er va xotinning oilada alohida vazifalari, xulqlari bo‘lishi bilan bir qatorda ikkisi uchun ham umumiy bo‘lgan qoidalar mavjud. Bu qoidalarni har bir oilada o‘rganilishi, farzandlarga ustozlar vositasida ta’lim berilishi kerak. Agar bu qoidalarni ikki tarafdan biri bilmasa va amal qilmasa, muammolar tugamaydi.
Eng birinchi qoida shuki, er xotinning, xotin erning mulki emas. Er xotinning quli yoki xotin erning cho‘risi emas. Ikkisi ham Xudoning huzurida o‘z amallari uchun javob beradi. Er o‘z nafsidan kelib chiqib xotinni azoblamasligi, zulm qilmasligi, xorlamasligi qanchalar shart bo‘lsa, xotin ham o‘z aqli va nafsiga tayanib, erga past nazar va bepisandlik bilan qarashi mumkin emas.
Ikkinchdan, oilada er rahbardir. Bu o‘zbek xalqining eski qadriyat va dunyoqarashidagi o‘zgarmas haqiqatdir. Bu haqiqatni er ham, xotin ham birdek idrok etishi va qabul qilishga majbur. Er hamisha so‘nggi qaror unga oidligini, xotin doimo erga hamma jihatdan bo‘ysunishi kerakligini yodda saqlamog‘i lozim.
Uchinchidan, oiladan maqsad – kimningdir hokimiyatini ta’minlash emas, balki oilani boqiy saqlash, inson kabi halovatda pok holda yashashdir. Har qanday jamoada rahbarga so‘zsiz itoat etilgani kabi oilada ham rahbarga so‘zsiz itoat etiladi. Er va xotin har qanday holda ham oilani saqlab qolish uchun kurashadilar. Maqsad – oila doimo mustahkam bo‘lsin.
To‘rtinchidan, har bir oilaning muammosi uning o‘ziga tegishlidir. Hech kim – ota-onalar ham, aka-ukalar ham, ustoz-murabbiylar ham, imom-u sultonlar ham oila muammosining asl sababini bila olmaydilar. Ya’ni er va xotin o‘zaro muammolarini zinhor tashqari chiqarishlari mumkin emas. Ikkisi ham birdek oila sirlarini muhofaza etsinlar, kelishmovchilik va nizolarini olamga yoymasinlar. Chunki tashqari sizgan sir va muammo oilaning – er va xotinning obro‘siga juda salbiy ta’sir etadi, bu zahmatni keyin ketkazib bo‘lmaydi.
Beshinchidan, er-xotin bir-birini avaylashi va tushunishi darkor. Har qanday holda bir-birlarini ozorlashdan cheklanmoqqa urinsinlar. Xoh til bilan, xoh qo‘l bilan – ikki tomon bundan tiyilishni o‘ziga oliy shior etib olsin. “Men xotinimni urmayman! Unga zulm qilmayman!” – “Men erimga zulm qilmayman! Uni ehtiyot qilaman!”
Oltinchidan, er ham, xotin ham hayotga tarallabedod qilishga kelmaganliklarini, hayot qiyinchilik va rohatdan iborat ekanligini anglashi kerak. Er va xotin bir-biriga sabr qilishi shart. Xatolarini kechirishlari go‘zal. “Bu – mening erim!” – “Bu – mening xotinim!” – yetarli, bir-birining qusurlariga chiroyli sabr qilmoq va kechirmoq uchun kifoya.
Yettinchidan, oilaning o‘z ichki qonunlari bo‘lishi va unga ikki tomon ham rioya etishi talab etiladi.
Er-xotin bir-biriga ishonsin. Bir-birining sha’ni va obro‘sini saqlasin. Tashqaridan oila ishiga aralashganlarning to‘qson to‘qqiz foizi oilani buzuvchilar hisoblanadi. Agar er xotinni yomonlasa, xotin erni yomonlasa, ularning gaplari rost yoki yolg‘on ekanligi farqsiz – dunyoga yoyiladi, hatto imom bir kishi shunday dedi deya jumada jamoatga aytib beradi.
Uchinchi fasl
Erning axloqi
Kitobning ilk sahifalaridan boshlab oila rahbari erkak, er kishi deya qayta-qayta ta’kidlab kelmoqdamiz. Ayollarni abadiy mazluma ko‘radigan toifalar bu takarrurdan ranjiyotgan bo‘lishlari ehtimol. Chunki targ‘ibot va tashviqot, ayniqsa, yoshlar ongidan ayol erkakning itoatida bo‘lishi lozim degan fikrni siqib chiqardi. Endi o‘zbek qizlari ham agressiv ravishda ayollarning erkiga hech kim xo‘jayin emas, ayollarning haqqini cheklayapsizlar deya ayyuhannos sola boshladilar. Ayollarni tarbiyaga chaqirish, ularga odob-axloqdan gapirish qiyin bo‘lib qoldi. Ayollar o‘zlarining foydalari qayerda-yu, zararlari qayda ekanligini bila olmaydigan holga tushdilar. Ularning onglarida er xotinning xizmatkori, er xotinning barcha istaklarini bajaruvchi jin degan tasavvur shakllandi. Er tun-u kun xotinni rozi qilish uchun yelib-yuguradi, xotin xonim esa bundan faqat bahramand bo‘ladilar, vaqti-vaqti bilan janjal chiqarib, erni sudga berib bir necha sutkaga qamatib yuborishlari ham joiz. Ijtimoiy tarmoqda kecha-kunduz zulm ko‘rgan xotinlar haqida har xil xabarlar chiqadi; indama, sukut qilma deya kimlardir birdamlik e’lon qiladi; har bir minbar va tokchadan ayollarning “muqaddasligi” va “bedaxlligi” haqida tinimsiz va’zlar yangraydi. Ayolning vazifasi, mas’uliyati haqida hech bir gap aytilmagani holda erning vazifasi va mas’uliyati haqida qaytqa-qayta uqtiriladi. Holbuki, masala o‘ta nozikdir. Er va xotin muammolarini faqat qozilik va hukm qilichi bilan qanday hal qilish mumkin?! Buning imkoni yo‘q, bu shakldagi yondashuv er va xotinni o‘zaro uzoqlashtirishga yetaklaydi; erga chiday olmaydigan, ersiz mustaqil yashaydigan, erga shart qo‘yadigan xotinlar toifasi ko‘payib, oilasiz ayollar adadi – sanog‘i kundan-kun oshyapti. Deyarli har bir ishxonada ana shunday ayollar uchraydi; turmush qurmay yoshini qirqdan o‘tkazganlarga hech kim ajablanmaydigan “bag‘rikenglik” zamoni ham tajalliy aylamoqda.
Erfaqat moddiy-jismoniy juft emas degan haqiqat xayollarni tark etdi, er ayolning ruhiy-ma’naviy hayotida, aqliy-hissiy muvozanatida qanday muhim o‘rin tutishi unutildi. Erning bor ekanligining oʻzi xotin zoti uchun qanday ham ulkan qalqon ekanligiga koʻz yumildi, ersiz ayol ruhan gʻarib va bechora ahvolga tushishi hech kimga qiziq boʻlmay qoldi. Shu sababdan ham er nimaga kerak deb hayqiruvchilar paydo bo‘ldilar. Holbuki, er, eng avvalo, ayol ruhining hamdami; xotin oddiy buyum emas, er uchun ruhiy-hissiy muvozanat beruvchi yoʻldosh-ku! Er va xotin nikoh ila sakiynat va xotirjamlik topishi nima uchun zikr qilinmaydi? Nima uchun er va xotin nikohdan soʻng birdan halovat tuyishi esga kelmaydi?!
Ayollarning ongidan erga itoat qilish kerak degan tushuncha butkul chiqarib yuborilgach, yigitlarga ham sen oila boshlig‘isan deb singdirilmagach, oilani eplay olmaydigan xotin tabiatli erkaklar sinfi shakllandi. Ularning asosiy xususiyatlari shuki, ishlamay, xotinning qo‘liga qaraydi; topganini xotin qo‘liga topshiradi; xotinning shallaqiligidan bezib, hammasiga qo‘l siltab qo‘ygan; xotinning shantajidan, huquq idoralariga shikoyat qilishidan cho‘chib yashaydi; xotindan ajralay desa, xotin taraf lashkar bo‘lib kelib, er tarafga jismoniy hujum qilishgacha yetishi va bu jihatdan o‘zini aybsiz tutishi hodisalari ham ko‘p uchrayapti; ustiga-ustak, mahkamalarning aksari ayollar hisobiga hukm beradi; ayollar darrov bolalaridan qurol sifatida foydalanib, ularni ijtimoiy tarmoqqa chiqaradilar; qonunda aliment miqdori ikki baravar oshirilgani erkakka ikki karra yuk bo‘lib, uning hayoti va ruhiyatiga qanday ta’sri etishi hech kimni qiziqtirmaydi; xotin desa bezillab qolganlar, xotinlar janjalidan yurak kasaliga uchraganlar juda ham ko‘p. Yana shu holda jamiki oilashunoslar faqat ayollarni ehtiyot qilish haqida va’z o‘qishadi, ayollarni sabr va matonatga da’vat etilmaydi; erkakdan ham erkak bo‘lish talab qilinmaydi, askincha, xotinning yo‘rig‘iga yurishi, uning ko‘ngliga qarashi lozimligi zo‘r berib uqtiriladi.
#mumtoz_oila YETTINCHI BOB ER-XOTIN Uchinchi fasl Erning axloqi Kitobning ilk sahifalaridan boshlab oila rahbari erkak, er kishi deya qayta-qayta ta’kidlab kelmoqdamiz. Ayollarni abadiy mazluma ko‘radigan toifalar bu takarrurdan ranjiyotgan bo‘lishlari…
Uchinchi fasl
Erning axloqi
Erkak uchun eng birinchi masala – nima uchun yashayotganini hal qilib olishdan iborat. Agar bu masala ishonchli va qat’iy hal qilinmasa, har qanday tamoyil va axloqiy qoida ish bermaydi. Erkak musulmon sifatida yashashni o‘ziga tanlab olgan bo‘lsa, demak, Islom ko‘rsatmalariga muvofiq borar manzili haqida qat’iy to‘xtam sohibi bo‘lishi talab etiladi, tabiiy. Erkak odam quyidagi savollarning javobini uzog‘i yigitlik davridayoq – uylangunicha hal qilib bo‘lishi shart.
“Nima uchun yashayapman? Hayotdagi bosh vazifam nimadan iborat?”
“Qanday shaklda yashasam, to‘g‘ri bo‘ladi?” – bu o‘rinda sevimli kasb tanlash, sevimli hunar egallash va yana qandaydir his-tuyg‘ular, maishiy armon va orzular bachkanalikdan boshqa narsa emasligini erkak odam jiddiy bilishi lozim. Odam bolasi o‘zi istaganidek, barcha moddiy maqsadlarga erishmasligini anglab yetish oqilning ishi.
“O‘limdan keyin ahvolim nima kechadi?”
Modomiki, inson o‘lganidan so‘ng ruhlar olamiga o‘tishi, darhol bu dunyo hayotiga mos ravishda azob yoki rohatga yo‘liqishini bilsa, butun olamning ishi bitirilib, qiyomat qoyim bo‘lgach, amallar hisob-kitobi shaksiz aniq ekanligini anglasa, hayot rejasini shunga moslash tuzuk odamning ishidir.
Bu masala qat’iy ravishda hal etilgach, erkakning oiladagi ikkinchi xulqi – rashk va egalik ishonchidir: “Oila meniki. Xotin meniki. Bolalar meniki. Men ular uchun ikki dunyoda ham javobgar va mas’ulman. Oilamdagi har bir hodisa mening zimmamdadir – yaxshiligi ham, yomonligi ham menga oid”.
Xotin Xudoning erga bergan omonati, bu omonatga er egalik qiladi – uni qo‘ldan chiqarib qo‘ymaslikka urinadi. Bu eng birinchi galda xotinga taloq lafzini ishlatmaslikdir. Uylangach, taloq lafzini lug‘atdan, ajrashish mumkin degan o‘yni aqldan chiqariladi. Xotin meniki va uni hech kimga bermayman degan fikr qalbga, nafsga, aqlga qat’iyan o‘rnashadi. Bu fikr orqali xotinga taloq aytish vasvasasi butkul ketadi. Taloq aytilmasa, oila har qanday zilzilaga dosh beradi. Ahmoq xotinlar talog‘imni ber deb baqirishlari mumkin, ularning ahmoqliklariga ergashmaslik, ularning bu ahmoqona talablarini bajarmaslik lozim.
Unutmaslik shartki, xotinni oldingmi, u seniki; u o‘z otasining uyida qanday tarbiya olgani haqida unut; hech qachon senga tayyor yetuk xotin kelmaydi; sen uni yillar davomida avaylab axloq va aql; farosat va matonat bobida kamolga yetkazasan.
Xotinni ayblama. U senga mute bo‘lishi uchun ham shunday zaifa yaratilgan. Agar uning xatolari ko‘p bo‘lmasa, senga nima uchun itoat qilishi kerak? Noqislar komillarga noqisligi uchun muhtojdirlar.
Erkak odam sovuqqon va vazmin bo‘ladi. Dakki berish va jazolash ishlarida aslo shoshilmaydi. Xotinning ayrim ayblariga ko‘z yumiladi. Aytilmaydi. Xotini bilan juda xushchaqchaq bo‘lib ketgan vaqtlarida ham sovuqqonlik va aqlni boy bermaslik yaxshi – shunda ortiqcha gap tildan chiqmaydi.
Erkak odam sir saqlashga majbur. Ota-onaning ham, aka-ukalarining ham, qarindoshlarining ham, xotinning ham sirini saqlashi shart. O‘z ota-onasidan, aka-ukasidan, opa-singlisidan nolib, shikoyat qilish oqibatda juda katta yo‘qotishga olib boradi: shu ondan boshlab xotin erini o‘zi bilmagan holda pisand qilmaslikni boshlaydi.
Erkak uzoqni o‘ylaydi – har bir so‘z, qaror va ishning oqibatini teran tahlil etadi: “Hozir shu gapdan keyin qanday javob (reaksiya) bo‘ladi? Bu qarorni bergach, uni amalga oshirish mumkinmi? Bu ishning oqibatida qanday natija kelib chiqadi?”
Shu ma’noda xotin talab qiladigan narsalar, so‘raydigan ishlarga aniq va qat’iy javob bermasligi, talablarning hammasini bajarmasligi, o‘ylab ko‘ramiz deyish bilan cheklanishi maqsadga muvofiq.
Erkak xotinning istaklariga ko‘ra vaqtni shakllantirmaydi, balki o‘z sharoit va imkoniyatidan kelib chiqib, axloq va insofga tayanib vaqtni tartiblaydi: xotin qancha vaqtda onasining uyiga boradi; qancha vaqtda yangi kiyim kiyadi; qancha vaqtda unga gul yoki shirinlik hadya qilinadi; qancha vaqtda dam olgani bog‘-rog‘larga boriladi – shu kabilarning barchasini er nazorat qiladi.
To‘rtinchi fasl
Xotinning axloqi
Hozir ayrim "dono"lar xotinlar ko'pincha erlarining zulmiga uchraydilar, ey ayollar, zulmga chidamangizlar deb og'iz ko'pirtirmoqdalar.
Ularning ichida aksari o'zini muslima deb biladigan va hatto muslimalar yo'lboshchisi deb o'zini tasavvur qiladiganlari ham talaygina.
Holbuki, er va xotin orasida xatoliklar sababli ikki tomondan biri qaysidir ma'noda katta yoki kichik zulmlarga yo'l qo'yishi tabiiy va ular er-xotin bo'lganliklari uchun bir-birlarini zulmda ayblamasalar, bir-birlarini tushunib, kechirsalar, ana shu ish isloh va yaxshilik bo'lur edi. Har xotin erim zulm qildi deya "tiq" etgan sal narsa uchun dod solaversa, hayot bo'ladimi? Shu sababli peshvo xotinlar bu masalada uzoqni o'ylab, xolislik bilan gapirishsa, maqsadga muvofiq bo'lur edi. Er-xotin — qo'sh ho'kiz. Ikki yorti — bir butun. Ot tepkisini ot ko'taradi. Er-xotin urishi — doka ro'mol qurishi. Shartmi zulm va hokazo deya arzimagan ishlar uchun yoqa yirtmoq?
Xotinning qanday sifat va axloqqa egaligi u tug‘ilgan xonadonga bog‘liq. Yaxshi zotlarning zurriyodi bo‘lgan qiz to‘g‘ri tarbiya olishga hamisha tayyor. Uning ich-ichidan keladigan samimiyat, oqilalik va Xudodan qo‘rqish kabi sifatlari bo‘ladiki, gohida xatolar sodir qilsa ham, ana shu sifatlari sababli go‘zal tarbiya va xulqni egallab boradi. Bunday xotinni tarbiyalash va adab berish imkoni bor. U har qancha isyon qilsa ham, toʻgʻri tarbiya bilan toʻgʻri yoʻlga qayta oladi.
Erkak oqila va itoatli xotin bilan yashayveradi. Shuningdek, ruhan kuchli, aqlan yetuk bo‘lsa, ahmoq va isyonkor xotin bilan ham yashayveradi: oqila va itoatli xotinni yaxshi ko‘radi; ahmoq va isyonkorga toqat qiladi. Toqat qilishiga ikki sabab bo‘ladi; farzandlar va ularni yetim qilmaslik – bu eng muhim sabab; boshqalarni bu xotinning zarar-zaxmatidan himoyalash, chunki bu erdan chiqqan xotin, albatta, borgan joyini navbatdagi jahannamga aylantiradi.
Ayol rosmana baxtli yashayman desa, o‘zidagi illatlarni yengib, o‘rniga xislatlarni shakllantira olsa, kifoya.
Xotinlar dunyoparast bo‘ladilar: kiyimlarga, taomlarga, zeb-u ziynatlarga, hashamatga o‘ch bo‘lishadi, boshqalarning chiroyli va qimmat hayoti ularni hamisha g‘ulg‘ulaga soladi – nega u shunday kiyinadi, men emas? Nega ular chet ellarga sayohat qilishadi, men emas? Nega u mashhur, men emas? – xotin zoti ana shu dunyoparastlikdan g‘olib chiqsa, har xil hoy-u havaslarini jilovlay olsa, u yaxshi va oqila xotindir; jilovlay olmasa, kaltafahmdir.
Xotinlar isyonkor, gapga quloq solmaydigandirlar: erning bir gapiga ikkita gap bilan javob berishadi; har qancha yumshoqlik bilan aybi aytilsa ham, og‘ir olishadi; sukut qilish va tan olish ularga yot; mabodo xotin zoti eriga xo‘p bo‘ladi deya olsa, xatoyimni ko‘rdim, tuzataman deya olsa va shunga intilsa, u oqila va yaxshi xotindir, aks holda, ko‘ngilni bezituvchidir.
Xotinlar haqiqatga toqatsiz, yolg‘onni sevuvchi, o‘zi ham yolg‘on gapiruvchi, ishining oxirini o‘ylashdan ojizdirlar: hech qachon haq so‘z qarshisida jim bo‘la olishmaydi; albatta, unday emas deyishadi; yolg‘on gaplardan iborat yaxshi so‘zlar talab etishadi; xayoliga kelgan ishni darhol qilishadi. Agar haqni tan olsa, yolg‘onni rad qilsa, bu ishimning oxiri nima bo‘ladi deb o‘ylay olsa, bunday xotin oltindir. Agar bunday bo‘lmasa, toqat qilib yashaladigan xotindir.
Xotinlar sabrsiz va matonatsizdir: sal qiyinchilik kelsa, dod, hayotim zulmat deb diydiyo qilishadi; erning qo‘li sal kaltalik qilsa, birimiz ikki bo‘lmayapti deb noliydilar; qo‘lidagi rizq va ne’matni ko‘rmay ertaga nima bo‘ladi deb vahimaga tushishadi, xuddi ochdan o‘lib, yalang‘och qoladigandek yig‘ib-bosib, qora kunga tayyorgarlik ko‘rishadi – qaysi xotin Xudoning rizqiga ishonsa, erining topganiga qanoat qilsa, boriga shukur, yo‘g‘iga sabr etsa, bu xotin a’lo xotindir.