«Mumtoz oila» · 6 / 23

Beshinchi bob. Jigarlar

3 daqiqa o‘qish

Jigar deb aka-uka, opa-singillarga aytiladi. Jigarning vazifasi qonni tozalab berishdan iborat, jigar ishlamay qolsa, jism zahar bilan to‘ladi. Jigar bu forscha so‘z, o‘zbekchada bag‘ir deyiladi. Bag‘irga bosish bu yaqinlik belgisi. Qozoqlar jigarlarini bovurim deydi, aynan bag‘ir so‘zining qozoqcha talaffuzi.
Jigar inson jismining eng aziz va muhim a’zolaridan. Aytadilarki, jigar o‘zini tiklash sifatiga ega, lekin jigar xastalansa, juda ham og‘riq qattiq bo‘ladi, Xudo saqlasin. Odam uchun aka-uka, opa-singil ham jigar kabidir. Inson hayoti zahardan toza bo‘lishini istasa, jigarlari haqida qayg‘urishi lozim.
Muhabbat ikki tomonlama bo‘lsa, shirindir. Bir tomonning sevgisi va bir tomonning jafosi faqat azob keltiradi. Aka uka uchun g‘am cheksa, uka ham akasiga qayg‘urishi kerak. Opa singil uchun yaxshilik istar ekan, singil ham opa uchun ezgulik tilamog‘i lozim. Jigarlar o‘zaro ahil va ittifoq bo‘lsalar, o‘sha oila eng baxtli oiladir, jigarlar bir-biriga dushman bo‘lsa, o‘sha oila badbaxt oiladir.
Jigarlar bir-birini qo‘llab-quvvatlasalar, olamda ular uchun qayg‘u qolmaydi. Do‘st ham, qadrdon ham aka-ukang va opa-singlingdan bo‘lsa, eng katta saodat shu. Jigarlarning o‘zaro mehr-u muhabbatlari qanday namoyon bo‘ladi? Jigarlar bir-birlariga sirdosh bo‘ladilar va sirlarini sotmaydilar; bir-birlarining yutuqlari uchun hasad qilmaydilar; bir-birlari uchun qilgan yaxshiliklarini minnat etmaydilar; bir-birlarining xato va kamchiliklarini do‘stona va chin dildan ichlari kuyib aytadilar vas shu tariqa axloqlarini tuzatadilar; jigarlar bir-birini hech qachon yolg‘iz tashlamaydilar – har qanday fursatda ham butun ish va foydasidan voz kechib mushkul va mashaqqatlarda birdam bo‘ladilar. Jigarlar orasida qarz degan so‘z bo‘lmasa, yaxshiroq. Insonga pul yoki yordam kerak bo‘lsa, jigarlaridan boshqaga sarg‘aymasa, yaxshiroq. Aka-ukasi bor odam boshqadan ko‘mak so‘rashi uning aka-ukasi uchun sharmandalik hisoblansa, yaxshiroq. Opa-singlisi bor ayol boshqa ayollar bilan qadrdon va sirdosh bo‘lmasa, yaxshiroq.
Hayotda bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q aka-ukalarni ko‘rdik. Bir-biriga nafrat sochadigan opa-singillarni ko‘rdik. Bir-biridan uzilishib ketgan jigarlarni ko‘rdik. Bir dasturxon atrofida kulishib, chin dildan suhbat qila olmaydigan, ikki so‘zdan keyin yoqalashib, janjallashib ketadigan “jigarlarni” ko‘rdik. Bir-birining mag‘lubiyati va halokatini poylaydigan “jigarlarni” ko‘rdik. O‘z jigarini qo‘yib, boshqani aziz va muhtaram tutgan “jigarlarni” ko‘rdik. Jigarini faqat puli va dunyosi uchun qadrlagan “jigarlarni” ko‘rdik. Xotinlarining fitnasiga uchib, o‘z jigarlarini unutgan va ular bilan begona bo‘lgan “jigarlarni” ko‘rdik.
Hayotning bu tuzoqlari tushmaslik uchun har bir odam o‘z dunyoqarashini aniq bir nuqtaga keltirib olishi talab etiladi. Akam kim? Ukam kim? Amakim kim? Tog‘am kim? Jiyanim kim? Opam kim? Singlim kim? Ammam kim? Xolam kim? Bo‘lalarim kim?..
Shunda bu jigarlar men uchun eng yaqin, ang qadrdon insonlar deb xulosa qilgach, shunga yarasha ish bo‘ladi.
Akam – suyanchim, soyam. Ukam – ishonganim, sodig‘im, yordamchim. Amakim – otam o‘rniga otam. Tog‘am – otam o‘rniga otam. Jiyanlarim – bolamdek. Opam va singlim – mening zimmamdagi sharafim, ularga har qancha yaxshilik qilsam, arziydi. Ammam va xolam – onamdek… Bo‘lalarim – tengdoshlarim, hamkorlarim…
Jigarlar bir-birini aldamasin. Jigarlar bir-biriga hasad qilmasin. Jigarlar bir-biriga og‘ir so‘zlarni aytmasin. Jigarlar bir-birini yolg‘iz tashlamasin. Jigarlar bir-birini ehtiyotlasin. Jigarlar o‘z yukini o‘zi ko‘tarib, jigariga o‘ligini tashlamasin. Jigarlar bir-biriga hamisha yordamga shay tursin. Jigarlar bir-birlarini kechirsinlar! Bir-birlari uchun quvonib, tashvish cheksinlar! Eng yaxshi yordamni bir-birlariga qilsinlar! Bir-birlarining qalblariga nazar solib, tushunmoqqa urinsinlar!


Jigarlar bir-birining axloqiga, e’tiqodiga, moddiyatiga mas’ul bo‘lsinlar. Zotan, ilohiy kalomda aytiladiki, Kalimulloh alayhissalom: “Jigarimni menga vazir – yordamchi qilib ber!” – deb so‘ragan. Ikki olam Sarvari sollallohu alayhi va sallam yasriblik yordamchilarining haqqiga: “Qarindoshlaringizni Xudo sizlarga yordamchi, hamkor qilsin!” – deya duo qilgan edi.

Akrom MALIK