«Mumtoz oila» · 17 / 23
Oʻn oltinchi bob. Ajrashish
Bu bobda qalam surish oson kechmadi. Chunki masala juda nozik. Risolani yozishdan maqsadimiz ajrashishlarning oldini olish va oila mustahkamligiga erishishdir. Shu sababli ajrashish mavzusida soʻz ochish juda mas’uliyatli boʻldi.
Hayot shunday shafqatsizki, biz oilalarni har qancha ahil va inoq boʻlsin desak-da, ajrashishlar sodir boʻlmoqda. Demak, ajrashish sabablari va oqibatlari haqida muayyan ilm hosil qilmogʻimiz kerak. Toki ajrashishga zamin hozirlamaslik uchun.
Dastavval qaysi sabablar zuhur qilsa, ajrashish haqida oʻylash mumkinligini tahlil etsak. Agar ayol eriga muttasil dushmanlik kayfiyatida yursa, uning mol-mulkiga ziyon-zaxmat yetkazaversa, sabr qilishning imkoni qolmasa, muayyan choralar koʻriladi.
Koʻpni koʻrganlar, el boshida yurganlar hozir hech bir oila ovqat yoʻqligi, qashshoqlikdan ajrashmayapti, aksincha, toʻqlikka chiday olmay ajrashmoqdalar deyishmoqda.
Albatta, ajrashish amaliyotini butkul taqiqlash mumkin emas, shuningdek, ajrashish targʻiboti, ya’ni muammoning yechimi er-xotin orasidagi nikoh tugunini yechib yuborishdadir degan tashviqot ham aql va mantiqqa, asosiysi, maqsadga ziddir.
Qolaversa, er va xotinlar orasida muammo paydo boʻlsa, u qanday shaklda boʻlishidan qat’iy nazar, unga jismoniy-moliyaviy choralar bilan barham berish ham toʻgʻri koʻrinmaydi. Mazluma ayollar haqlarini himoya qilamiz deya koʻr-koʻrona qonun va qoidalar ishlab chiqib, uni jadallik bilan jamiyatga tatbiq qilish koʻzlangan natijani bermaydi. Aslida, qanday natijani koʻzlayotganimizni ham bilib olishimizga zarurat bor.