«Mumtoz oila» · 11 / 23

O‘ninchi bob. Oila iqtisodi

2 daqiqa o‘qish

Har bir oila o‘z moliyasini o‘zi hal qilishi kerak. Bu olamda halol mehnat orqali rizq topishdek halovat yo‘q.
Rizq bilan bog‘liq ikki masalani hal qilib olishga zarurat bor: 1) rizq Xudodan bo‘lib, hech qanday sabablarsiz ham U bandalar rizqini yetkazishga qodir Zotdir. Lekin olam sababiyat ustida turgani uchun inson rizq sabablarini ushlashi Haq taoloning olamga o‘rnatgan qoidalariga itoat va ehtirom ko‘rsatmog‘i hisoblanadi. Kishi rizq uning uchun belgilab qo‘yilganligini chuqur his qilgan holda sabablariga yuzlanadi. Agar rizqi keng bo‘lsa, oz sababiyat bilan katta natijalar bo‘ladi. Agar rizq tor bo‘lsa, kecha-kunduz yugurib-yelgani bilan kishi hech narsani qo‘lga kiritmaydi.
Hech qachon birovdan tekin non tama qilmangiz. Bu juda ham uyatli holdir. Hech qachon o‘zganing haqqini harom yo‘l bilan olmangiz.
Rizq haqidagi bu e’tiqod insonga shu narsani o‘rgatadiki, eng avvalo, rizq g‘ami bilan bag‘ringni qon qilma. Rizqing senga har qayerdan yetib kelishiga ishon va shubhalanma. Ikkinchidan, rizq topaman deb o‘zingni o‘tga, choʻg‘ga, Alining tig‘iga urma. Imkoning doirasida harakat qil. Eskilardan qolgan naqllarga ko‘ra, kuningdan, oshib ketsa, sakkiz soatini rizq topish uchun mehnatga sarfla. Qolganini esa oilangga, ilmga, ibodatga ajrat.
Kunning eng barakali qismi bu – tong. Quyosh chiqishidan bir soat avval ibodatga tayyorlan, keyin ibodat qil, so‘ng tilovat va zikr bilan mashg‘ul bo‘l, eng asosiy ishlarni shu soatlarda bitir. Kuch-quvvat yetarli bo‘ladi. Agar imkon bo‘lsa, soat 10:00dan 11:00gacha uxlab olish lozim. So‘ng yana kerakli ishlar bilan mashg‘ul bo‘linadi.
Har kuni bir vaqtda belgilangan soatlarda uxlash va belgilangan soatlarda ishlash maqsadga muvofiq. Qo‘limizda dajjolning ko‘zi deya sifatlangan gaptashir bor. Ana shu narsani tiyib olsak, olam guliston. Bu yaramasni har kuni soat 08.00dan kechki soat 20.00gacha ishlatib, so‘ng undan uzilsak, qaniydi! Ko‘proq to‘rni (internet) nazarda tutmoqdamiz.
Sakkiz soat. Tamom. Bir soat ham qo‘shmaslik kerak. Bir daqiqa ham. Lekin shu sakkiz soatda chin dildan ishlash lozim. Shunda hammasi joyida bo‘ladi, nasib.
Shunday qilib, ish soatlari va rizq haqida bilib oldik. Endi oila moliyasini oqilona hal qilishning ikkinchi asosi maslahatga bog‘liq. Bu oila a’zolarining hamyoni bitta bo‘lishi degani. Modomiki, oilada bitta qozon qaynar ekan, hamyon bitta bo‘lsin. Hamma topgan pulini otaga topshirishi kerak.