«Mumtoz oila» · 16 / 23
Oʻn beshinchi bob. Oilada ibodat
Ibodat inson ruhining quvvati manbaidir. Ibodatsiz insonning ruhi zaifdir. Ibodat Egasi huzurida bandaning bosh egishi, o‘zini xatarsiz va xotirjam his qiladigan lahzasidir.
Har qanday inson ibodatga muhtoj. Ibodat uchun namuna ko‘chadan emas, oiladan olinsa; ibodat begonadan emas, otadan o‘rganilsa, bu eng to‘g‘ri ish bo‘lur edi.
Ibodat bu, eng avvalo, shaxsiy masala. U bilan birovga minnat qilinmaydi, maqtanilmaydi, ibodat qilyapman deb boshqalardan o‘zini inson ustun tutmaydi, ibodati uchun hech kimdan hech qanday imtiyoz kutmaydi. Bu ishlarning barchasi ibodatning mohiyatiga ziddir. Kim ibodati uchun o‘zini boshqalardan ajratsa, boshqalarga berilmagan alohida maqomni kutsa, ibodatni faxr vositasiga aylantirsa, uning holati har qanday holda ham xatarli tus oladi.
O‘zbek jamiyati ibodat bobida ilmsizlik va chorasizlik changalida qolgan. Xolis ibodat qilguvchilar insonlarning eng yaxshilari bo‘lgani holda ulardan qo‘rqish, ularni mardud, qoloq va xavfli toifa deb bilish kayfiyati shakllangan. Buning bosh sababi – ibodat bobida odamlarning juda katta qismi poydevoriy tamal ilmlarga ega emasligidir. Ya’ni insonlar ibodat nima va nega kerak degan savolning javobidan xabarlari yo‘q. Natijada, kishilar ibodat ishiga ko‘pincha ko‘r-ko‘rona yondashadilar va ibodat qilayotganlarning tirikchilik va xulq bilan bog‘liq ishlari bir-birga qarama-qarshi bo‘lib qoladi. Masalan, ibodatli odam pul topaman deya yolg‘on gapirishi, qo‘pol va dilozor bo‘lishi, kibrli va hamma narsani inkor etguvchi bo‘lishi ham kuzatiladiki, oqibatda, ibodatga bo‘lgan munosabat yanada murakkablashadi.
Inson jismi tuproqdan yaratilgan bo‘lsa-da, uning tirik bo‘lishi uchun tanasining 70 foizi suvdan iboratdir. Suv boshqarilishi qiyin bo‘lgan bir moddadir, shu sababli bo‘lsa kerak, inson axloqi va ishlarini bir xil sifatda ushlab turish mashaqqatlidir. Odam har kuni va har doim ham to‘g‘ri ishlarni qila olmaydi; har doim ham kayfiyati yaxshi va kurashchan yura olmaydi; har doim ham muloyim va odobli bo‘la olmaydi – u tez-tez harakatlarida izdan chiqib, holati o‘zgarishlarga yuz tutib qolishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun u ibodat qilsa, Xudoga bog‘lanib, o‘ziga fayz va quvvat hosil etadi hamda xatolarini idrok etadi, hayotga shavqi oshadi, ko‘plab yomonliklardan tiyilishga hech yo‘qsa, urinadi, unday bo‘lmasa ham, yomonliklari uchun nadomat qiladi. Bundan kelib chiqadiki, odamlarning ibodatlariga to‘sqinlik qilish, ularning ibodatlari uchun sharoit hozirlamaslik jamiyatning umumiy ruhiy xotirjamligi va baxtiyorligiga putur yetkazadi; jamiyatda ruhiy taranglik va o‘zaro kelishmovchiliklarni kuchaytiradi.