«Mumtoz oila» · 20 / 23

Oʻn toʻqqizinchi bob. Oilada oʻlim va motam

3 daqiqa o‘qish

O‘lim har kimning peshonasida bor. Ko‘z yumib ochguncha umrning so‘nggi qoshimizga keladi. Pishgan mevalar qanday to‘kilsa, biz ham shunday to‘kilamiz. Huzurlar og‘riqqa, lazzatlar azobga aylanishi bor haqiqatdir. Kimdir bu hayotdan ko‘proq lazzat olib qolishga urinadi, kimdir ko‘proq bahramand bo‘lay deydi. Har qanday boylik va martaba, izzat va hurmat, kuch va qudrat o‘lim bilan yuzlashadi. Tetik yurgan qadlar kamon bo‘ladi, tiniq turgan yuzlar somon bo‘ladi. Charaqlagan ko‘zlarni tuman bosadi, ko‘ngilni entiktirgan qomatlar qovjiraydi.
Musulmon odam o‘lim bilan hammasi tugamasligini biladi, aksincha, o‘limdan so‘ng hammasi boshlanadi.

Musulmon odam ruh atalgan xilqat tanani tark etgach, ko‘zga ko‘rinmaydigan abadiy makonda hayotning davom etmog‘iga ishonadi.
Musulmon odam o‘likning jismini ham, ruhini ehtirom qiladi. Shundan kelib chiqib, oilada motam va ta'ziya ishlari tashkillashtiriladi.
Odamning o‘lishi ma'lum bo‘lsa, og‘ziga suv tomiziladi. Yaqinlar unga qarab o‘tirgan holda iymon kalimalarini aytadilar. Jon berishi aniq odam boshida Yosin surasi o‘qiladi.

Odam jon bergach, ko‘zlari yumiladi, oyoqlar juft qilib ixcham qilib bog‘lanadi, iyagi yumshoq mato – ro‘molcha boshi bilan qo‘shib tang‘ib qo‘yiladi, so‘ng xabar beriladi. O‘tgan odam haqida xabar berilganda o‘ldi deb emas, olamdan o‘tdi, qaytish qilibdi, bandalik qilibdi, bandalikni bajo keltiribdi kabi jumlalar ishlatiladi.

Yo‘qotishga uchragan oila darhol qarindoshlar va do‘stlar yordami bilan o‘rab olinishi kerak. Yuvg‘ich, janoza o‘qiydigan inson hamda go‘rkov masalasi tezda hal qilinadi.

Oilada kimdir o‘lgach, albatta, boshqa insonlarning qalblariga huzun va g‘amning kelishi tabiiydir. Yaqinini yo‘qotgan insonning hech bir tuki o‘zgarmay turishi mumkin emas. Albatta, musibatning Xudodan ekanligini qabul qilish iymonning talabidir. Boshqacha bo‘lishi e'tiqodga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Lekin yaqin bir insoning tuproqqa kirarkan, ayriliq sababli ichingdan nimadir chirt etib uziladi, o‘zingni muallaqa bir holda sezasan. Bir tomondan ajralish iztirobi, bir tomondan o‘sha o‘limga sen ham o‘ziga ekaningni his qilish odamni ma'yus qiladi. O‘lim nafasini yuzlaring sezadi va birdan sukutga tushasan.

Musulmon odam o‘z dardini olamga doston qilmaydi, lekin ich-ichidan nima o‘tishini o‘zi yaxshi biladi. Xonadonda shunga yarasha bir muhit yuzaga keladi: o‘lik chiqqan xonadonda hamma pichirlab gaplashadi; hech kim ovoz bilan kulish u yoqda tursin, tabassum qilmagani yaxshi; televizor yoqilmaydi, internetga kirilmaydi, marhumning hurmati qilgan holda sukut saqlanadi, marhumning haqqiga tahlil, tasbih, istig‘for kabi zikrlarni aytilib, savobini bag‘ishlanadi.

Ta'ziya so‘zi aziyatdan kelib chiqqan. Motamsaro xonadonga kelgan ta'ziya bildiradilar: o‘tgan odam haqida yaxshi gaplar aytiladi, go‘zal xalqlari zikr qilinadi, Xudo sabr bersin, hammamizning boshimizga tushadigan ish, o‘tganlarni Alloh rahmatiga olsin deyiladi.

Azaxonada dunyo so‘zi aytilmaydi, zaruratdan ortiq gapirilmaydi, qo‘ni-qo‘shnilar ham bu qoidaga qat'iy amal qiladilar.
Bir safar bir yomon voqeaga guvoh bo‘lgan edik: kecha bir inson bir uyda olamdan o‘tgani holda qo‘shnisi bugun dang‘illama to‘y qildi, bir tomonda hamma ta'ziyaga kelar edi, ammo bu tomonda mashshoqlar vang‘illatib soz chalar, otarchilar baqirib ashula aytar edi. Huzun egalariga qilingan bunday adabsizlikni qanday so‘z bilan ta'riflashni hamon bilmayman.

Aza kayfiyati uch kun saqlanadi. Shu kunlarda, xalqimizning urfiga ko‘ra, o‘lik chiqqan uyda ovqat ham qilinmaydi. Qo‘shnilar ovqat olib chiqishadi. Olov yoqib, ovqat pishirish ayriliqdagi inson diliga sig‘maydi.

Uch kun davomida ishga borilmaydi. Hamma uyda o‘tirib marhum haqqiga zikrlar aytadi, Qur'on tilovat qiladi, nafl namoz o‘qiydi va savobini bag‘ishlaydi, shuningdek, ta'ziyaga kelganlarni qabul qiladi.

Motam chog‘ida haddan oshish, baqirib yig‘lash, yuzni tirnash, ovoz chiqarish hecham yaxshi ish emas. Har qanday holda odam haddan oshmasligi va o‘zini qo‘lga olishi kerak.