«Mumtoz oila» · 13 / 23
Oʻn ikkinchi bob. Oilada ta’llm va ilm
Ilm haqiqatlarni bizga anglatguvchi vositadir. Ilm bo‘lmasa, ilm bilan mashg‘ul bo‘lmasak, har birimiz jaholat botqog‘iga botamiz. Tasavvur qiling: har bir oila kitobxon, har bir oila ilmning qiymatini chuqur anglaydi; ilmiga ixlos bilan amal qiladi.
Ilm maqsadi hamda vazifasiga ko‘ra turlichadir. Eng avval ilm foydali va foydasiz ilmga ajraladi. Foydali ilm mushkilotingizni oson qilib, qalbni va aqlni zulmatdan yorug‘likka olib chiqib, ruhingizga osoyishtalik bag‘ishlaydi. Foydasiz ilm sizni yanada mushkilotga mubtalo qilib, qalb va aqlingizni yorug‘likdan zulmatga tashlab, ruhingizni xavotir hamda vasvasaga mubtalo etadi.
Foydali ilm amaliy ilmdir. Amaliy ilm ikki qismga ajraladi: hayotiy muomala va ruhiy halovat uchun zarur bo‘lgan ilm hamda kasb va hunarga oid ilm. Hayotiy muomala uchun insonga adab ilmi kerak. Adab – har kimga va har narsaga kerak bo‘lgan muomaladir. Adab ilmi farosat va aqlni rivojlantiruvchidir. Adab ilmi insonning botini va zohiri uchun kerak. Zohiriy adab so‘zlash, so‘z tanlash, yon-atrofdagi har bir insonga mos shaklda yuzlanmoqdir. Zohiriy adabning eng birinchisi bu so‘zni kamaytirishdir, ko‘p gapirish orqali barcha balo keladi. Gapirganda faqat yaxshi so‘zni so‘zlash ikkinchi qoidadir. Ibodatlar haqidagi ilm foydali ilm hisoblanib, bu haqda “Oilada ibodatlar” bo‘limida to‘xtalamiz.
Botiniy adab qalbni va xayolni yomon xayollardan poklash ilmidir. Insonlar haqida yomon gumon qilish, shahvoniy va hayvoniy o‘ylar surish kabilardan xalos bo‘lish uchun bu ilm zarur hisoblanadi.
Kasb va hunarga oid ilmlar shundan iboratki, inson qaysi kasb yoki hunar bilan mashg‘ul bo‘lsa, shu sohaning ilmini chuqur va atroflicha bilishi shart, shuningdek, bu bobda o‘z mahorati va ma’lumotlarini kengaytirishdan aslo to‘xtamasligi lozim. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa qanday soha bo‘lmasin, kishi uning ilmlarini puxta o‘zlashtirib, amaliyotga joriy qilsinki, bu uning uchun majburiydir.
Kasb va hunarga oid ilmlar insonning moddiy tirikligi uchun zarurdir, shu sababli aksar insonlar bu masalada juda jiddiy mashaqqatlarga uchramaydilar, lekin qalb va ichki dunyoni pokiza va halovatli holda saqlab turish, aqlni doimiy foydali tafakkur bilan band qilish ko‘pchilik odamlar uchun juda katta qiyinchilik tug‘diradi.
Odamzod har kuni taom va suvga, shuningdek, jismoniy poklanishga ehtiyojmand bo‘lgani kabi ruhini ham oziqlantirishga muhtojligi bor. Ruhning muhtojligi ilm va ma’rifat bilan qondiriladi. Shuning uchun odamzod doimiy ravishda insoniylik va ezgulikka chorlaydigan, vahshiylik va yovuzlikdan qaytaradigan ilmlarga, kitoblarga, mutolaa va suhbatlarga yuzlanib turmog‘i lozim. Har kuni kamida uch marta taomga, ikki marta yuvinishga zarurat bor ekan, ilm olish va ma’rifat suhbatlariga ham bundan kam bo‘lmagan darajada tavajjuh ko‘rsatmog‘i kerak.
Tananing quvvati va rohati uchun pokiza va halol taom, shirin va zilol suv tutqazamiz, agar nopok va iflos yemakni jismimizga kiritsak, albatta, kasallikka chalinamiz. Eng qizig‘i, insonning vujudidan u yegan narsalarning hidi chiqadi. Cho‘chqa yesa, cho‘chqaning hidi, it yesa, itning hidi; aroq ichsa, aroqning hidi; gulob ichsa, gulobning hidi chiqadi. Qo‘yning asl hidi xushbo‘ydir, faqat uning taglari tozalanmasa, axlat ko‘payib, axlat ustida yotaverib, tirik qo‘yning go‘shti hidlanib qoladi. Shu sababdan qo‘y go‘shtini yegan odamning terisidan ham yaxshi hidlar taraladi.
Ilm va ma’rifat, kitob va mutolaa, suhbat va diydor qalbning ozuqasi ekan, bu ozuqaning ham pok va halolligi e’tiborlidir. Taom og‘izdan tomoqqa, tomoqdan bo‘g‘izga, bo‘g‘izdan ichkariga tushar ekan, ilm va ma’rifat ko‘z va quloq orqali qalbga yo‘l oladi. Og‘izga har narsani tiqaverish mumkin emas, ko‘z va quloqdan ham har narsani quyaverish yaxshi emas. Nopok taom oshqozonga tushishi bilan inson tanasini og‘ir va lohas ahvolga solgani singari nopok so‘z va nopok tasvirlar qalbni ana shunday qiynoqqa tashlaydi.