«Mumtoz oila» · 4 / 23

Uchinchi bob. Oʻgʻil

10 daqiqa o‘qish

Birinchi fasl
Oʻgʻilning sifati

Bir oilada oʻgʻil boʻlib yashash naqadar sharaf boʻlsa, shu qadar ulkan mas’uliyatdir.
Oʻgʻil – sulola davomchisi. Umidlar chirogʻi. Oilaning quvvati. Oilaning himoyasi. Oilaning ustuni. Oilaning ildizi.
Oʻgʻilning xulqi hammasini hal qiladi – agar u komil axloq egasi boʻlib ulgʻaysa, butun oilani charogʻon qiladi, ota va onani baxtiyorlik ila yashatadi; Xudo koʻrsatmasin, oʻgʻil nomaqbul boʻlib katta boʻlsa, oilaning zulmati, baxtsizligi, ota-ona umrining zavoli, sharmandagarchilikning ibtidosi boʻladi.
Oʻgʻilga bu haqiqatni aqlini tanigan onidan boshlab anglashi kerak. Anglashi uchun sharoit hozirlanmogʻi lozim.
Oʻgʻil vazmin, bosiq, mas’uliyatli, harakatlari qat’iydir. U lallaymaydi, shalpaymaydi. U hissiyot bilan emas, aql va intizom bilan fikrlaydi. U maydalashmaydi, u maydakashlik va ulugʻvorlikni; mardlik va pastkashlikni; izzat va xorlikni chuqur anglaydi.
U himmatli va jasoratli; u aqlli va qoʻrqmas; u kuchli va mehnatkash; u tadbirli va sovuqqon; u shafqatli va mehribon; u hisob-kitobli va uzoqni oʻylovchidir.
Oʻgʻil oʻsmirligidan boshlab mustaqillikka qadam qoʻyadi – ota-onadan pul olish unga uyatlidir; u oʻz yukini oʻzi koʻtarish haqida, oʻligini birovga tashlamaslik, tekinxoʻr boʻlmaslik haqida oʻylaydi. U sergaplikdan nafrat qiladi, qisqa jumlalar bilan maqsadini anglatishning yoʻllarini topadi; ishni doʻndirib, jim turishni sevadi.
U tiliga mahkam. Valaqlamaydi. Safsata sotmaydi. Laganbardorlikdan jirkanadi. Ikkiyuzmachilik va yolgʻonni aslo qabul etmaydi.
Oʻgʻil shahvatini tiyadi. U pana-pastqamlarda boshqa oilaning nomusi sanalgan qizlar bilan – nomahramlar bilan yengiltaklik qilishdan orlanadi. Koʻcha-koʻyda, arava-ulovda qizlar bilan likillab, xiringlab, javrab yurishni sharmsorlik, yuzsizlik deb biladi.
Oʻgʻil ipini uzgan hoʻkiz gʻunojin va sigir ortidan yugurgani kabi nomahram ayollar va qizlar ortidan hirs ila yugurmaydi; u oʻzini mahkam, toza va pokiza tutadi; ota-ona ixtiyor qilgan qizga koʻngil qoʻyadi, ota-ona topgan qizga uylanib, uni avaylaydi; shunga aqlini, qalbini rozi qiladi; koʻngil deya, nafs deya gʻingshimaydi; basharti, biror pokdomon qizga koʻngil qoʻysa, uni oʻziga jufti halol etmoq uchun ota-onasiga hayo va hikmat ila ma’lum qilishning yoʻlini topadi.
Yigʻlamsirab, ojizlik ila mingʻillab yurmaydi.
Oʻgʻil ota-onaga xizmat va shirin soʻz ila quvonch baxsh etib, rizoliklarini oladi. U matonat va sabotning sohibidir.
Oʻgʻil shikoyatchi emas, u hal qiluvchidir.
U ichkilik ila oʻzini xorlamaydi, qimor ila mashgʻul boʻlmaydi, fahsh ila halokatga uchramaydi.
U qarorlarida qat’iy; qanoatlidir. U jizzakilik, vaysaqilik kabi sifatlardan uzoqdir.
U esini tanishi bilan kuchli boʻladi; reja va tartibli ishlaydi; irodasini toblaydi.
Oʻgʻil ilmni sevadi, ilm ahlini qadrlaydi. Ilm yoʻlidan ketsa, chinakam olim boʻladi; hunar yo kasb yoʻlidan ketsa, mahorat va balogʻatda yuksaladi.
U oʻz yoʻlini topguncha kurashadi, topgach, shu yoʻlda sobit turadi.
Oʻgʻil – oilaning askaridir. Otaning ishonchi va tayanchi, onaning suyanchi va yupanchi.
U ota maslahatiga amal qiladi, amriga boʻysunadi, onani ardoqlaydi.
Chunki u – OʻGʻIL.

Akrom MALIK


Ikkinchi fasl
Toʻngʻich oʻgʻil

Toʻngʻich oʻgʻillar tabiatan mehribon, koʻngilchan, bosiq va gʻamxoʻrdirlar. Ulardagi bu sifatlar tugʻma boʻladi. Deyarli barcha toʻngʻichlar murosali, ehtiyotkor, mehnatkash va muloyimdirlar.
Ular kurashchan, fikrli, donishmand, ilmga moyil, boshqaruvchilikka salohiyatli, intizomli, mas’uliyatlidirlar.
Toʻngʻichlar otalarning birinchi tayanchi, onalarning ilk suyanchi. U ham aqlan, ham qalban avvalroq ulgʻayadi. Oiladagi katta-kichik ishlar yoshligidan uning zimmasiga yuklangani uchun u koʻp yuk koʻtarishga odatlanadi. U aynan toʻngʻich boʻlgani uchun boshqa joylarda ham muammolarga befarq emas: nimanidir hal qilish, amaliy yordam qilish, shafqat va mehribonlik unga xos.
Toʻngʻich oʻgʻilni keyinchalik, jiyanlari katta ota yoki boy ota deyishlari ham oilaning ulugʻi sifatida otadan keyingi oʻrinda turishi sabablidir.
Toʻngʻich oʻgʻil otaning oʻrinbosari. Oilani jamlovchi. Kichiklarga yoʻl koʻrsatuvchi. Uzoq oʻylovchi va qaygʻuruvchidir.
Toʻngʻich oʻgʻil ukalarini kechiradi, singillariga qanotini doimo keng yozadi. U ukalarini mashaqqatga qoʻymaslik uchun mashaqqatlarni zimmasiga ola biladi.
U ta’sirchan. U oila uchun gʻam chekadi, u jigarlariga birdek yaxshilik qilishni xohlaydi. Ukalari noqobil chiqsa, qattiq iztirob tortadi. Itoatsizlikdan ozorlanadi.
Toʻngʻich oʻgʻil saxovatli, hech kimni yordamsiz tashlamaydi. U himmatli, ulugʻ ishlarni oson bajara oladi. U barokatli, qaysi ishga qoʻl ursa, barakali keladi.
U ota va onaning eng yaxshi sifatlarini oʻzida jamlay olgan mevadir.
Toʻngʻichlar qiyinchiliklarga birinchi boʻlib koʻkrak kerib chiqadi. U barcha quvonchlarni tashkil qilib, boshqalarning quvonchidan quvonadi.
U erinmaydi. U toʻxtamaydi. Uni yengish va zabt etish qiyin.
Toʻngʻichlar yoshligida boʻsh-bayov boʻlsalar-da, ulgʻaygach, hikmat va quvvat ularga beriladi.
U sabrli, u tez kechiruvchi, u sokindir.
U maslahatgoʻy. U boshqa farzandlarga nisbatan koʻproq sodda, koʻproq yigʻlovchi va koʻproq gʻolibdir.
Garchi u koʻp tanbeh eshitadi, garchi koʻp ruhiy qiynoqlarni yashaydi, ammo toʻngʻich ulugʻ demakdir. Uning borligi oilaga ulugʻlik, umid va ishonch olib keladi.

Akrom MALIK


Uchinchi fasl
Oʻrtancha oʻgʻil

Oʻrtancha oʻgʻillarning xos jihatlari – jangarilik (urushqoqlik deyilsa, biroz dagʻal chiqdi), ayyorlik, boshqaruvchilik, qattiqqoʻllik, hunarlarga, savdo va qoʻl mehnati bilan bogʻliq ishlarda ustalik, jahldorlik. Ularda boʻysunish xislati yetishmaydi. Akasiga, katta ehtimol bilan, raqobatlashish odati bor. Shu sababli koʻplab oilalarda oʻrtancha oʻgʻilning toʻngʻich oʻgʻilga itoati nisbatan sust koʻrinadi.
Oʻrtancha oʻgʻil komil himoyachi, qoʻli gul usta, muammolarni amaliy hal etuvchi, vaziyatga haqiqat koʻzi bilan qarovchidir.
Oʻrtancha oʻgʻil toʻngʻich oʻgʻil soyasida kamroq mehnat qilib, dangasalikka ham yoʻliqadi.
Oʻrtancha oʻgʻil adab va axloq, hikmat va ma’rifat sari qadam bosar ekan, uning tanqid qilinadigan sifatlari goʻzal va havas qilarli xulqqa aylanadi.
Oʻrtancha oʻgʻil oilada muvozanat saqlovchidir – hissiyotli paytda aqlni ishga soladi; aqlga mutlaq suyanib qolinsa, odamgarchilikni eslatadi.
Oʻrtancha oʻgʻillar koʻpincha ota-onani kuydirib qoʻyishadi: quloqsizlik, beboshlik aksar ulardan sodir boʻladi. Lekin eng quyuq va samimiy yaxshiliklarni ham doʻndirish ular uchun oson.
Oʻrtancha oʻgʻilning oʻtkir hisob-kitobi, tadbirli fikrlashi va oʻziga ishonchi oila imoratining suyagidir.

Akrom MALIK


Toʻrtinchi fasl
Kenja oʻgʻil

Ertaklarda kenja botirlarga alohida imtiyoz beriladi: omadi keladi, ishi yurishadi, ajdaholarni oʻldiradi va hokazo. Xalqda supraqoqdi degan gap bor, bu yoshi ulgʻaygan ota-onalarning dunyoga keltirgan kenja farzandlarining nomidir.
Kenjatoyda bir qancha xususiyatlar borki, bu undan kattalarda topilmaydi: avvalo, ota-ona kenjatoyni dunyoga keltirishda ancha hayotiy tajribalari oshgan boʻladi; bola tarbiyalashga, parvarishlashga ham usta boʻlib qoladi; koʻpincha, kenjatoy tugʻilganda kattalar katta boʻlib, maktab, dorulfunun va ishlarga ketib, hovli huvillab qoladi. Ana shu vaqtda kenjatoy juda asqotadi: ota-onaga ermak boʻlib turadi, to katta aka uylanib, nevara kelgunicha oy-u kun kenjatoyga tugʻib turadi. Bu oʻz mevasini beradi: kenjatoyda favqulodda erkalik, favqulodda jur’at, favqulodda aqllilik, mehribonlik, ota-onaga yaqinlik, koʻp holatlarda alohida chiroy ham koʻzga tashlanadi.
Kenjatoy akalari himoyasida, katta oilada ulgʻayar ekan, unda xulqlarning yaxshisi rivojlanmogʻiga ham imkon paydo boʻladi.
Kenjatoyga ota-ona oʻzi istasa-istamasa, koʻproq qaygʻuradi. Uning hunarlariga toqat qiladi. Kechiradi. Bundan akalar hayron boʻlmasligi lozim: ular ota-onalari yosh vaqtda tugʻilishdi, kenjatoy ota-ona pishganda tugʻildi, bu vaqtda ota-ona bagʻrikeng, kechirimli, gʻazablanavermaydigan, sokin tabiat kasb etadi.
Oilada bitta erkatoy boʻlsa, boʻlibdi-da: kenjatoylarga shunday imtiyoz berilsa, yarashadi, ular oila davrasiga iliqlik, quvnoqlik berib turadi; ulardagi mustaqillik, dadillik, zehn, xotira, ota-onaga yaqinlik butun oilaning fayzi boʻlib xizmat qiladi.

Akrom MALIK


Beshinchi fasl
Aka-ukalar

Aka-ukalar urushmaydilar. Ular hasadgoʻy emaslar. Ular oʻzaro mehribon, hamkor, sohibi himmat. Akasi ukasiga qilgan yaxshiligini hisoblamaydi. Ukasi akasi uchun yordamini minnat qilmaydi.
Aka-ukalar bir-birlarini aslo chetda qoldirishmaydi: ular yigʻilib, ota-onaga sovgʻalar hozirlashadi; yigʻilib bir-birlariga ulov, uy olishadi; bir-birlariga yaxshilik qilishda musobaqa qiladilar. Bu qoidaga hamma birdek amal qilsa, hamma rozi va xushnuddir. Agar bir tomon amal qilib, bir tomon mas’uliyatsizlik qilsa, ish buziladi.
Aka-ukalar hamisha birdam boʻlib, bir-birning xatolarini kechiradi, fe’lini koʻtaradi, aka arava minganda uka yerda qolmaydi; uka ulovda ucharkan, aka piyoda boʻlmaydi. Uka hatto akadan yuz-koʻz xotir qilib, ulov mina olmaydi: akamdan avval qanday qilib deya oʻylaydi.
Avval akam, keyin men deydi. Aka ham eng yaxshi narsalarini ukaga ilinadi.
Aka-ukalar orasiga xusumatni ayollar solishi mumkin, shul sababdan aka-ukalar oʻz xotinlariga jigarlarini gʻiybat qilmaydilar, akam, ukam deb ogʻzidan bol tomadi. Farzandlariga amaking mening oʻrnimga ota deb uqtiradi.
Aka-uka bir-biriga yordam berish uchun yer yuzining istalgan burchidan yetib kela oladi. Aka-uka oʻzaro ittifoqdan baxtiyorlik tuyadi. Aka-uka eng birinchi yaxshilikni bir-biriga ilinadi. Aka-uka ota-onani xafa qilmaslik uchun oʻzaro nuqsonlarini berkitib, ota-onaga faqat yaxshilik, goʻzallik koʻrstadilar. Aka-ukalar oralaridan adashgan kimdir chiqib qolsa, mehr va shafqat, tarbiya va tanbeh bilan toʻgʻri yoʻlga qaytara oladilar. Aka-ukalar farzandlarining ahil-inoq boʻlishlari uchun sharoit yaratib, bir-birlarinikiga tez-tez mehmon boʻlishadi. Hasharlar uyushtiradilar. Aka-ukalar orasidan qil oʻtmaydi. Aka-ukalar ittifoqi olamlarni fath qiladi, adovati jahonlarga oʻt qoʻyadi.
Aka-uka bir-biridan aslo kechmaydi, olamda aka-ukadan yaqinroq qaysi qondosh bor yana?!
Akaning tanbehi, yoʻriqlariga uka itoat qiladi, akaning amri uka uchun ota amri oʻrnida. Uka akaning soʻzini yerda qoldirishdan hayo qiladi.
Aka ukaga hamisha bosh va hech qachon uni oʻz holiga tashlamaydi. Aka ukaning oilasiga, uka akaning oilasiga ham murabbiy, ham boshqa zarurat jihatlar ila gʻamxoʻr va mas’uldir.

Akrom MALIK


Oltinchi fasl
Yigitlarga maktub

Yigitlik – insonning eng go‘zal davridir. Yigitlikdagi g‘ayrat, shiddat, tafakkur va taxayyul keyin qaytmaydi. Og‘riq, kasallik va toliqish neligini vujud bilmaydi. Yigitlik butkul shavq va zavqdan iboratdir. Yigitlikda sho‘xlik va ishrat, o‘yin-kulgu va raqs, urush va janjal, qurol va yarog‘ – hammasi yarashadi. Hazrat Navoiyning asarlarida ta’kidlanganidek, yigit suv ichib topgan lazzati qariganda topilmaydi. Yigitlikda suv ham shirin va lazzatlidir.
Yigitlik inson umrining poydevoridir. Yigit o‘sha poydevorni to‘g‘ri va mustahkam qilib qo‘yish haqida o‘ylamogi lozim. Bugun o‘lchovlar buzilib, inson ildizlardan uzilgan bir fursatda yigitlarga aytarimiz bu:
1. Xayolingizni har xil nopok xayollardan toza tutmoqqa urining. Uni turli kinofilm, klip va qo‘shiqlarning ovozi hamda tasvirlari ila to‘ldirmang. Xayolning keraksiz o‘ylar bilan to‘lib qolishi fikrni chuvalashtirib, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga xalal yetkazadi.
2. O‘zingga kamroq mahliyo bo‘l. Aynan yigitning o‘z husni va qomatiga haddan oshiq mahliyo bo‘lmog‘i uni g‘aflatga tashlaydi.
3. Kasbing va erishadigan narsalaringni – maqsadingni aniqlab ol. Shu maqsadga yetish uchun rejali harakat qil.
4. Mol-dunyoni birinchi o‘ringa qo‘yma. Agar qalbingda hashamat va pulga, mol va dunyoga sevgi kuchayayotganini sezsang, tezda o‘zingni o‘ngla. Insoniylik va mardlik har nedan qimmatdir.
5. Ko‘plab yigitlar nafslariga ergashib, adabsiz va axloqsiz ishlar bilan mashg‘ul. Ular haq so‘zni qabul qilmaydilar. Ularda ikkilanish, shubha va zaiflik bor. Zaiflikki, bu matonat va qat’iyatning teskarisidir. Ko‘plab yigitlar kunlarini tartiblab olomaydilar. Kechalari uxlamay, kunduzlari uxlaydilar. Ishlarida tayin, vaqtlarida unum yo‘q. Sen unday bo‘lma, ey yigit, xufton namozidan keyin darhol uxla. Shunda bomdoddan avval uyg‘onasan. Hech bir uchrashuv hamda ishingni xuftondan keyinga qoldirma. Mana shu tartibni hayotingga joriy qilsang, butun umringga, kuchingga va nafsingga ega chiqasan. Shuni eplay olmasang, mushukvachcha kabi o‘yinchoq bo‘lasan.
6. Shahvat qarshisida ojiz qolma, hirsingni yeng. Unga ongli kurash. Ko‘zing, qulog‘ing va xayollaringni fahshdan saqlasang, butun vujuding pok bo‘ladi. Lattalik qilma. Shaytonga yengilma.
7. Kam gapir va ko‘p ishla. Mehnatdan choʻchima, ahmoq bo‘lma, hisob-kitobga qat’iy qara, sinamay ishonma; yakka bo‘ri bo‘lishdan qo‘rqma; keraksiz narsalarni olma; haq bo‘lsang, chekinma; yolg‘on gapirma; muammolarni zarar yetkazmaydigan shaklda hal qilishni o‘rgan va kattalar bilan maslahatlashishdan qochma! O‘zingni hamisha chetdan fikr va tahlil, aql va tadbir bilan ta’qib et. Shunda ravon yurasan, yiqilmaysan.
Ushbu maktub yigitlik yillarini shamollarga sovurgan va yoshligini ko‘plab xatolar ila isrof qilgan bir bechoraning qalamiga mansub, men xato qildim – sen qilma. Sen inson farzandi, sen musulmon farzandi, o‘z farzandim kabi aziz va muhtaramsan, nasihatlarimni yodlab ol va amal qil, Xudo xohlasa, hayoting eng to‘g‘ri o‘zanga tushadi va to‘g‘ri yo‘ldan chiqib ketmaysan.

Akrom MALIK


Bolaning hamma istaklarini bajarmang.

Oʻnta soʻrovidan bittasini bajo qilsangiz, kifoya.

Toki hayotda hamma narsa muhayyo boʻlmasligini bilsin. Qanoat va sabrni his etsin.
Nafs hamma narsaga erishmasa ham yashash mumkinligini anglasin.

Erkak – murabbiydir. Oilada kichik boʻlsa ham tarbiyasizlik sodir boʻlsa, darhol tuzatsin. Xotini va bolalari, ya’ni tobelarini tarbiya yoʻliga itoat qildirsin, itoat qilmaguncha qoʻymasin. Xotinim yoki bolam gapimni olmayapti demasin, gapini olishiga erishsin, yoʻlini topsin.
Erkak uyning egasi, xoʻjayinidir, albatta, butun uyda uning soʻzi qonun boʻlishi kerak.
Erni rahbar deb tan olmaydigan xotinning ikkita rahbari boʻladi: nafsi va shayton.