«Mumtoz oila» · 21 / 23
Yigirmanchi bob. Oilada bayramlar
Bayram hayotning ajralmas qismi. Xudoning O‘zi insonlar xursandchilik qilishlari uchun muayyan kunlarni ajratib bergan. Bu kunlarda jism mutlaqo ozor chekmasligi uchun ro‘za tutish ham bu kunda taqiqlangan. Ya'ni biz hayit bayramlari haqida gapiryapmiz.
Bayramlarni yaxshi nishonlash kerak.
Bayramning mohiyati shodlanish, shodlik ulashishdir. Shodlikning eng kattasi bu – diydordir. Bayramda oila a'zolari dunyoning qaysi joyida bo‘lsa ham, qanday muhim ishlari bo‘lsa ham, ota-ona huzurida hozir bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir.
Bayramda hamma bir-biriga qandaydir darajada sovg‘a hozirlashi chiroyli amal.
Albatta, hadyalarning eng yaxshisini ota-onaga, so‘ng bolalarga qilmoq kerak. Shuningdek, ustozlarni ham bayramda, albatta, eslash shart.
Bu kun ginalar unutiladi, kayfiyat tushirilmaydi, hamma bir-biriga kulib qaraydi, chiroyli qilib dasturxon tuzaladi.
Bu kunda xursandchilik qilishni, sho‘x-shodon holda yurishni, jazolarni bekor etishni har kim o‘ziga vojib qilib olishi kerak. Bayram kunida hech kim bir-birini xafa qilishi va bir-biriga yomon so‘z aytishi tugul, olaygan ko‘z bilan qarashi taqiqlanadi. Buni katta gunoh deb bilish lozim.
Shunda hamma yoqni bayramona kayfiyat qoplaydi. Qalblardan hayotning tashvishlari ketadi. Mehr va muhabbat, yaxshilik va ezgulik odamlarni birlashtiradi.
Bayram ko‘rmagan inson bir umr baxtsiz yashaydi. Bolalar bayram ko‘rishlari shart, hatto urush bo‘lib turgan vaqtlarda ham odamlar bayram qila olishlari lozim.
Ayrim holatlarda o‘lim bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, aza va motamdan so‘ng, qolib ketgan bayramni bir qancha vaqt o‘tkazib nishonlab olgan ma'qul.
Bayram kuni onalar bolalarini urmaydilar, otalar jazolamaydilar, hamma faqat yaxshi gap bilan bir-birini alqaydi. Duolar qilinadi. Tabassumlar ulashiladi.
Bayramda hammasi bayramona bo‘lsin – hamma yangi kiyimlarini kiyib yasansin. Bayram kuni hech bir ish bilan qayoqqadir borishga, masalan, do‘kon yoki bozorga chiqishga majbur bo‘lmaslik uchun narsalarni oldindan olib qo‘yiladi.
Shunda hamma bir-birining diydoridan bahramand bo‘lib, ko‘ngillar mehr va muhabbatga qonadi.
Albatta, baryam bahona ichilik ichish mumkin emas, chunki uning oqibati hamisha yomonlik olib keladi. Isrofga yo‘l qo‘yilmaydi, ovqatlar uvol qilinmaydi, haddan oshilmaydi, gunoh va ayb sanalgan ishlardan hamma yiroq turadi.
Bayram hayot uchun kurashishni, yashash uchun ishlashni oson qilib beradigan bir vositadir. Dillarni bir-biriga payvand qiladigan va ginalarni haydaydigan bir vasiladir.
Akrom MALIK