«Mumtoz oila» · 18 / 23
Oʻn yettinchi bob. Yetimlar
Tasavvur qiling: bir guruh bolalar chug‘urlashib o‘ynamoqda. Ovozlari bilan olamni boshiga ko‘taradilar. Nimalarnidir talashadilar, o‘z-o‘zidan sakraydilar va hokazo. Ammo ular orasida bir bola jim boshini egadi, yo‘q, u ham o‘ynaydi, lekin tabassumi siniq. Jur’ati past. Nimadir unga yetmayapti.
Keyin birdan bolalar: “Dadajon! Dada!” – deb yuguradilar. Lekin o‘sha bola hech qayoqqa yugurmaydi. Yaralangan palapondek mo‘ltiraydi. Chunki u yugurgani bilan foydasiz ekanligini biladi. Chunki u dadasi kelmaganligini yaxshi tushunadi. Chunki uning dadasi yo‘q. Chindan dadasi bo‘lmasa, mayli, uning oyisi va dadasi ajrashib ketishgan. Avval baqir-chaqir qilishgan, ehtimol, dadasi oyisini urgandir, ehtimol, urmagandir, keyin oyisi yig‘lab-siqtab kimgadir qo‘ng‘iroq qilgan. Birozdan so‘ng bobo-buvisi kelib, “Ko‘chada qolgan qizimiz yo‘q!” – deb nevarasi bilan qizini moshnaga solib opketishgan. Shu bilan u xonadonda bolaning dadasini g‘iybati boshlangan. Suhbatlar faqat uning zulmi va yomonligi haqida bo‘lgan.
Bola bularni eslamas, balki eslar. Lekin u aqlini taniganida dadasi yo‘q edi. Uyida tog‘asi bor, bobosi bor, buvisi bor, lekin dadasi yo‘q. Qiziq, hammaning dadasi bor, uning dadasi yo‘q edi.
Bola katta bo‘ldi. Maktabga bordi. Dadasi yo‘q, onasi ajrashgan deb gapirishardi. Maktabdan bolalarning dadalari kelib opketishardi, lekin uning dadasi hecham kelmas edi. Oyisi tirikchilik qilaman deb ishlar, shu sababli bolasiga vaqt ajrata olmas edi, chunki uning ishi ko‘p edi.
Yolg‘izlik yomon ekan – onasining boshi ochiqligi sababli unga erkaklar gap ota-ota, oxiri bittasi uylandi ham. Bola yangi “dada”nikiga borishga juda qo‘rqdi. Istar-istamas bordi. Yangi “dada”ning qovog‘i sababli onasi uni tez uxlatar va yangi “dada”ni ranjitmaslik uchun tirishar edi.
Bola esa bo‘ynini qisib o‘sardi. Oxiri bo‘lmadi, u qachongacha shunday yuraman deb o‘zini erkin qo‘ydi. Hech narsadan qo‘rqmaydigan bo‘ldi. Xohlagan joyiga borib, xohlagan joyiga kelar, onasining gapiga umuman kirmasdi. Asta-sekin dadasi haqida sog‘inchlar ham so‘ndi. U endi aslo dada degan odamning mehri borligini bilmas edi.
Oxirgi gaplarga ko‘ra, u qandaydir janjalga aralashib qolibdi, pichoq yebdi, ammo tuzalgach, baribir ayblab qamab yuborishibdi, o‘shanda u endi o‘n sakkiz yoshda edi. Deyarli hamma uning otasiz o‘sganligi va tarbiyasizligini gapirdi, lekin hech kim oila mashaqqatiga chidamagan ota-ona hamda qizi va nevarasini moshnaga qahramonlik qilib solib ketgan va ayni paytda ko‘karib chiqqan chol-kampirni eslamadi. Hech kim o‘shanda: “Ey, bolalarim, urushmanglar, yarashinglar, ahil bo‘lib yashanglar!” – deb aytmagan edi va bu gapning aytilmagani sababli shu oila ajralib ketganligini hech kim mulohaza qilmadi.
Yetim ikki turlidir: chin yetim va tirik yetim. Chin yetimni Xudoning o‘zi panohida saqlaydi, lekin tirik yetim xor yetimdir.
Tirik yetim xudbin va tarbiyasiz, sabrsiz va mulohazasiz kattalarning jinoyati qurbonidir.
Chin yetim – taqdir. Yetim bilan muomala qilish qiyin. Chunki uning ko‘ngli nozik. U bitta gapga ko‘nmaydi, yarimta gap unga yetmaydi. U deyarli doim ko‘nglida o‘ksinish bilan yashaydi. Yillar davomida uning yarasi uni mehrsiz bir odamga aylantirishi ham mumkin. Yetimning issiq ovqati, yumshoq noni, toza kiyimi, keng to‘shagi bo‘lmaydi. Uning yoshli ko‘zi, o‘ksik dili, bukik yelkasi, egik boshi va achchiq kechmishi bo‘ladi.
Yetimni boqqan, uni o‘qitgan, tarbiyalagan odam jannatidir. Chunki yetim o‘stirishdek mashaqqat olamda yo‘q.
Bu bobdagi yagona so‘zimiz: bolani tirik yetim qilmang! Farzandingizga rahm qiling!
Akrom MALIK