«Mumtoz oila» · 7 / 23

Oltinchi bob. Oila qurish

21 daqiqa o‘qish

Birinchi fasl

Zarurat

Risolamizning asosiy qismiga kirib keldik. Oila qurish – umr savdosi. Har bir yigit va qiz oila qurish uning hayotidagi eng muhim masalalarning biri ekanligini o‘ylashi lozim. To‘y – bu ko‘ngilxushi emas. To‘yi – bu otarchilarning olamga qo‘yib berayotgan tomoshasidan ko‘ra chuqurroq mohiyatga ega hodisadir. To‘y – bu ramz, ya’ni ikki ruhning, Xudo huzurida taqdiri ilohiy ila yaralgan ikki insonning – yigit va qizning eng jiddiy kelishuvi, ahdlashuvining ramzi, xalq oldida e’lon qilgan qasamyod imzosi.
Yigit qanday ayol bilan bir umr yashamoqchi ekanligini mulohaza qiladi. Ayol ham qanday yigit bilan umr o‘tkazmoqchi ekanligini chuqur fahmlaydi. Oila bo‘lib yashash, halol er-xotinlik munosabatlari odamzod hayotining ajralmas qism ekanligini tushunadi. Er-xotin umrbod yagona jism kabi oila qo‘rg‘onini himoya etadi.
Oilada er va xotinning kibr va havosi g‘olib bo‘lishi mumkin emas; oilaning obodligi, xotirjamligi uchun ikki tomon ham o‘zini fido qiladi. Er-xotin – bu qalbi bir-biriga chirmashgan, bir-birini ehtiyot va himoya qiladigan, abadiy ittifoq uchun ahdlashgan odamlardir.
Oila qurmasa, insonda insonlik qiyofasi va ma’naviyat qolmaslik ehtimoli katta. Oila qurmaslik insonning baxtsiz yashashi, umrdan mazmun topmay, hayvon singari o‘tib ketishiga olib keladi. Har qanday yigit va qiz, har qanday erkak va ayol, albatta, chiroyli bir oila qurishga qasd qilmog‘i shart. Bu oliftachilik, bu masxarabozlik, bu tayinsizlik qarori emas; bu Xudoning huzurida ham, odamlar nazarida ham jiddiy bir qiyofa va haybat kasb qilmoq asosi sanaladi.
Oila qurmagan erkak ham, ayol ham yarimta odamdir. Oilasizlik – bu ruhiy yolg‘izlik va tayanchsizlikdir. Har bir erkak, albatta, halol bir xotinga muhtoj, erkak xotinsiz xarob bo‘ladi. Har bir xotin, shubhasiz, bir mard erkakning nikohida bo‘lishga ehtiyojmand, ersiz xotin himoyasiz palopon; oyoq ostida qolgan atirgul; uzib olingan lolaqizg‘aldoqdir.
Xotin bo‘lmagan uy – go‘riston. Erkak bo‘lmagan hovli – qulab tushayotgan vayrona. Erkak va xotinning birgalikdagi hayoti chinakam hayotdir. Kunlarning mazasi, onlarning rangi har bir inson uchun halol juftdadir.
Turmushga chiqmagan qizlar yoki turmushi buzilgan ayollar ich-ichlaridan mahzunadirlar. Ular har qancha pul topsalar ham, mansab-u martaba bobida cho‘qqilarga chiqsalar-da, ilm-u irfonning yettinchi qavatiga ko‘tarilsalar ham, kemtiklik va noqislik hissi bilan yashayajaklar. Ular ishxonalarda rahbar bo‘lsalar-da, kameralar qarshisida sho‘x-u shaddod qah-qah ursalar-da, qo‘llarida jaraq-jaraq pullar aylansa-da, eng qimmat liboslarni kiysalar-da, hatto nomahram erkaklar ularni ulug‘lab maqtasalar-da, gullar va sovg‘alarga ko‘mib tashlasalar-da, boshida bitta eri yo‘q ekan, shu erning qo‘l ostida, qaynoq qo‘ynida, komil itoatida emas ekan, ana shu ayol faqat zahar yutadi.
Erkinlik, hurlik va yana qandaydir so‘zlar bilan o‘zlarini ovutsinlar, oqlasinlar, janjal qilsinlar – haqiqat o‘zgaramaydi. Oila qurgan har bir erkak va ayol oilasini asrab-avaylashi vojib. Oilada er va xotinning axloqi qanday bo‘lishi alohida bobning mavzusi, biz bu yerda turmush qurish, uylanish inson zoti uchun qanchalik zarurat ekanligini asoslamoqdamiz. Oila qurmayman deb yurgan xotin-qizlarga qarata ogohlantirish qo‘ng‘irog‘ini chalmoqdamiz. Yoki oilamni buzaman deb yurganlarga nisbatan esingni yig‘ deya hayqirmoqdamiz.
Shunday qilib, oila qurish hayot va mamot masalasi ekani haqida baholi qudrat gapirildi. Endi esa oila qurish yoshi haqida aytish lozim.


Oila qurish imkonidan qonun izn bergan yoshdan boshlab darhol foydalangan ma’qul. Qizlar bobida gap shulki, tezroq turmushga chiqqanlari yaxshi. Ro‘zg‘or ishlariga usta bo‘lib, pazandalik va chevarlikni egallab, bola boqish ilmini o‘zlashtirib, fayzli bir xonadonni gullatmoq eng go‘zal tanlovdir. Bo‘ladigan ishning bo‘lgani yaxshi. Qanchalik kechiksa, vaziyat shunchalik yoqimsizlashadi. Qizlar uchun asosiy nasihatning ma’nosi bunday: turmushga chiqquncha o‘zlarini begona yigit va erkaklarning hirs bilan hayvoniy nazar solishlaridan himoyalamoqlari shart; itlar tortqilab chaynaydigan suyak emasligi har bir qizning o‘ziga ma’lum. Menga yigitlar nazar solsin deya o‘z jismini bozorga solmoq qiz bola uchun sharmandalikdan boshqa narsa emas. Bundan kelib chiqadiki, qiz bola begona yigit va erkaklar bilan gaplashishlari, yozishishlari iffat qoidalariga ziddir. Bu ishlar qiz bolaning qiymatini yerga uradi, hech bir bahona va sabab bunday ishlarni oqlab bermaydi. Har qanday yigitning qiz bolaga nikohsiz nigohida harom va iflos shahvat yotishi haqiqatga yaqin; yigit istasa, istamasa, ochiq shakldagi qizga shahvat va hirs nazari ila boqishini inkor etish imkonsiz; shahvat uyg‘otish yoki shahvat qondirish vositasi bo‘lish qiz bolaga yarashmaydi. Oliy o‘quv yurtlari, texnikum yo kollejlarda, hatto maktablarda; umuman, har qanday joyda qiz bola o‘zining “sevgi” tarixini “yozishi” bu uning hayotidagi eng jiddiy xato sanaladi. Romanlar, qissalar, hikoyalar, kino va seriallarda vasf etilgan va romantizatsiya qilingan sevgi voqealarining hammasi safsata va yolg‘ondan iboratdir. Mana shunday kontentlarni ichib, yeb, u bilan qalb va aqlni zaharlab, iffat va hamiyatiga zid shaklda qandaydir yigitlar bilan “pokiza ishq” qissalarini “ijod qilish” nafsning, aniqrog‘i, badanning biologik istaklariga ergashish va bu narsani romantika, sevgi deya oqlashdir, xolos. Bu ishlar oilasini muqaddas qadriyatlar ustiga quraman degan g‘ururli, yuksak nazar, pokiza vujudli, yorug‘ aqlli qizlarning o‘ziga ravo ko‘radigan ishlari emas. Bir so‘z bilan aytganda, qizlarning bunday “romantika”si faqat izzatsizlik olib keladi va axloqsiz erkaklarning behayo hikoyalariga qahramon bo‘lishga yetaklaydi, xolos. Bu masalada xulosa shunday – qizlar o‘zlarini pok tutgan holda xayollarini harom o‘ylar bilan bulg‘amay munosib va mard jufti halol nasib etishini bilishlari kerak; haddan tashqari bu to‘g‘rida o‘yga botmasin; chunki bu ham yaxshi emas; bo‘ladigan ish bo‘ladi.
Bu bobda yigitlar bilishi kerak bo‘lgan tanbehning mazmuni esa bunday: bir kasb yo hunarning boshini tutib, ayolni qadrlash, u bilan muomala qilish ilmini o‘rganib, oila yukini yelkaga olib uylanish kerak, vassalom.
Yigit va qizlarning uylanishlarini ota-onalari tashkil qiladilar. Oq va qorani ajrata olmaydigan yoshlar o‘zlariga qaysi juftning mosligini bilmaydilar, shu sababli yoshi ulug‘lar bu vazifa uchun burchlidirlar; har bir ota-ona qizi bo‘lsa, yaxshi joyga uzatmog‘i; o‘g‘li bo‘lsa, yaxshi joydan unga xotin olib bermog‘i gardanlaridan soqit bo‘lmas qarzdir; agar ota-ona bo‘lmasa, bu ish boshqalarning zimmasiga tushadi, bu haqida alohida bobda so‘z yuritiladi; ya’ni yoshlarning tayinsiz bo‘lib yurishiga ota-ona izn bermasin, o‘zi uyli-joyli qilsin degan xulosani qat’iy shaklda ta’kidlamoqchimiz.

Akrom MALIK


Ikkinchi fasl
Kelin tanlash

Avval sahifalarda aytilgan so‘zlarni qayta takrorlaymiz: o‘g‘il uchun jufti halolni tanlash va olib berish ota-onaning burchidir. Oila qurish, ya’ni xotin olishning bir necha yo‘llari bor: birinchi yo‘l shuki, erkakning o‘zi o‘ziga xotin topadi. Ikkinchi yo‘l boshqa biror kishi, uning ustozi, do‘sti yoki hurmatli odamlar xotin topib berishadi. Uchinchi yo‘l ota-ona topib beradi.
Erkakning, ya’ni ilk marta uylanayotgan yigitning o‘ziga o‘zi xotin topishi kindigini o‘zi kesishidir. Bunday hol ikki sharoitdan birida sodir bo‘ladi: yo yigit yetim o‘sgan bo‘lishi lozim, toki u bu ishni qilishga majbur qolsin. Yo ota-ona eskilar yo‘lini esdan chiqarib, befarqlik qilib, o‘zingga o‘zing xotin top yoki ko‘z ostingga birortasini olib yur deb tayinlaydi.
Uylanish yoshiga yetgan yigit, boringki, 25, hatto 30 yosh bo‘lgan taqdirda ham unda o‘ziga xotin tanlash ilmi yetarli bo‘lmaslik ehtimoli yuqori. Agar u ko‘cha-ko‘ydan o‘ziga juft izlaydigan bo‘lsa, xato tanlov qilib qo‘yishi mumkin. Natijada, o‘z xotinidan rozi bo‘lmay yashaydi yoki qisqa vaqt yashab, ajrashib ketish xatari mavjud. Bundan tashqari, er xotinining barcha sifat va xulqsizliklariga ko‘nib yashagan taqdirda ham, tug‘ilajak farzand nobop ona qo‘lida qolib, qiynaladi. Masalan, tili yomon, dunyoparast, ro‘zg‘orga uquvsiz, befarosat, johil va haddini bilmaydigan xotinning bolasi bo‘lishdek musibat olamda yo‘q.
Ayolning xulqi, asosan, onasining aksidir. Lekin bo‘ydoq va tajribasiz yigit xotinlarning xulqi va farqi haqida qayoqdan bilsin? Shu sababli aksar hollarda ota-ona kelin tanlashni o‘z zimmalariga olishlari, o‘g‘illar ham bu masalada ularga itoat qilganlari yaxshi.
Kelin tanlashda ushbu qoidalarga e’tiborli bo‘lish foydadan xoli emasligini hayot tajribasining o‘zi ko‘rsatib kelmoqda:
1. Kelin qaysi hududdan – joydan ekanligi muhim. Yaxshi joyda yaxshi xulq va baraka bo‘ladi. Yaxshi joyda – yaxshi shahar, yaxshi mahalla va yaxshi qishloqda ulg‘aygan qizda baraka bor. Chunki muhitning o‘zi asosiy tarbiya ishini bajaradi.
2. Kelin yaxshi oiladan bo‘lmog‘i kerak. Yaxshi oila – ota-ona tayinli, kasbli, ilmli yoki ilm ahliga muxlis; halol kasb-hunar qilgan; yomon nom qozonmagan oiladir. Bir qizning ulg‘aymog‘i uchun kamida 18 yil kerak deb olsak, ota-onaning yaxshi-yomonligi, oilaning ahvoli mana shu 18 yilda atrof-javonibga kunday ravshan bo‘lib qoladi. Ya’ni 18 yil oila o‘zini tanitmog‘i uchun yetarli. Har qanday oila haqida o‘sha oila yashaydigan mahalla ishonchli ma’lumotni 18 yilda keragidan ortiq darajada bilib bo‘ladi. Otasi yolg‘onchi, haromxo‘r, zolim bo‘lsa; onasi tarbiyasiz, chaqimchi, g‘iybatchi bo‘lsa, buni hamma biladi. Bunday oiladan yaxshi bir qizning unib-o‘sishi mahol, qiz har qancha aktrisalik qilib, chiroyli kiyinib, o‘qimishli va sipo qiyofada o‘zini o‘qish yoki ishda ko‘rsatmasin, oiladagi tarbiya uning hech kim ko‘rmaydigan tarafida saqlanib, rivojlanib boradi. Uning zohiriga aldanib, zo‘r qizga uylandim deya o‘ylagan yigit bir ajdahoga uchrab qolishi hech gap emas. Shu sababli, qiz yetishgan oilani surishtirmoq kerakki, toki bu ishonchli va yaxshi umr yo‘ldoshi topishni katta ehtimol bilan kafolatlaydi, xotin oilada ko‘rgan tarbiyasini erining oldida ham takrorlaydi. Agar uyida onasi it kabi bobillab, uning otasini yerga urib yurgan bo‘lsa; erni hurmat qilmaydigan bir xotinning qizi bo‘lsa, bunday qizning qalbida hech qachon erga hurmat va muhabbat bo‘lmaydi; u ham onasining ishini o‘zi qurgan oilada ulkan bir pastkashlik, chuqur bir tubanlik ila davom ettiradi va rivojlantiradi. Demak, qizning yaxshi oiladan ekanligi eng ahamiyatli omil ekan. Shuningdek, agar qiz hamon kelin bo‘lib yashayotgan onaning qizi bo‘lsa, ya’ni ularning oilasi hamon butun bo‘lib, alohida ajralib chiqmagan bo‘lsa, nur ustiga nur. Qaynonali xotinning bolalari, juda katta ehtimol bilan tilla bo‘ladi. Chunki yaxshi qaynona-qaynota oila adab va xulqining kafilidir.


3. Kelinni o‘ziga teng maqomli oiladan izlamoq lozim. Ya’ni ilm odamlari o‘zlari kabi olimlardan kelin qilsin, dehqonlar dehqondan, savdo ahli savdogardan, boylar boydan, kambag‘allar kambag‘aldan, o‘rtahol o‘rtaholdan qiz olishi eski odat va qoidalar qatoriga kiradi. Bir qizning yangi oilaga kelib, ildiz otib ketishi murakkab hodisa. Tenglik qoidasiga amal qilinsa, qizning yangi xonadonga moslashishi muammoli kechmaydi, chunki tarbiyada, ish-faoliyatda, dunyoqarashda umumiylik bor. Boyning erka o‘sgan qizi kambag‘alning sharoitiga moslashib keta olmasligi o‘ta aniq bir hayotiy haqiqatdir. Ilm ahlining qizi o‘qimaganlar oilasiga kelin bo‘lib tushsa, bu oiladagi dag‘allikdan ozor chekadi. Kambag‘alning qiziga uylanish ham ikki tarafni qiynaydi: avvalo, qulayliklar kelin bo‘lmishning xulqiga salbiy ta’sir qilishi mumkin; u o‘zini bu muhitda qanday tutishni bilmay qoladi; boy qaynona unga bepisand qarashdan o‘zini saqlashdan ojizdir. Umuman olganda, tenglik eng muhim masaladir. Teng bo‘lmagan oilalarning quda-andachiligi bir umrga ikki tomonni noqulay holga soladi. Kamdan kam hollarda bunday muammo bo‘lmasligi mumkin, xolos. Dunyoqarash va moliyaviylik tenglikni hamisha ustuvor masala sifatida bilish lozim. Shuningdek, nasab omili ham bor. Xalq orasida nasabi jihatdan ulug‘lanadigan oilalar o‘zlari kabi nasabdorni tanlasalar, sharaf va oilaviy merosiy urflarini sog‘lom saqlab qoladilar.
Qizning barcha sifatlari oila va nasabdandir. Qiz yaxshi oiladan bo‘lsa, garchi erka o‘sgan bo‘lsa-da, ayrim ro‘zg‘or ishlarini bilmasa-da, hatto ovqat pishirishga no‘noq bo‘lsa-da, yangi xonadonida ularni o‘rganib ketishida qiynalmaydi. Chunki unda zot bilan kelayotgan qobiliyatlar bu masalada ustunlik beradi. Ya’ni u oilaga oid ishlarga tezda qo‘li kelishadi va eplab ketadi.
Yaxshi va sog‘lom xotindan yaxshi va sog‘lom bolalar tug‘iladi. Xulqli va adabli xotin xulqli va adabli bolalarni tarbiyalab beradi. Xotin hatto o‘qimishli bo‘lmasa-da, agar olimning qizi bo‘lsa, olimlikka layoqati bor bolani dunyoga keltira oladi.
Shu bilan kelin tanlashga oid gaplarimizni tugatamiz. Kelinning maishiy ishlari – mehnatkashligi, ro‘zg‘or tutish va boshqa jihatlari oilada shakllangani uchun uni tanlashda asosiy omil hisoblanmaydi, uchrashuvga chiqadigan kuyov kelinning tashqi tomonidan ko‘ngli to‘lsa, kifoya; yaxshi oilaning qizi yaxshi xotin bo‘la oladi. Kuyovlar hozirgi kundagidek uchrashuvlarga chiqib nomzod bilan har qancha valaqlashsa-da, toki ushbu aytilgan qoidalarga muvofiq kelin tanlanmas ekan hech qachon munosib juftni topa olmaydilar. Shu sababli, hurmatli ota-onalar eski qoidalarni tiriltirsinlar va bu masalada juda jiddiy yondashsinlar.

Akrom MALIK


Ikkinchi fasl

Kuyov tanlash

Kuyov tanlash kelin tanlashdan jiddiy farqlanadi, tabiiy. Kelin tanlashda oila birinchi e’tiborga olinsa, yigitning uylanish ostonasida qay shaklda ekanligi muhim. Qay shaklda der ekanmiz, uning eng avvalo, jismoniy va ma’naviy salomatligi hamda biror kasb-hunar sohibi bo‘lishini nazarda tutmoqdamiz.
Jismoniy salomatlik nima ekanligini tahlil qilaylik. Bu yigitning to‘rt muchasi sog‘ligidir. Albatta, tug‘ma yoki insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar ila muayyan nuqsonlar hisobga olinmaydi. Lekin yigit kishi jismoniy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘lishi uning uchun ijobiy sifatdir. Ertalab yuguradigan, turnikka tortinadigan, suzadigan va umuman jismoniy sihhatiga, jismining shakliga e’tiborsiz bo‘lmagan yigit haqida, hech bo‘lmasa, qat’iyatli degan xulosani qilish mumkin.
Yigitning kiyinishi, sochi va o‘ziga qarab yurishi ikkinchi e’tiborli nuqtadir. Yengi uzun ko‘ylak, me’yordagi shim, kalta soch va shu kabi erkak tabiatiga yarashiqli qiyofa ichki olamning aksidir. Sochini savatdek qilib, yarqirab yurishni sevadigan yigit hali erkaklik bosqichiga kirmagan, dunyoqarashi komil shakllanmagan, o‘zini o‘zi ko‘z-ko‘z qiladigan o‘smirlik bosqichida yashayotgan bola, xolos. Chunki ulg‘aygan qalb va aql yengiltak qiyofa bilan jamiyatda namoyon bo‘lishga izn bermaydi.
Kasalliklarning ko‘rinmagan turlari juda ko‘p. Ular ichida xavfli va tuzalmaslari, ya’ni oqibati ayanchli tugaydiganlari anchagina. Shu sababli, kuyovlikka nomzodning tibbiy tekshiruvi bugun ahamiyatlidir. Qon tahlillari va hokazolarning ishonchli natijalarini qizning otasi ko‘rishi shart. Bu masalada g‘aflatda qolish mumkin emas. Buni kuyov tomon ham to‘g‘ri qabul qilmog‘i lozim. Ko‘z qorachig‘i kabi o‘stirilgan qizni bedavo dardga chalingan yigitga berishga hech bir sog‘lom tafakkurli ota-ona rozi bo‘lmaydi va bu tabiiydir.
Ma’naviy salomatlik masalasiga kelsa, bu haqida gap shulki, yigitning e’tiqodi sog‘lom bo‘lmog‘i shart. Ya’ni uning, eng birinchi galda, diniy saviyasi tekshirilmog‘i lozim. Bu masalada qizning ota-onasi biror ahli ilmdan iltimos qilmog‘i mumkinki, yigitning bu bobdagi to‘xtamlarini bir ko‘rsin. Shuningdek, davlat va siyosat bilan bog‘liq qarashlarini ham elakdan o‘tkazmoq maqbul, chunki har bir erkak bu masalada yetarli va to‘g‘ri nuqtada bo‘lishi yaxshi sifat.
Yigitning kattalar bilan munosabati, kichiklarga shafqati, ayollarga ehtiromi, aql va farosati, odob va axloqi, mas’uliyati va birso‘zliligi, bosiq va vazminligini diqqatdan qochirilmaydi. Bu masalalarda qizning otasi bo‘lajak kuyov bilan aka-ukalari, qaynilar, ya’ni qizining tog‘alari va shu kabi jo‘yali qarindoshlar guvohligida suhbat qilishlari matlubdir. Turli savollar berilsa, yigit o‘zini qanday tutayotganiga e’tibor qilinsa, keyin xolis maslahat bilan bir qarorga kelinsa, xayrli bo‘ladi.
Albatta, kuyov tanlashda uning yaqin-atrofdagi mahalladan bo‘lishi, ota-onasining hurmatli ekanligi asosiy baholash mezonlaridan biri hamdir.
Bir yigitga qirq hunar oz. Ilgarilari bo‘lajak kuyovlarga o‘tin yordirilgan. Bugun ham aynan o‘tin yorib ber deyilmasa-da, shuning biror muqobil shakliga ehtiyoj yo‘q emas.
Hazrat Bahouddin Muhammad Naqshband quddisa sirruhu bobomiz murid bo‘laman degan odamlarni qabul qilishdan avval, albatta, biror hunar o‘rganishini talab qilar ekanlar. Hunarsiz odamni muridlar safiga qo‘shmagan ekanlar. Chunki erkak o‘zi uchun halol tirikchilik vositasiga ega bo‘lsa, tamagirlik xataridan uzoq bo‘larkan.
Shu sababli kuyov bo‘lmish biror qo‘l mehnatini uddalashi maqsadga muvofiq.
Poytaxtimizda kelinlikka tayyorlov kurslari bor. Lekin kuyovlikka tayyorlov kursini hali ko‘rmadik, holbuki, yigit kishi qizdan ko‘ra ko‘proq oila uchun maxsus tayyorlanmog‘i aql va mantiqqa to‘g‘ri keladi, shuningdek, bugungi zamon hayotining talabi ham shu.


Uchinchi fasl

Sovchilik

Eski zamonlarda sovchilar: “Ostonangizni supurgani keldik”, “Qulchilikka keldik”, – der edilar. Qizi borning nozi bor deya qizli uyning shartlari, dimoq-firoqiga chidashgan. Albatta, hamma ishning o‘z yo‘l-yo‘rig‘i bor.
Bundan o‘n besh yil oldin bo‘lsa kerak, “O‘zi uylanmagan sovchi” degan serial chiqqan edi. Yana bir allaqaysi kinolarda sovchilik masxara qilindi. Goh-goh har xil sahnalarda bu kabi illatlar hamon ko‘zga tashlanadi. Sovchilik deb atalgan ish turi va sovchi nomli insonlar maqomiga ham putur yetgandek tuyuladi.
Bir oilaning ko‘z qorachig‘i kabi o‘stirgan qizini borib, olib kelish oson yoki o‘z-o‘zidan bo‘lishi mumkin emas. Buning uchun, zamonaviy tilda aytilsa, diplomatiya zarur. Oila kichik va qudratli davlat, qiz olish mana shu davlat bilan manguga rishta bog‘lamoqdir. Buning uchun, dastavval, sovchilik diplomatiyasi harakatga tushadi.
Sovchilar hamda sovchilik – bu qizli xonadonning ehtiromi, qizning qadr va qiymati sanaladi. Sovchilik bu gaptashir (telefon) orqali bitadigan ish emas, jarayonni bu shaklda hal qilishga urinish ayni nodonlikdir.
Sovchilikning birinchi bosqichi – kimni kelin qilish masalasida qat’iy to‘xtamga kelishdir. Falon mahallada qiz bor ekan, rasmini ko‘r; bir borib kelaylik; o‘qishiga borib kelaylik va hokazo gaplar va usullar to‘g‘ri emas. Kelin, ya’ni o‘g‘il uchun umr yo‘ldosh – bir umrlik, balki oxiratda, jannat uylarida birga bo‘lishi lozim bo‘lgan bir hamroh tanlanmoqda. Bu ish mol bozorida mol sotib olishdan yer va osmondek farq qiladigan ishdir.
Nomzod haqida qat’iy qaror olingani yaxshi: “Shu qizni kelin qilamiz”. O‘g‘ilga ham shu qizni olish maqsadga muvofiqligi asoslab berilmog‘i kerak. Qiz bilan uchrashishga borishdan avval yigit uylanaman degan sobit bir fikrda bo‘lsa, tayinsizlik va qarorsizlikdan uzoqlashiladi. Uchrashuv degan jarayonda yigit qizga ma’qul keldimi, yo‘qmi – shunga ko‘proq e’tibor berilishi kerak. Hali bu masalaga so‘zimiz davomida yana to‘xtalamiz.
Ikkinchi bosqichda qizning uyiga kimning sovchi bo‘lib borishi hal etiladi. Sovchilikka ota-onaning darhol bormasligi maqsadga muvofiq. Chunki qiz tarafning raddi yo qabuli mavhum, agar rad etilsa, ota-onaning haybatiga unchalik yaxshi holat bo‘lmaydigandek; bittada qabul bo‘lishi esa haqiqatdan juda yiroqdir. Amaki-tog‘a kabi jo‘yali qarindoshlar, shuningdek, mahallaning va oilaning yaqini bo‘lmish el orasida ehtiromli bir kishi ham sovchi sifatida tanlangani yaxshi.
Uchinchi bosqichda sovchilar qizi bor eshikni taqillatishadi. Masala jiddiy ekan, erkaklarning sovchiligi birinchi borishda, ayollarning sovchiligidan afzal tursa kerak. Umr savdosi oila boshliqlari tomonidan hal etilgani ma’qul. Tabiiyki, tezda rozimiz, qizimni beramiz degan gap ilk so‘rashdayoq aytilmaydi. Bu juda kamdan-kam hollarda ro‘y beradi. Qiz tomonga sovchilarning gap-so‘zi, nomzodning o‘zi haqidagi ma’lumotlar iliq tuyulsa, yana bir kelingizlar, maslahat qilamiz deyishlari lozim. Xalq orasidagi ayrim urflarga ko‘ra sovchilar keltirgan hadyalarning qabul etilishi mana shunga ishora sanaladi. Aslida, kelingizlar, ko‘ramiz deyishning o‘zi ishning jiddiy ravishda oldinga siljiganidan dalolatdir. Mabodo, qizimiz yosh deb hech qanday royish berilmasa ham, quda bo‘lish qaroriga kelgan yigit tomon kelgusi safar yana xuddi birinchi marta kelgandek qayta borishi mumkin.
To‘rtinchi bosqichda avvalgi sovchilar yana kelishadi. Bu oraliqda qiz tomon kuyovlikka nomzodni diqqat bilan o‘rganadi. Shu safargi tashrifda yigitni bir ko‘raylik degan taklif beriladi. Yigitning qiz xonadoniga kelishi masalaning deyarli bitganiga o‘xshaydi, lekin bu holda ham qiz tomonda rad javobini berish haqqi to‘liq saqlanib turadi.


Yigit bilan qiz tarafning otasi, amaki-tog‘alari, boshqa jiddiy odamlar yaxshi suhbat qiladilar. Kuyovlikka nomzodga haddan tashqari bosim o‘tkazmay, erkinlik beriladi; qanday savollarning javobi qiziq bo‘lsa, o‘sha savollar aytiladi; kuyovning har bir holati kuzatilib, tahlilga tortiladi. Bu uchrashuv kuyovning jiddiy xotiralaridan biriga aylangani yaxshi. Ya’ni xotin olish o‘yin emasligini yigitcha butun vujudi ila tushunsin. Uylanish mutlaqo boshqa odamga aylanishdir. Uylanish seni ahamiyatli shaxsga aylantiradi.
Yigit ma’qul topilgach, qiz bilan uchrashuvi tashkillanadi. Bu ikki nomahramni, kinolardagi kabi masxara bir tadbirga jalb qilish emas, albatta. Uchrashuv qizning xonadonida ikki yosh bir-birining yuzini, tashqi qiyofasini ko‘rishi, joiz bo‘lsa, ovozini biror oddiy savol orqali eshitib ko‘rishdan va shunga ketgan qisqa daqiqadan iborat jarayondir. Chunki qiz va yigitning qandayligi – sifati va axloqi ota-ona tomonidan tekshirib bo‘lingan va ijobiy to‘xtamga kelingan, endi yoshlarning ko‘zi bir-birga tushib, yuragi biroz jizillashi kerak edi, xolos.
“O‘tkan kunlar”da Otabekning Kumushga uylanish jarayoniga qarasak, tariximizda, hatto shu ham bo‘lmagan ekan.
Itoatli o‘g‘il va itoatli qiz hech qachon ota-ona ra’yiga qarshi bormaydi. Ular ota-onaning oqilona qarorlarini qabul qiladilar.
Biz bu o‘rinda to‘g‘ri oilalar haqida aytayotibmiz. Bolasiga yaxshilik qilishni o‘ylamaydigan xudbin ota-onalar yoki johil va ko‘r bolalar haqida emas.
Shu tariqa, qizdan yigit haqida so‘raladi, hayo qiz bola uchun birlamchidir; u ha, yoqdi, tegaman deya ota-onasiga aytishi bu juda g‘ayritabiiydir. Agar bu kimlar uchundir bugun tabiiy bo‘lsa ham, haqiqat o‘zgarmaydi: ota-onaga baqrayib yoki boshqaga bo‘lsin, erga tegaman yoki tegmayman deyish bezbetlik, xolos. Shu bois, qiz bunday nozik savolga sukut saqlashi, qizargan holda uyalib ketib qolishi – bularning hammasi qiz bolada tabiiy kechadi, uyushtirish imkonsiz – shu rizolik alomatidir.
Yigit va qizning bugun ommalashgani kabi soatlab gaplashishi, aslida, ahamiyatsiz hodisadir. Chunki bu gaplashish hech narsani hal qilmaydi: yigit va qiz bir-biriga suzilib nima deb qasam ichmasin, nima deb kelishmasin, bu gaplar hayot davomida hech qachon amalga oshmay qolib ketish ehtimoli to‘qson to‘qqiz va vergul, yana to‘qqiz foiz haqiqatdir. Zotan, shahvatga asir yoshlar bu o‘rinda o‘zlarini bir-biriga ko‘z-ko‘z qilish bilan band bo‘lib, yolg‘on gaplarni qalashtiraveradilar. Ertaga turmush vaqtida jamiki safsatalari esdan chiqib ketib, bir-birini bo‘g‘ishni boshlab yuboradilar. Zotan, tarbiya va naslning sifatlari tildan chiqqan chiroyli so‘zlarga aksar hollarda mos kelmaydi: tarbiya va nasabning sifatlari o‘zini turmush jarayonida ko‘rsataveradi.
“Ummat uchun bola tug‘aman!” – degan qiz tuqqan bolasini emizishni istamasligi yoki o‘zing qara deb eriga tutqazishi mumkin.
“Seni boshimda ko‘taraman”, – degan yigitcha ertaga xotinini oyoqosti qilishi hech gap emas.
“Men poklikni sevaman! Men tozalik bilan egiz tug‘ilganman!” – degan qiz isqirt xona va is bosgan oshxonalarda ham uxlayveradigan bo‘lib chiqish ehtimoli yo‘q emas.
Va hokazo. Onasi bir necha bolani dunyoga keltirib, oq yuvib, oq taraganini ko‘rgan, yog‘ tushsa yalagudek bo‘lgan uyda o‘sgan qiz har xil gaplarsiz ham ummat uchun tug‘adi va pokiza yashaydi. Otasi onasini ehtirom etganini ko‘rgan yigit balandparvoz va’dalarsiz xotiniga qanday me’yorda muomala qilishni biladi.
Bu masalada xulosa qiladigan bo‘lsak, yosh yigit-qizlarning oila qurish maqsadidagi o‘zboshimcha uchrashuvlari, keraksiz yozishmalari, uzoqdan uzoq “romantika”ga boy valaqlashishlari bir tiyinga qimmat ishlardir. Aksincha, bu ularga faqat ziyon keltiradi: to‘ydan keyin na hayajon bor; na bir-biriga entikish ila talpinish. Zotan, ular to‘ygacha aksar hayolarini sovurib, deyarli barcha pokiza tuyg‘ularni kuydirib yo‘q qilib bo‘lganlar. Endi bir-biridan zerikish yoki boshqa axloqqa zid ishlar, adabsizliklar ila mashg‘ul qolishlari ham hech gap emas.


Bundan kelib chiqadiki, sovchilik, eski udumlarga ko‘ra qiz tanlash va uylanish juda katta foydadir; qurilajak oilaning poydevori ana shu ishlardan boshlanadi; sovchilikning bu qadar bosqich va o‘ziga xos murakkabliklari kelajakda qiz va yigit oilani o‘ta jiddiy bilishi va hayotiy masalalarga ehtirom va ehtimom bilan qarashlariga, bir-birini avaylashlariga zamin hozirlaydi.

Akrom MALIK


Toʻrtinchi fasl

Non sindirish va toʻy

Sovchilik ishlari bitgach, non sindirish amali bajariladi. “Non sindirish”ni fotiha to‘yi ham deyiladi. Bu urfning mohiyatini bilish uchun to‘yning ma’no-maqsadi, mazmun-mohiyatini bilishga ehtiyoj bor. To‘y haqida ham yetarli va to‘g‘ri, tizimli va asosli ilmga muhtojmiz. To‘y ayrimlar o‘ylagani kabi to‘rtta odam bilan o‘tadigan tadbirdan farq qiladi yoki umr bo‘yi yiqqan-terganini to‘kish ham to‘y emas. Otarchini davraning to‘riga chiqarib, yarim tungacha baqirtirish; o‘yinchilar ustidan pul sochish; Xudodan so‘ralishi kerak bo‘lgan tilaklarning ovozdastak tutib, hammaning oldida xo‘jako‘rsinga, riyokorlikka aytish; mol suvni qanday bosh ko‘tarmay ichsa, shunday shaklda aroqni ichish; it tongda qanday xor bo‘lib yotsa, shunday xor bo‘lib yotish; bo‘kalak chaqqan buzoq qanday shataloq otsa, xuddi shunday qilib shataloq otib davrada sakrab o‘yinga tushish; soxta “love story” suratlar; maxsus raqs o‘rganib to‘yxonani teatr, to‘yni spektakl qilib, mehmonlarga tomosha ko‘rsatish – bularning hech birining to‘yga mutlaqo aloqasi yo‘q, hatto aql va farosatga, mantiq va tafakkurga, sog‘lom hayot va to‘g‘ri turmush tarziga begona bo‘lgan hamoqatga to‘lib toshgan ishlardir, xolos.
Tillarda islomiy to‘y degan atama ham paydo bo‘ldi, aroq qo‘ymay, otarchi chaqirilmagan to‘yni islomiy deb atash hamda bunday to‘y qilishni radikalizm deb hisoblashdek chalkashliklar ham kuzatilmoqda.
O‘zbekning boshini to‘y yeydi, to‘ylarni qanday qilib ixchamlashtiramiz, qanday qilib maromga solamiz degan tashvishlar ham hamma yoqni tutgan. Amir Olimxon hazratlari davridan buyon hal qilinmayotgan muammolardan biri to‘y muammosi bo‘lib turibdi. Aslida, to‘y nima ekanligini bilish ko‘p noaniqliklikarni yechgan bo‘lur edi.
To‘y so‘zi ovqat yeb, to‘y degan ma’noni ifodalashi zohiran ko‘rinib turibdi. Ya’ni och-yalang‘ochlarga yaxshilik qilish mazmuni namoyon. Masalani shu nuqtadan turib yechish mumkin.
Birinchidan, to‘ydan murod ikki yosh – yigit va qizning nikoh bilan halol oila qurganligining elga e’lonidir: “Hammangiz bilingizlar, bizlar yurtning katta-kichigi yig‘ildik, mana shu ikki boshni qovushtirdik, ular halol bir oila bo‘ldilar!”
Ushbu maqsadning tagida oilaning ahamiyati va muqaddasligi yotadi – oila qurish inson hayoti va jamiyat hayotida shu qadar muhimki, u haqidagi xabarning o‘zi mana shunday alohida tayyorgarlik orqali butun xalqqa yetkaziladi.
Ikkinchidan, shuncha odam keldimi, ularga yangi bir oilaning daragi bildirildimi, endi ularning duolarini olaylik. Buning uchun ularning qorinlarini to‘ydiraylik – bu eng muhim yondashuvlardan biri. Kimning duosi qabul? Ulug‘larning, mazlum-bechoralar, kambag‘al-muhtojlar duosi qabul. Ularni chaqirmoq, hammasiga osh-ovqat bermoq, imkoni bo‘lsa, yaxshi liboslar ila siylamoq, so‘ng hammasining qalbiga quvonch kirgach, duolarini olmoq qanday go‘zal. Endi ular omin desalar, oila haqqiga qilingan duo ijobat. Duoning ham murodi – oila baqosini ta’min etmoqdir. Ya’ni oila qurildimi, endi uning sobit va barqaror bo‘lishi jamiyat uchun ham o‘ta zarur. Buning uchun Xudodan yordam so‘rash kerak. Xudo bir guruh bechora bandalari yig‘ilsa, ularning qalbi ehson ila xushnud etilsa va hamma yolvorib so‘rasa, albatta, duoni ijobat qiladi – oila mustahkam turadi, oilani Xudo himoya qiladi; er-xotin orasiga muhabbat va marhamat soladi.
Uchinchidan, odamlar tirikchilik bilan band, hammaning ham ilm va ma’rifat olishga vaqti va sharoiti yo‘q. To‘yxonaga izzat va sharaf, ilm va taqvo sohibi bo‘lgan bir ulamo chaqirilsa, ul zot insonlarning toqatidan kelib chiqib, ma’noli bir va’z qilarkan, odamlar uni tinglaydi; qalblar yumshab, unutilgan haqiqatlar yodga keladi.
To‘rtinchidan, insonlar turmush tashvishlari bilan ovora ekanlar, bir-birlari bilan uchrashishga vaqtlari yo‘q. To‘yda ular diydorlashadilar, kayfiyatlar ko‘tariladi, qalblar sururga to‘ladi.