«Mumtoz oila» · 1 / 23

Muqaddima

4 daqiqa o‘qish

19-asrning oxiriga kelib dunyoning barcha burchaklarida eski qadriyatlarga zarba berish boshlandi. Bu hatto urushlar shaklida sodir bo'ldi. Biz urushlarni siyosiy sabablarga bog'laymiz, lekin urushlarning negizida madaniyatlar va qadriyatlar asosiy omil bo'lish ehtimoli ham yo'q emas. Iqtisodiy maqsadlar bilan o'lkalar zabt qilindi deb aytamiz, lekin iqtisodiy maqsadlarga erishish bilan mustamlaka siyosati to'xtamadi — xalqlarning zehniyati va urf-odatlariga, e'tiqod va qarashlariga daxl qilindi, bu bosqichli amalga oshirildi: bosqinchi bu o'lkalarga o'z yurtidan kallakesar va dordan qochganlarni olib keldi; bu hodisa deyarli barcha mustamlakalarda kuzatildi; so'ng u kallakesarlar bu yerda emin-erkin holda o'z "madaniyatlari" asosida yashashdi; bu "madaniyat"ni targ'ib qildilar — ichkilik, fahsh va kayf-u safoning boshqa turlari mazkur "madaniyat"ning markazida turdi.
Yerli xalqlarning ma'nan zaifroq vakillari bosqinchilar "madaniyati"ga ergashdilar, ammo ular bu bilan cheklanmay o'z qadriyatlariga qarshi kurashib, yot "madaniyat"ni targ'ib qilishga kirishdilar, chunki xojalarining talabi hamda sotqinlikning tabiati shuni taqozo qilar edi. Ilk hujum oiladan boshlandi: farzandlar ota-onaga isyon qiladigan, ularning itoatidan yurmaydigan bo'lishni boshladilar; xususan, yetuk badiiy asarlarda ham buning aksi ko'rinadi, masalan, ayrim asarlarda bosh qahramonlar hecham otasini mensimaydi: otadan ruxsatsiz, maslahatsiz uylanadi; otaga doim gap qaytaradi, otasini ayblaydi; onani esa mutlaqo nazarga ilmaydi, hatto go'yo "ota-ona roziligi uchun uylanadi" va hokazo — shu tariqa, mustamlaka xalqlar ongida ota-ona qadri yerga urilib, bolalar ota-ona yo'rig'idan yurmaydigan, ularni ayblaydigan bosqichga shiddat bilan yo'l oldilar.
Shu barobarda — oilaning tayanchi bo'lgan, oilaning asosi hisoblangan, oilaning yuragi atalgan ayol oiladagi oliy vazifa — onalik ishini bajarishdan yulib olindi. Ya'ni unga jamiyatdagi ishlar yuklandi: dalaga olib chiqildi, zavodga ishga kiritildi, traktorga o'tqazildi va hokazo, shunday qilib bolalar tarbiyachidan mahrum etilgach, yaslilarga — bog'chalarga topshirildi; bog'chalarda atak-chechak qiladigan go'daklar ota-onaga mehrsiz bo'lib ulg'ayishdi hamda oilaning qadriyatlari — otaga itoat va hurmat, onaga ehtirom nimaligini unutishdi; ular o'z hayotlarini o'zi qurishga intilib, nafslariga ergashib maqsaddan teskari tarafga ketishdi. Qalbning taskini, hayotning gulshani bo'lgan oiladan emas, ko'cha-ko'ydan, harom-harishdan halovat izlaydigan bo'lishdi. Ular ham oila qurdilar,lekin ularda oilani qanday asrash, er-xotin orasidagi mumtoz axloq; bola tarbiyasi haqidagi amaliy ilm yetishmas edi, ularning bolalari ham yaslilarda, keyin maktablarda katta bo'lishdi, ular ota-onalaridan yana ham uzoqlashdilar; ular ota-onalariga ko'proq bo'ysunmas va isyonkor bo'ldilar, ular o'zlari uchun yangi hayot modelini izlay boshlashdi; ularda o'zidan kattaga itoat mutlaqo yo'qolmoqda edi. Endi ota-ona va bolalar orasidagi ziddiyat kuchaydi.
Bu avlod ham oila qurdi, ammo ularning zurriyodlar o'zlaridan battar ahvolda qoldilar: ular ota-onani faqat ta'minotchi deb bilishdi, ota-ona ham o'zini shunday deb o'ylar edi; endi bolalar ota-onani nazarga ilmaydigan bo'ldilar; ota-onaning nasihati va dakkisi bolalarga og'irlik qiladigan bo'ldi; ular ota-onadan ikkilanmay yuz o'giradigan holga keldilar; ota-ona fitriy muhabbati bilan bolalarini yo'qotmaslik uchun ularga yalinib yaxshi gapirishni boshladilar; bora-bora bolalarni qattiqqoʻllik qilmaslik, ularni taqiqlarsiz katta qilish, baqirmay ulg'aytirish "madaniyat"ga, "qadriyat"ga aylanib, bilib-bilmay targ'ib etiladigan bo'ldi; oilada bola men ustun ekanman deb katta bo'lishni boshladi, shu tariqa ota-onalar bolalarining qullari va cho'rilariga aylanadigan zamon boshlandi.


Bugun biz ana shu zamondamiz, bugun biz bolalarimizni xo'jayin bilib, ularga qul bo'lib xizmat qilyapmiz, bugun biz oila qanday bo'lishi kerak degan savolning javobini yo'qotdik va ilmi komil boʻlmaganlarning javrashiga qarab oilani modellashtirmoqchimiz, ammo biz boshi berk ko'chadamiz: o'zimiz mumtoz va komil oila modelini ko'rib ulg'aymaganimiz uchun bu narsani amalga joriy eta olmaymiz; va aytilganidek, oila bilan bog'liq gaplarning juda katta qismi mutlaq xatodan iborat, endi biz bugun butun kuchimizni mumtoz oilani tiklashga safarbar etmoqqa majburmiz, aks holda, ahvol tasavvur qilib bo'lmas darajada og'irlashadi.
Endi shu haqida gaplashamiz, duolaringiz ila...

Muqaddima qismi tugadi.

Akrom MALIK