«Mumtoz oila» · 2 / 23
Birinchi bob. Oila hukmdori — ota
Birinchi fasl
Otaning maqomi
Otaning maqomi hech qachon bahs qilinmaydi. Ota oilaning rahbari. Uning so'zi — so'z. Uning ra'yiga qarshi borish mumkin emas. Uning biror amri yerda qolishi mumkin emas. Ota so'zlaganda hamma sukut qiladi va uni tinglaydi. Ota g'iybat qilinmaydi. Otaning ustidan chaqimchilik qilinmaydi. Ota olib bergan narsalar ehtiyot qilinadi. Otaning do'stlari do'st, dushmanlari dushman ko'riladi. Otaning aka-ukalari — amakilar ota kabi hurmat qilinadi va ularga itoat etiladi.
Otani ranjitadigan ishlar qilinmaydi, so'zlar aytilmaydi. Ota amr qilsa, barcha ishlar to'xtatilib, o'sha ish bajariladi. Ota dunyoviy ishlarda farzandning moddiy ziyoniga ish buyursa ham, sevib-sevib bajariladi. Otaning xohishi uyda hammaning xohishidan ustun turadi. Otaning xatosi muhokama qilinmaydi. Ota biror aybi uchun farzand tomonidan malomat etilmaydi. Otaning ortidan kimdir malomat qilsa, farzand uni darhol qattiq himoya qiladi. Otaning sha'nini yerga uradigan, uning obro'sini tushiradigan amallar qilinmaydi. Otaning ra'yi va fikrlariga qarshi fikrlar gapirilmaydi.
Ota maslahat so'rasa, uzoq o'ylab, past ovoz bilan maslahat bayon qilinadi. Ota bilan so'zlashilganda jilmaygan yuz va chaqnagan ko'z bilan so'zlashiladi.
Otaning huzurida g'amgin holda o'tirilmaydi. Uning dargohida hamma qayg'u va tashvishlar unutiladi. Qanday muammo bo'lsa, otaga bayon etilib maslahat olinadi. Qanday yutuq bo'lsa, chiroyli bayon qilinib, ota shodlantiriladi.
Otaning oldida cho'kkalab o'tiriladi, yalpayib o'tirilmaydi, yotib olinmaydi. Ota o'rnidan tursa, darhol farzand ham turadi. Otaning ko'ziga tik qaralmaydi.
Boshqa insonlarning otasiga til tekizilmaydi, balki ularning oldida ularning otalari ham ehtirom bilan zikr qilinadi.
Otaning faqat yaxshi sifatlari eslanadi; aytiladi; ibrat olinadi.
Otaning xizmatiga shay turiladi. Otaning ehtiyoji u aytmasidan avval bajo keltiriladi. Farzand imkon qadar otaning ko'zlari va harakatlariga qarab, qilmoqchi bo'lgan ishlarini, nima istayotganini sezib, o'sha ishni bajaradi va o'sha narsani muhayyo qiladi.
Otaning haqqiga har kuni duo qilinadi.
Otaning oldida baland ovozda gapirish, xoxolab kulish, nojoiz soʻzlar aytish mutlaqo joiz emas.
Ota shariatdan tashqari ish buyursa, bajarilmaydi, indamay sukut qilinadi va e'tiroz ham bildirilmaydi, gap ham qaytarilmaydi.
Akrom MALIK
Ikkinchi fasl
Otaning axloqi
Ota oilaning barcha yukini yelkasida koʻtaradigan ustundir. U buni chuqur anglaydi. U goʻzal axloqni oʻzining bosh tamaliga aylantiradi.
Ota, bu eng avvalo, matonat sohibi. U oila tashvishlari va mashaqqatlaridan ortga qochmaydi. U muammo va qiyinchiliklarni yelkasiga mardona oladi. Uning uchun oila va uning ishlari hayot va mamot masalasi.
Ota jasorat egasi. U oilaning himoyasida hech narsadan qoʻrqmaydi va choʻchimaydi. Oilani ham jisman, ham ma’nan qoʻriqlaydi, farzand koʻmakka muhtoj boʻlsa, qanotsiz uchib boradi; uyning har bir holatiga javobgar: kechqurun eshiklarni yopadi; chiroq va gazlarni tekshiradi; qandaydir ehtimoliy xavflarni oldindan his qiladi va himoya chorasini koʻradi.
Ota ichmaydi. Chekmaydi. Fahsh va boshqa yomon ishlardan uzoq turadi.
Ota zulm qilmaydi. Ota shoshilmaydi. Ota sabrli va halim boʻladi.
Ota oiladagi hammani, xususan, farzandlarini diqqat bilan kuzatadi. Ulardagi jismoniy va ma’naviy oʻzgarish, oʻsishlarni nazardan qochirmaydi. Bolalarining koʻzi, yuzi, rangi – hammasi haqida biladi.
Bolaning qachon gʻamgin, qachon xursand boʻlishidan xabardor. Bolaning gʻayratli yo dangasa; rostgoʻy yo aldoqchi boʻlayotganidan gʻofil qolmaydi.
Bolasining tabiati nimani sevib, nimadan nafrat qilishini biladi. Bolaning ilmga yoki kasbga, qaysi hunar va sohaga qiziqayotganini sezadi.
Bolani kattalar oldida, koʻcha-koʻyda oshkora erkalatmaydi, oʻpib, yalab-yulqamaydi. Balki harakatlari, gʻamxoʻrligi bilan buni sezdirib turadi.
Bolani tahqirlamaydi. Xatosini muloyimlik ila aytadi. Tuzatadi. Tuzatishi uchun yordam beradi.
Bolaning gaplarini tinglaydi. Lekin hamma gapini rost demaydi, balki tekshiradi, soʻng yo tasdiqlaydi, yo rad etadi.
Bolani hech bir on nazoratsiz tashlamaydi, lekin buni unga zarra qadar ham sezdirmaydi.
Bolaning ayblarini koʻrsa, avval ikki qayta ogohlantiradi, soʻng jazo choralarini koʻradi.
Gʻazabini biror shaklda oʻta me’yorda bildirib qoʻyadi, toki bola otaning gʻazabi borligini bilsin.
Ota va bola oʻrtasida parda boʻlishi tabiiy. Ota bola bilan sirdosh va doʻst ekanini fosh etishga urinmasin, balki bolaning butun ruhiyatini bilib tursin. Otaning muhabbati hamisha pinhondir va zaruratdir. Ya’ni tilga chiqmaydi, izhorlar etilmaydi. Muayyan shakllarda va muayyan holatlarda bildiriladi, tabiiy. Bunday ehtiyoj fursatini otaning fahmi tushunadi.
Ota mehnatdan qoʻrqmaydi. Mehnatdan chekinmaydi. Ota gʻiybat qilmaydi, hech kimni yomonlamaydi.
Ota sirli shaxs, uning tashvish va qaygʻulari, quvonch va sevinchlari bolaga sir boʻlib qolaverishi kerak.
Ota erta uygʻonishi, butun oilani uygʻotishi lozim.
Ota ibodatlarini oʻz vaqtida bajarishi, duolar qilishi, halol va pok badan, toza libos bilan yurishi kerak. Ota hech qachon avrat sanalgan a’zolarini yanglish holda ham bolaning koʻrib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka sa’y qiladi.
Bolaga kichikligidan uning muhim shaxsligini otaning unga e’tibori va diqqati namoyon etadi.
Akrom MALIK
Uchinchi fasl
Otaning oiladagi siyosati
Ota oilada aksar holatlarda jiddiy va tabassumli odamdir. U xotirjam va osoyishta, vazmin va ogʻir-bosiqdir.
Ota har bir bolasini juda chuqur biladi. U bolasining tarbiyasini oliy oʻringa qoʻyadi.
Ota hali farzandlari maktabda oʻqir ekan, ular bilan har hafta umumiy suhbat oʻtkazadi.
Suhbatning ma’nosi – bu hafta kim nimalar qildi, nimalar qila olmadi?
Bolalardan doʻstona shaklda maktabi, ustozlari, oʻrtoqlari haqida soʻraladi. Tinglanadi. Ularga muayyan ragʻbat ma’nosida hissiy munosabatlar bildiriladi: “Iya, shunday ekanmi? Haa… Voooy. Qoyil! Qani, koʻrsat-chi?”
Xato gapirsa ham, darhol tanbeh bermaydi, suhbat soʻnggida mana shu joyi toʻgʻri boʻlmadi deb aytadi.
Muhim nuqta shulki, olamda farzand dunyoqarashiga ta’sir qiladigan eng kuchli quvvat — otaning soʻzi va amalidir. Farzand otadan eshitgan soʻzini umrbod qoʻyib yubormaydi, qulogʻiga durdek osib oladi, qalbidan chiqarmaydi. Otadan koʻrganiga umrbod taqlid qiladi. Farzand bugun boʻlmasa, ertaga; erta boʻlmasa, indinga otaning nasihatiga, oʻgitlariga suyanib qoladi. Balki dastavval nasihatlar qiymatini tezda anglamas, lekin bora-bora tushunadi, his qiladi, ya’ni farzandda ota soʻzini unuttirmaydigan fitriy sifat mavjud, buni ota chuqur biladi va bolasiga nasihat qilishdan, oʻz soʻzlarini hayotiy voqea va hikoyatlar bilan ziynatlashdan aslo toʻxtamaydi.
Ota ilmga gʻayratli insondir. U hamisha oʻqish, izlanishda boʻlib, bu jarayondan hech toʻxtamaydi, uning ilmsevarligi, ma’rifati oilaga, bolalariga ta’sir qilmay qolmaydi.
Ota haftalik oila majlisiga imkon qadar oʻzi shay turadi, telefonlar unutiladi, hamma qizgʻin suhbat qiladi. Ota bolalarini tinglarkan, bolalar ham avvalo, ota-onani, soʻng bir-birini tinglashni oʻrganadi.
Ota hamisha ona maqomini oilada yuqori qoʻyadi, buni amalda ham, soʻzda ham namoyon etadi, onadan maslahat soʻraydi, u bilan ayrim masalalarni muhokama qiladi, bolalar onaning moʻtabar va hurmatga sazovor ekanligini koʻzlari bilan koʻrib ulgʻayishadi.
Ota tozalikka qattiq e’tibor beradi: uy, hovli, liboslar, idish-tovoqlargacha toza boʻlishini nazorat qiladi. Hech bir farzandining kir holda yurishiga izn bermaydi.
Ota buyurgan ishi bajarilgan yo bajarilmaganini tekshiradi. Yaxshi bajarilgan boʻlsa, bolasini barakalla deb maqtaydi; agar kamchiligi boʻlsa, yana maqtab tuzatadi.
Ota bolalariga ularga ogʻir va bajarish qiyin, imkonsiz ishni buyurmasin, bola bajarolmasa, yoki ota amri uyda ado qilinmasa, buning sabab va oqibati taftish qilinmasa, otaning ma’naviy quvvatiga xonadonda putur yetadi.
Ota oilada oʻz sha’ni va hurmatini saqlab turish uchun kurashadi, ya’ni hech qachon oʻziga dogʻ boʻladigan amalni qilmaydi, chunki bolalar oldida sharmanda boʻlish ogʻir.
Ota bolaning chin ma’noda sohibi, hamma jihatdan bolasiga egalik qiladi: bolaga erkinlikni, mustaqillikni ham his ettiradi; ham nazoratda ekanini bildiradi; bu nazorat bolaga boʻlgan e’tibordan ekanligini sezdiradi.
Ota hech qachon farzand oldida tili qisiq emas. Farzanddan oʻzini past holda tutmasin. Bola oʻsmirlikka yaqinlashgdan siyosat jiddiylashadi, bola mas’uliyat nima ekanini sezishni boshlaydi.
Akrom MALIK
Uchinchi fasl
Otaning oiladagi siyosati
(Boshlanishi. Davomi)
Otaning o'g'il va qizga nisbatan yondashuvi farqlidir. Qizga qattiq gapirmaydi, faqat yumshoq gapiradi. Ota qizini o'pishi tavsiya qilinmaydi, shuningdek, qiz ham otani o'pmasligi kerak. Bu milliy eski tarbiyaning bir qismidir.
Qiz tarbiyasi bilan ona shug'ullanadi va bu haqida alohida bobda aytiladi.
Ota o'g'ilni nazoratda tutar ekan, buning shartlari bor. Birinchidan, o'g'il mumkin va mumkin emas ishlar ro'yxatini bilishi kerak, unga bu haqida bosqichma-bosqich hamda alohida suhbatlarda yoshiga qarab aytib boriladi.
Ikkinchidan, ota ayrim hollarda o'g'ilning xatolaridan ko'z yumishi, ishoralar bilan uni to'g'irlashga da'vat etishi kerak. Bila turib, o'zgalarning nuqsonidan ko'z yumishning nomi tag'oful deyiladi hamda go'zal xulqning o'ndan to'qqiz qismi tag'ofuldan iborat deyilgan.
Uchinchidan, ota o'g'ilning yoshi katta bo'lgani sayin unga mustaqil qaror qabul qilishi uchun sharoit yaratib berishi kerak, o'g'il bu qarorlari ortidan keladigan yutqiziqlarni ham ko'rishi va xulosa qilishi shart.
To'rtinchidan, ota — farzand uchun eng birinchi nafs murabbiysidir, ya'ni farzandning nafsini ota eng yaxshi tarbiya qilguvchidir, shu haqiqatni unutmagan holda ota o'g'ilning quturayotgan nafsini jilovlashdan ortga chekinmasin.
Ota o'g'ilga jismoniy, tashkiliy ishlarni buyurishi, bu ishlarni qanday bajarishni o'rgatishi tabiiydir. Ota o'g'liga kamida uchta hunar — qo'l mehnatiga bog'liq hunarni o'rgatishi, bu borada ustaga berishi yaxshi ish, o'g'il shu hunar orqali tirikchilik qilmasa ham, bu hunar unga butun hayoti davomida katta yordamchi bo'ladi.
Shuningdek, ota o'g'il bilan vaqt o'tkazish, sayohatga chiqish, muayyan vazifalarni birga bajarish ishlarini ham bajaradi. Ya'ni o'g'il bilan tog'ga, uzoq safarga, sportga, turli tadbir, osh, to'y, maraka, janoza kabilarga birga borishi kerak. Jarayonda o'g'il otani yaxshiroq tanib, ruhan unga yaxshiroq bog'lanadi.
Ota hamma tarbiyani men bera olaman deyishi xato. Albatta, o'g'il uchun komil ustoz qidirishi kerak. Ustozning yoshi ulug', uylangan, nomi va sha'niga dog' tushmagan, boshqa shogirdlarni kamolga yetkazgan, ishonchli odam bo'lishi maqsadga muvofiq. Hozirgi kunda ustozni otaning o'zi topmasa, o'g'il biror ustoz topsa, ota u bilan shaxsan uchrashadi, agar ko'ngliga o'tirsa, uning xizmatini qiladi, o'g'li uchun unga yaxshiliklar qilib turadi.
Bu yo'riqlarning barchasi tavsiyadir, u komil farzand tarbiyalash uchun umumiy qoidalar, xolos, unga amal qilinsa, yaxshi natija bo'lishidan umid bor.
Akrom MALIK
Uchinchi fasl
Otaning oiladagi siyosati
Oilada bir necha farzandlar o'rtasida adolat bo'lishiga ota jiddiy e'tibor beradi. Birini ikkinchisidan ustun ko'rishi, yoki past bilishi o'ta jiddiy xatodir.
Tabiiy, otaning ham, onaning ham qalbi farzandlari ichida qaysidir biriga ko'proq talpinishi mumkin, bu hol barchada birdek kuzatilmasa ham, inkor etib bo'lmaydigan holat. Bu o'rinda ota ham, ona ham donishmand bo'lishlari talab etiladi — ular bu tuyg'uni boshqa bolalarga fosh qilmaydilar. Bolalarda meni otam yoki onam boshqa aka-ukalarimdan ajratmoqda degan fikr aslo shakllanmasligi maqsadga muvofiq.
Ammo oilada o'rnatiladigan nozik bir siyosat shulki, yoshi katta farzandlarning ehtiromini kichiklar his etadilar. Ota to'ng'ich o'g'il va qizlarning izzatini qiladi, ularning aql va yosh jihatdan ustun ekanligini, kichiklar kattalar bilan maslahat qilmog'i, ularning gaplariga, so'zlariga itoat qilishlari kerakligini singdirib boradi. Buning uchun ota: "Akangni chaqir", "Akangga ham olib qo'yaylik", "Akang xafa bo'ladi", "Akang nima der ekan?", "Akangdan so'radingmi?" "Akangni tabriklab qo'y" kabi jumlalarni aytadi. O'rni kelganda aka so'zi o'rniga opa so'zi qo'yiladi.
Kichiklarga nisbata shafqat tuyg'usi shakllantiriladi: "Ukangni xafa qilma", "Ukangga olib qo'yaylik", "Ukangga berib qo'y", "Ukangga yordam ber" kabi jumlalarni aytadi.
Natijada, oilada akalar, opalar o'zidan kichiklarga mehribon, shafqatli; ukalar, singillar kattalarga itoatli, quloq tutadigan, ergashadigan bo'lib ulg'ayadilar. Kelajakda ularning meros talashishi, ovsinlar fitnasi, mol-dunyo mojarolariga uchrashi oldi olinadi, ota-onadan so'ng ular sochilib ketmaydi, balki jips holda sulolaning sharafi va nomini saqlaydilar, oilaning tarbiyasi va axloqini qo'rg'ondek himoya etadilar.
Farzandlar ulg'aygach, oilali bo'lgach, ularni va nevaralarni har oyda bir joyga jamlash, kunni birga o'tkazishlari ta'minlanadi. Bu yig'ilishda faqat jamlanib, ovqat yeyilmaydi, kim nima ish qilmoqda, kim ishsiz, kim o'qiyapti, kimda moddiy qiyinchilik bor — shu kabi masalalar muhokama qilinadi. Moddiy jihatdan quvvatli farzandlar boshqalariga yordam berishadi; sulolaning biror vakili ishsiz, muhtoj va sarg'ayib qolishiga, begona joylarda sarson yurishiga asloyo'l qo'yilmaydi.
Amakilar va tog'alar jiyanlariga hadya va sovg'alar beradilar; pul topishni boshlagan yoshlar ilk oyliklaridan va umuman daromadlaridan bobo-buvi, ota-ona, amaki, tog'a, amma, xolalarga hadyalar, sovg'alar berib duo oladilar.
Oilaning yoshi eng ulug'i — sulola rahbari hammani bir joyga jamlab, iymon-e'tiqoddan, halollik va poklikdan, o'zaro mehr-oqibatdan nasihatlar qiladi, yoshlarning, butun oilaning haqqiga duolar qiladi.
Qaynota, qaynona, qayinini, qayinopa, qayinsingillar, kuyov, kelin, ovsinlar, amaki, tog'a, amma, xola va jiyanlar munosabatlari alohida boblarda muhokama etiladi.
Akrom MALIK