«Mumtoz oila» · 23 / 23

Adoq

2 daqiqa o‘qish

Ushbu "Mumtoz oila" nomli bitikning adog‘iga bizni yetkazgan Tangrimizga hamd-u sanolar bo‘lsin!

Chin dildan orzuyim shuki, har bir so‘zimni elim o‘qib, uqishini va tushunishini istayman. Shu so‘zlar elimning dardiga darmon bo‘lishini istayman. Odamzod uchun eng kerakli gaplarni aytishni istayman.

2021-yil ikkita qissa yozgan edim. "Halqa" va "Jangchi" nomli. U asarlarni Xudoyim xalqimga juda suyimli qildi. Lekin ko‘z tegdi: bu badiiy asarlarni diniy degan tamg‘a bilan chop etishni taqiqlashdi. Diniy qo‘mita nomli tashkilot bir yildan oshgandir, chop etishga ruxsat bermayapti.

Albatta, hayot bitta asar bilan tugamaydi. Tirik ekanmiz, yozishimiz kerak. Yana yozganlarim bor, ko‘z tegmasin, ish oxiriga yetsin deb aytmay turibman, ular ham adog‘iga yetishi bilan muhtaram kitobxonlarga taqdim qilaman, nasib.

Parvardigorimdan har yilli bitta yirik badiiy kitob yozishga quvvat va ilhom so‘rayman. Va har yili hazrat Navoiyning bitta katta asarini sharhlab chiqarishni ham orzu qilaman. Odamdan nimadir qolishi kerak, shular mendan qolsa deyman.

Aziz o‘qirman!

Bu muxtasar kitob ustida ancha mehnat qildim. Ilk satrlari 2026-yil 27-aprel dushanba kuni qog‘ozga tushdi. Bugun 2026-yil 3-sentabr – payshanbadan jumaga o‘tar oqshomda kitobning so‘nggi satrlari bitilmoqda.

Qadrdon akamiz, millat fidoyisi, mohir suxandon va notiq Abdukarim Mirzayev bu kitobni ham o‘qib, xalqimizga yetkazishidan umidim bor. Xudo xohlasa, tahrir va tas'hih ishlaridan keyin u kishiga yuboraman.

Parvardigorim!

Bu kitobni o‘qigan insonni baxtli qil. Uni sevib qayta-qayta o‘qiganni ikki dunyoda saodatli ayla! Bitiklar manfaati ila oilalar sokin va to‘kin, tolesi yorqin bo‘lsin va boshiga baraka yomg‘ir bo‘lib yog‘sin!

Kitobning xatolarini yashir va uni elimga, butun odamzodga xayrli qil!

Kitobni chop etishga hissa qo‘shgan, uni insonlar qo‘llariga olishlarida xizmat qilgan hammani maqsudiga tavfiq ber!

Kitobni o‘qib, tahorat olgan holda qo‘lini duoga ochib, muallifni duo qilgan har kimning O‘zing do‘st tut va bu amali uchun jannatni mukofot qilib ber!

Kitobga kirli maqsad bilan yuzlanganlarga O‘zing kifoyasan!

Yo Rahim! Yo Karim!

Akrom Malik,
Toshkent