«Mumtoz oila» · 19 / 23
Oʻn sakkizinchi bob. Bevalik va ikkinchi turmush
Eri o‘lgan xotin, xotini o‘lgan er – ikkisining nomi beva deyiladi. Shuningdek, erdan ajragan xotin, xotinini qo‘ygan er ham bevadir. Bu so‘zga ma'nodosh sifatida tul so‘zi ham qo‘llanadi.
Har qanday er yoki ayol jufti halolidan ayrilgach, turmush qurishi uning uchun yaxshidir. Albatta, yolg‘izlikning mashaqqatiga chidash qanchalik og‘ir bo‘lsa, er-xotinlik yukini ko‘tarish ham unchalik yengil emas. Bu ikki holni tenglashtirish u qadar to‘g‘ri ko‘rinmaydi – oila qurmaslik natijasida inson naslsiz qoladi, farzandsiz o‘tadi, natijada, umrini yolg‘izlik va ozurdalik ila yakunlash xatari uni ta'qib qiladi. Oila qurgan odamga Xudo bir yaxshi baxt ato qilsa, ya'ni kimki erning sassig‘i va xotinning achchig‘iga chidasa, mehr-oqibatli farzandlar ulg‘aytirib, ularning guldek chiroyli, oftobday charog‘on chehralariga boqib, qalbining surur va shodlikka to‘lishi bor.
Yolg‘izlikdan ko‘ra oila qurish afzal ko‘rinadi.
Kimdir yolg‘iz yashashni istasa, shayton va nafsning qutqulariga yakka holda dosh berishi ancha qiyin. Shuningdek, yolg‘iz boshga malomat toshi ko‘p yog‘adi.
Oila qurish naslning uzilmasligiga bir sabab, shuningdek, oxiratga zaxira qilishning imkonidir. Yaxshi farzand tarbiyalay olsa, inson iymoni bilan o‘lsa, farzandning har yaxshi amalidan unga ajr boradi. Albatta, yomon amalidan ham ozorlanishini istisno qilish mumkin emas.
Peshona bo‘lib, insonning umr yo‘ldoshi o‘lsa yoki ajrashsa, biroz muddat o‘tkazib, xayolini jamlab, hayotini yangidan qurishni boshlamog‘i maqbul. Ammo bevalik davrida odam o‘zini mahkam tutgani yaxshi. Er bo‘lsin, ayol bo‘lsin, juft izlayman deb o‘zini obro‘siz qiladigan ishlarga qo‘l urmasin.