«Mumtoz oila» · 5 / 23

Toʻrtinchi bob

4 daqiqa o‘qish

Birinchi fasl

QIZ

O‘g‘li borning o‘rni bor, qizi borning qadri. Qiz borning nozi bor.
Qiz – jannatning kaliti. Qiz – oilaning fayzi. Qiz – mehrning bulog‘i. Odamlar qiz ko‘rganda farzand mehrini topadilar. Qiz – sadoqat timsoli, poklik ramzi, yaxshilik va barokat xabarchisi. Qizi borning bag‘ri butun. Qizi yo‘qning bag‘ri kemtik.
Qiz oilaning eng yuragi. Har bir qiz oila uchun hayot va mamot ramzi. Qizlar – oilaning siri, sharafi. Qiz qanday bo‘lsa, oila ham shundaydir. Qizning iffati va pokligi – oilaning iffati va pokligi. Qizning oqila, tezfahm va farosatli ekani – oilaning salomatligi va sihhatidandir. Qizning mehnatkash, odobli, chaqqonligi – oilaning komil va naslning oliyligidandir.
Qizning baxtiyor va rozi, ko‘zlari charaqlagan va yuzlari nurliligi – ota-onaning donishmandligi, bag‘rikeng va qat’iyatidandir. Qizning matonati, irodasi, sadoqati – naslning, sulola zotining haqiqati, sifatidir.
Qiz iffatli bo‘lsa, oilaning yuzi yorug‘. Qiz mehnatkash bo‘lsa, oilaning rizqi barakali. Qiz muloyim va nafis bo‘lsa, oilada sakiynat va saodat hukm suradi.
Qiz himoyada bo‘lsa, butun oila himoyalangan hisoblanadi. Qiz begona ko‘zlarning tahdidi, hujumi va shahvatidan omonda bo‘lsa, oilaning zoti, nasabi, sharafi omondadir. Qiz sirli bo‘lsa, bu uning uchun abadiy zirh; qiz shirin tili bo‘lsa, bu uning abadiy qalqon. Qiz qanoatli va itoatli bo‘lsa, bu uning baxt kafolati. Hech qachon bunday fazilatli va komila qizlar baxtsiz bo‘lmaydilar.
Oilaning to‘riga talpingan qiz – behad baxtlidir.
Qiz hayosiz; ochko‘z; yengiltak; aqlsiz; shalaqi, iffatsiz; sabrsiz; yengiltak; ikkiyuzlamachi; dangasa; betgachopar; bezbet; surbet; itoatsiz; matonatsiz; fikrsiz; farosatsiz; ahmoq bo‘lsa, o‘sha oilaning poydevoriga darz tushibdi; sulola xatar ostida, nasl xavf tagida qolibdi. Bunday qiz ota-onaning musibati; aka-ukalarning sho‘ri; tegadigan erining baxtsizligidir. Ko‘chaga chopib, uydan qochadigan, nasihatni olmaydigan va qarovsiz qolgan eng sho‘rpeshona qizdir.
Barcha qizlarga komil va to‘kis shodlik, baxt va pokiza sevgi yor bo‘lsin!

Akrom MALIK


Ikkinchi fasl

Qizlarga maktub

Qizgina!
Sen juda zarif, nafis va zaifa yaratilding. Sening quvvating va izzating shu sifatlaringdadir.
Sen sevikli va qadrli yaratilding, senga sevgi itoating, farosating va shirin so‘zlaringdan keladi.
Qizgina!
O‘zingni namoyish qilishga shoshma, har xil ziynatlarga o‘ch bo‘lma, dugonalaringga qarab havas zanjiriga bog‘lanma. Sening o‘zing alohida olamsan, sen bir kitobsan, uning varaqlarini hammaga ochib tashlama.
Qizgina!
Agar sen oila himoyasidan tashqariga chiqsang, tuxumdan chiqqan qush palaponi qanday jish bo‘lsa, shunday jish holda qolasan. Sen meni begonalar himoya qiladi deb o‘ylama, har qanday begona bu sovuq dunyoda senga vahshat ko‘zi bilan qaraydi.
Qizgina!
Bilasanmi, sen qanchalar sevgi va mehrga loyiqsan! Sening qalbing qanchalar sevgi va muhabbat bilan to‘lib-toshgan! Va o‘zing qanchalar sevgi va mehrga muhtojsan! Sening mehring bo‘lmasa, olam qahratonda qoladi; senga mehr berilmasa, sen gulning butasi kabi qurib qolasan.
Hammaning mehrini qozonaman, hammaning sevgisini egallayman deb o‘ylama, hammaning sevgisi va mehri – yo‘q narsadir; hammaniki bo‘lgan narsa – egasiz narsadir. Sen faqat o‘zingga tegishli insonlar mehri bilan yashay olasan; sen faqat o‘zingga tegishli insonlarga mehr berib, kimlarnidir yashata olasan.
Senga tegishli insonlar – bu ota-onang; opa-singling; aka-ukang…; va Xudo ato qiladigan umring yo‘ldoshi – xo‘jayiningdir. So‘ng farzandlaring. Ulardan boshqa hamma senga begona, ularning erkasi Sen. Ularning boyligi – Sen. Sen uchun ham ular sening hayoting mazmunidir. Shu sababli o‘zingni hech qachon begonalar qo‘liga va nazariga tashlama!
Qizgina!
Qalbingda hasad bo‘lmasin. Opa-singillaringga hasad qilma, ularga samimiy va mehrli bo‘l. Sen uchun yaqin va eng yaxshi sirdosh – opa-singillaringdir.
Qizgina!
Senga qisqa va soda gapirdim. Bu so‘zlarni yodlab ol. Ma’nosini chaq. Va qanchalik qadring balandligini unutma. Sen hayotning javhari, nuri va ildisizsan. Butun olam senga muhtojdir. O‘zingni hamisha asra. Pok nomingga dushmanlar hiylasiga uchib dog‘ tushirma, u dog‘ni ketkazish juda qiyindir.
Allohga omonat bo‘l, qizgina!

Akrom MALIK