«Mumtoz oila» · 3 / 23
Ikkinchi bob. Oilaning yuragi – ona
Jannat onalar oyogʻi ostida. Bu haqiqatni bugun faqat farzandlar emas, onalarning oʻzlari ham anglashlariga ehtiyoj bor. Jannat oyogʻi ostida boʻlishi uchun ona jannatning ustida yura oladigan boʻlishi kerak.
Haqiqiy ona hayotdagi oliy maqsad farzand dunyoga keltirish va uni parvarishlash kerakligini anglab yetgan onadir. Ona onalik maqomini anglab yetganida oʻzini butkul onalikka baxsh qiladi. Onalik maqomi yer yuzidagi eng oliy maqom boʻlib, uning oʻxshashi yoʻqdir. Ona, shunchaki vasf hamda madhlar nishoni emas, u ich-ichidan pokdomon, ich-ichidan samimiy, ich-ichidan bolaning kamoli uchun parcha-parcha qilib bera oladigan zotdir.
Ona mana shuning uchun ulugʻlanadi. Shuning uchun ham bola jannatni onaning poyidan topa oladi.
Ona bola uchun oʻz oromi, oʻz goʻzalligi va sihhatidan, hatto hayotidan voz kecha oladi, lekin evaziga hech narsa talab qilmaydi. Ona onalikdan yuz oʻgirgan onidan boshlab mazmunsizlik qa’riga qulaydi.
Ona bolani dunyoga keltirgach, kechalari bedor holda uni emizadi, unga parvona boʻladi, uning uchun kuyinadi, uning bolaga muhabbati pok va haqiqiy ekani isboti shuki, u bu ishlarini minnat qilmaydi, bu ishlari uchun evaz va badal talab qilmaydi.
Ona otani uyda taxtga oʻtqazadigan quvvatdir. U istasa, otani taxtdan tushiradi; istasa, taxtda maqomini oliy qiladi. Ona otani bolalariga gard yuqmas, daxlsiz siymo sifatida tasvir etadi, ota uchun eng munosib oʻrinni hozirlaydi; otaning sha’nini bolalar nazdida eng oliy sha’n oʻlaroq singdiradi.
Bolalar onaning koʻzlari bilan dunyoni ilk bora koʻradi. Onaning fikri bilan fikrlaydi. Onaning soʻzlari bilan soʻzlaydi. Shul bois, ona hamisha oʻzini, oʻyini, soʻzini pok tutadi. U qilayotgan ishi va aytayotgan soʻzi norasidasining qalbi va xayolida qanday iz qoldirishini idrok etadi.
Ona bolalarga otani maqtaydi, bolalar holatidan otaga eng toʻgʻri ma’lumotlarni beradi. Ona oilaning qoq markazida turib, qalb kabi butun oilaga osoyishtalik va nur baxsh etadi. Uning uchun oila – qoʻrgʻon. Oiladan boʻlak maskan unga taskin bermaydi.
Ona bolani ovutishni, ovqatlantirishni, choʻmiltirishni biladi. U ona boʻlgani uchun oʻzini bola qarshisida oʻta mas’uliyatli tutadi.
Ona ona ekanini pesh qilmaydi. Onalik maqomidan foydalanib bolalarni oʻz ra’yiga qarab foydalanmaydi.
Ona oʻgʻil misolida qul emas, chinakam eryigit va jasur inson tarbiyalaydi, u oʻgʻilni bir umr etagiga solib allallab yashamaydi. Ona qizidan gʻiybatchi va chaqimchi, chidamsiz va toqatsiz maxluq emas, oqila, donishmand, oilasevar matonatli ayol yetishtiradi.
Ona oʻgʻilni bir umr etagiga solib yurmaydi. Unga insof-u diyonat tilab, ota tarbiyasiga havola qiladi.
Onaning koʻp vaqti qizni shakllantirishga bagʻishlanadi – qiziga pazandalik, uyni toza tutish, yirtiq-yamoqni tikish, xushmuomalalik va goʻzal xulqni oʻrgatadi. Qizining holatini nazorat qiladi. Uning qalbiga havoyi orzu-havaslar kirib in qurishiga izn bermaydi. Qizini muttasil ravishda muayyan ish bilan band qiladi. Ayollikka oid mashaqqatlarni yengib oʻtish ta’limini berib, ayollik sharafini saqlash oʻrnagini koʻrsatadi. Ona qiziga haqiqiy ona qanday boʻlishini yashab koʻrsatadi.
Ona Xudodan qoʻrqsa, otaning Xudodan qoʻrqqanidan koʻra koʻproq foyda keltiradi. Onaning ibodati otaning ibodatidan koʻra kuchliroq quvvatga egadir.
Otaning adashishidan koʻra onaning adashmogʻi ulkan fojiadir. Ota adashsa, uning asoratidan onaning adashmogʻi asorati mudhishdir.
Ona oilaning yuragi, yurak xastalansa, butun vujud zaiflangani kabi ona ma’nan xasta boʻlsa, butun oilada halokat sodir boʻlish ehtimoli yuksakdir.
Onaning yaxshiligi uchun Xudo uning poyiga jannat toʻshagan boʻlsa, yomonligiga qanday jazo berishini tasavvur qilish mumkin.
Ona oʻz maqomini pok saqlasa, u arshdan baland oʻringa oʻtqaziladi.
Akrom MALIK