← Barcha maqolalar

Farzand tarbiyasi inson hayotidagi eng asosiy masalalardan biri. Har bir xalqning…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Farzand tarbiyasi inson hayotidagi eng asosiy masalalardan biri. Har bir xalqning o‘ziga xos tafakkuri, zehniyati bor. O‘zbek xalqi uchun hayo, odob, kattalarga hurmat, otaga itoat, farzandga shafqat, o‘zini ko‘z-ko‘z qilmaslik, xususan, oila ichini elning ko‘ziga ko‘rsatmaslik kabi qoidalar juda muhimdir. O‘zining qadimiy ildizlariga ega, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’analari bo‘lgan oilalar, ya’ni ajdodlaridan, ota-onasidan tarbiya olgan oilalar uchun bu tamoyillar eng asosiy masala sanaladi. Bu oilalar sirli va haybatli oilalardir. Bu oilalarda otaning gapi gap, so‘zi so‘z. Aka ukalarga bosh. Uka akaga itoatda. Kengfikrli yondashuv, oiladan tashqaridagi birovga, chet elda yashaydimi u, katta mansab egasimi, modomiki, ishonchga kirmagan ekan, hatto ishonchga kirgan taqdrida ham unga ergashmaslik, muomala-munosabatda yotlarga taqlid qilmaslik bunday oilalarning bosh mezonidir.
Bunday oilalarda tarbiyaning yangi usullari qidirilmaydi; ota-ona bolamga qanday muomala qilay, qanday tarbiya beray deb bosh qotirmaydi, unda sulolaning ichki qoidasi va namunasi bor – shu shaklda ishlayveradi. Bunday oila bolalarini youtubega olib chiqmaydi, xotini bilan er-xotin podcast qilmaydi, bayram sovg‘alari haqida olamga jar solmaydi, turli shaxsiy masalalarni ijtimoiy tarmoqqa joylab, xoh ibrat bo‘lsin, xoh illat bo‘lsin – sharmandalik qilmaydi; turkiy xalqlar eski zamonlarda oilani avrat deb atagan ekan, aynan shunday so‘z Sayfi Saroyining 1392-yil yozilgan “Turkiy Guliston” kitobida ham kelgan – bir so‘z bilan aytganda, sharafli oilalar avrati bilan shon-shuhrat qozonmaydi, sababi avrat begonalar ko‘zidan berk turishi kerak.
Ayrimlar siyosiy qochqin, keyin fuqarolik olib qaysidir begona davlatga joylashgan ekan, ular o‘sha yerdagi zehniyatdan ta’sirlanib, xotin-bola-chaqasidan jamoatchilikka ma’rifiy spektakl qo‘yish uchun istifoda aylasa, bu teatrlarga qarab angraymaslik va aldanmaslik kerak. Ular o‘sha yerdagi muhit va ta’sir ichidadirlar. Ular o‘sha yerning jo‘g‘rofiyasi asosida fikrlaydi. Ular uchun qizning betgachoparligi o‘ta tabiiy hol, bizda esa otalar turmushga chiqqan qiziga tik qaramaydi. Ularda o‘g‘il otaga qarab falon ishingiz xato deyishi mumkin, lekin bizda xo‘p bo‘ladi ota deyiladi. Ota ko‘ngli biz uchun ulug‘, ular esa ota ko‘nglini ham, haybatini ham nazarga ilmasliklari oson. Ular bunday muloyim suvratda adabsizlikni targ‘ib qilishsa, yog‘li so‘zlar bilan eski axloqqa zimdan zarba berishsa, indamay qarab o‘tiraylikmi? Chetda turib oila haqida yurt ichidagilarga ta’lim berish – bu ma’naviy bir hujumdir. Ular bizning oilamiz ichki ruhiyati va shaklini qurib berishga aslo haqli emaslar. Marhamat qilib, Vatanga kelib yashasinlar, xalq bilan birga achchiq-chuchukni totsinlar, shu yerda odamlarga yaxshilik qilib qo‘ysinlar, o‘zining qanday yaxshi odamligini hammaga ko‘rsatsin, isbotlasin; keyin ko‘ramiz – bunday odamlar gapirishga haqlimi, yo‘qmi?!
Xuddi shu gap o‘zidan siyosiy muxolifat yasab olgan xoinlarga ham tegishli. Shuningdek, qandaydir sayt va axborot manbalariga ham.
Bu kaminaning yondashuvi, xulosasi, agar sizlar shunday odamlarga oilangiz tarbiyasini ishonsangiz, bu sizning tanlovingiz. Agar yo‘q, kimdan chora so‘ray desangiz, eng avval oilangiz ulug‘laridan maslahat oling, agar unday odamlar bo‘lmasa, mahallangizdagi ilmli, diyonatli, ishonchli insonlardan, xususan, ahli ilm imomlardan yo‘l so‘rang, internetdagi soxta muloyim shayx-u shayxnisolardan emas.

Akrom MALIK