← Barcha maqolalar

Sevgining ikkinchi bosqichi – oshiq ishqning bir kelib, bir ketgani haqida…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Sevgining ikkinchi bosqichi – oshiq ishqning bir kelib, bir ketgani haqida tasavvurga ega bo‘lgach, uning hujumini oldindan sezish qobiliyatini qo‘lga kiritadi. Yana kimgadir nisbatan ichida talpinish paydo bo‘lsa, boshiga nimalar tushajagini bilib, to‘fonga yoki olovga kirishga tayyorlangandek tayyorlanadi; ishq uning boshiga ne musibatlar solishini aniq tushunadi. Juda ham aqlli insonlar bu balodan qutulib qolishlari mumkin, bunda ham o‘sha sevgilidan qochishdan boshqa yo‘l qolmaydi. Agar ilk uchqun vaqtida oshiq qochib qolsa, yutdi. Qocha olmasa, ikkinchi uchrashuvda alanga ko‘tariladi; keyingisida sevgili unga biror lutf qilsa, tamom, endi u ma’shuqning qulidir; keyingi safar ma’shuq unga e’tibor bermay, boshqalar bilan biroz mashg‘ul bo‘lsa, ana endi tomoshani ko‘ring – oshiq uchun butun jahon zimistonga cho‘madi; go‘yo qiyomat qo‘padi.
Bu chinakam ishq va uning shifosi yo‘q.
Mana shu oraliqda qiziq narsalar sodir bo‘ladi – agar ishq chin bo‘lsa, bu yondi-kuydilardan so‘ng hammasi bir maromda ketadi; lekin xom bir sevgi bo‘lsa, oshiq sevgilini yomon ko‘rib qolishi mumkin. Xomligi unga nafs aralashib, nafs istaklari va sevgining qorishganidir. Bu aralashma juda xavfli zahardir. Nafsning jismoniy va ma’naviy shahvati bor. Jismoniy shahvati tana lazzati suvratida ko‘rinsa, ma’naviy shahvat kibr va izzattalablik ila namoyon bo‘ladi. Nafs sevgiga aralashsa, ikki ofatdan biri yuzaga chiqadi. Buning oqibatida sevgi atalgan tuyg‘u nafratga aylanadi. Oshiq sevgilisi uchun jiddiy dushmanga aylanib, unga yomonlik qilishga tutinadi.
Orif va oqil odam shu sababli sevgi xatarini sezsa, unga izn bermaydi. Chunki uning oqibati ma’lum emas. Sevdim deya olamga jar solishdan tiyilmoq ma’qul. Basharti, sevgidan so‘ng nafrat paydo bo‘lsa, tavba qilish va hamma ishni Xudoga topshirib, ibodat bilan ko‘proq band bo‘lganning najotiga umid bor.
Bu sevgan tarafning muammosi edi. Sevilgan taraf mabodo oqil bo‘lsa, o‘zini sevib qolishlaridan asraydi. Sevilsa ham, bu sevgining oqibati nafrat bo‘lmasligi uchun bechora oshiqqa hikmat va tadbir ila muomala qiladi. Lekin buning uchun u juda himmatli bo‘lishi kerak, aks holda, birov uchun jon kuydirib nima qiladi?!
Lekin chin ishq, chin pok bir muhabbat ham borki, bu maqomda ikki taraf bir-birini tushunadi, bir-birining oldida tuproq bo‘ladi, bu yerda nafsning na shahvat-u izzatparastligi bor! Aksincha, bu muhabbat dunyoni jannatga aylantirib, oxiratda jahannam uqubatlarini unuttiradigan va qalbga cheksiz xotirjamlik beradigan, jannatni ham abadiy va tasavvurga sig‘mas bir makonga eviradigan bir muhabbatdir. Uni havas qilish mumkin, xolos.

Akrom MALIK