← Barcha maqolalar

Nevaralar tug‘iladi, oila turli tadbir-marosimlar, motam-u bayramlar o‘tadi - o‘n…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Nevaralar tug‘iladi, oila turli tadbir-marosimlar, motam-u bayramlar o‘tadi - o‘n yil davomida qaynona-kelin sekinlik bilan qadrdonlashib boradi. Qaynona o‘zini darrov yomon va jahldor suvratda ko‘rsatmaydi, zotan, buning hojati yo‘q; lekin ro‘g‘or tutishning qonunlariga og‘ishmay rioya qiladi: qaynona uyqu vaqtlarini nazorat qiladi – avval o‘zi erta uyg‘onishi kerak; bomdod namoziga turadi; kelinga shuni tayinlaydi; zikr va duolardan so‘ng uy va hovlida tonggi tozalash ishlari bo‘ladi – yozda suvlar sepiladi, supuriladi, changlar artiladi; qishda qorlar kuraladi, uy ichlari supuriladi va hokazo; oilaga nonushta tayyorlanadi – uyda qilingan qiyom-u qaymoqlar, sut-u saryog‘lar, asal-u novvotlar, parvarda-yu oqqantlar, non-u kulchalar, xandon pista-yu bodomlar, yeryong‘og‘-u osmonyong‘oqlar, mayiz-u turshaklar, qaynoq qora choy-u ko‘k choylar bilan guldor dasturxon ustida nonushta qilinadi. Nonushtadan avval va so‘ng duo o‘qiladi.
Har bir kunning rejasi bo‘lishi shart – nonushtadan keyin nevaralar maktabga, erkaklar ishga jo‘natiladi; ko‘plab qishloq oilalarida ayollar dalaga ishga olib chiqiladi, imkon bo‘lsa, ayollarni katta miqyosdagi ketmon ishiga jalb qilmagan ma’qul ko‘rinadi, uyda – hovlida shunday ish qilishsa, o‘zlari istashsa, mumkin, albatta. Ora-orada jismoniy mehnat zarurat bo‘ladi, lekin dehqonchilik kabi ishlarni ularning kuchiga tayanib qilmaslik kerak.
Qaynona har bir kun uchun hovlida aniq maqsadli ish tashkillashitirishi kerak: bir kun banka yopish, bir kun palos yuvish, bir kun ko‘rpalar jildini yuvish, bir kun pardalarni yuvish, bir kun hovlidagi gullarni parvarishlar, bir kun non yopish va hokazo. Hovlida kelinlar necha nafar bo‘lmasinlar, albatta, ish bilan band bo‘lganlari yaxshi.
Peshindan keyin asrgacha bo‘lgan oraliqda kelinlarga istirohat beriladi. Ammo yana soat nechada chiqishlari va qaysi ishni qilishlari belgilanadi.
Kechkilikdan so‘ng, xuftonni o‘qib, kelinlar qaynonaga: “Yaxshi yotib turing, oyijon!” – deb, o‘zlariga berilgan makonga chiqadilar.
Ikkinchi o‘n yillikda qaynona kelinga biroz imtiyoz beradi, uni o‘zi bilan mehmonga olib borishi mumkin, oilaning ayrim masalalarida maslahat so‘raydi. Uchinchi o‘n yilda kelinga endi ancha erkinlik beriladi. Lekin qaynona hech qachon o‘z hukmfarmo maqomini qo‘ldan chiqarishi mumkin emas. Bu maqom oila mustahkamligi uchun ham shart.
Qaynona kelinlarni o‘g‘illarning yoshiga qarab farqlashi kerak – katta o‘g‘ilning xotini kichik o‘g‘ilning xotiniga nisbatan tafovutli darajada mavqega ega bo‘lishi yaxshi. Kichiklar had va chegaralarini bilishlari uchun bu zarur.
Qaynona hech qachon qudalarini g‘iybat qilmaydi, kelinga otang bundoq, onang bundoq deyishi aqlga sig‘maydi. Kelinning shaxsiyati, nafsoniyatiga tegmaydi. Kelin qaynonadan ham cho‘chib, ham hurmat qilishi kerak.
Qaynona kelinga shunday shaklda xizmat aytishi kerakki, kelin xizmatni sharaf deb bilsin, qaynona xizmat aytmasa, kelin siqilib qolsin.
Qaynona kelin bilan aytishmaydi, baqirishmaydi, bu oila axloqiga jiddiy zarar yetkazadi. Muloyimlik va yumshoq so‘z bosh mezon sanaladi. Oqila qaynona hech qachon kelindan hech kimga shikoyat qilmaydi. Balki kelinda uchraydigan kamchiliklarni tadbir va aql bilan hal qilishga urinadi. Bu borada shoshmaydi, ulug‘vorligini saqlaydi.
Xulosa qilib aytsak, qaynona kelindan masofa saqlashi, unga ham yumshoq, ham qat’iy gapirishi, jiddiylik va rahmatini birdek ko‘rsatishi, bosqichma-bosqich kelinning maqomini ko‘tarib borishi maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

Akrom MALIK