Ushbu faylda gazetaning oʻqiyotganingiz maqola chop etilgan kirillcha nusxasi…
👆Ushbu faylda gazetaning oʻqiyotganingiz maqola chop etilgan kirillcha nusxasi mavjud.
Oxiri
👉 Boshlanishi
Yaqinda dissertasiya himoya qilib, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini oldim. Natijada, ilm yo‘nalishidagi barcha yangilik va islohotlarni ko‘rib turibman. Bu yerdagi eng katta islohot – salohiyatli har bir insonga ilm qilishi uchun yo‘l ochilgani; har kimga o‘z fikrini bayon qilish uchun imkoniyat berilgani; ilm odamlarining qo‘llab-quvvatlanayotgani – men shularni ko‘ryapman va shu hodisalar ichidaman. Ilm qilaman, kashfiyot qilaman, ilm osmonida yulduz bo‘lib porlayman degan har bir inson uchun eshiklar ochiq. Ilmi bor odam aziz bo‘lmoqda. Ilmi chala bo‘lganlar esa nolib yurgan bo‘lishlari mumkin, albatta.
Yurtboshi mamlakatda kichik haqsizlik ko‘rsa ham, jim turgani yo‘q. Zarracha zulmga rozi bo‘layotgani yo‘q. Hech bir murojaat havoda qolayotgani yo‘q. Har bir holat o‘rganilmoqda, hujjatlar, dalillarga muvofiq tahlil etilmoqda; Prezident eng yaxshi usul va yo‘llar bilan mamlakatni qudratli qilish, elni rozi qilish, xalqning salohiyatini yuzaga chiqarib, butun dunyoda o‘z o‘rnimizni topishimiz uchun kurashmoqda.
Men Prezidentning ishlarini kuzatib, ko‘rganim yana bir jihat shuki, bu inson shoshmaydi, jazolashda g‘azab qilmaydi va xalqimizning har bir farzandiga otalarcha murabbiylik qiladi: “Tushuntiringlar, o‘rgatinglar, to‘g‘ri yo‘lga tushsin, adashmasin!”
ya’ni os, kes, qama emas, ko‘ngliga yo‘l top, rozi qil, yaxshilik bilan hal qil.
2016-yildan keyin shu kungacha – 10 yil davomida yana bir avlod katta hayotga kirib kelmoqda. O‘n yoshli go‘daklar yigirma yosh bo‘ldi. Bugun ularda biz qo‘rquv va dahshatni ko‘rmayapmiz. Ularda erkin ruhni ko‘ryapmiz. Shatranj ustalari Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov; Angliyada to‘p tepayotgan Abduqodir Husanov va jahon bellashuviga yo‘l olgan to‘pteparlarimiz ham ana shu erkinlikning hosilasi deb o‘ylayman.
Bu erkinlikni biz hamma jabhada ko‘ramiz, faqat undan aql va tadbir ila foydalanish bu shaxsiy masala.
Dunyo sahnasi tinch emas. Yaqin Sharq fojiasi, katta davlat orasidagi ziddiyatlar hammaga oydin ko‘rinib turibdi. Lekin Shavkat Mirziyoyev oqilona, jasoratli va donishmandona qarashlari, yondashuvlari bilan O‘zbekiston mavqeini saqlab, balki yanada yuqori ko‘tarish uchun kurashmoqda. Eng muhimi, jahon urushlar girdobiga tushib borarkan, bu o‘rinda mamlakatni, xalqni bu adolatsiz va foydasiz urushlarga aralashtirmay, tinchlik va ofiyatni saqlab turish urushga kirib qozonilgan g‘alabadan kattaroq g‘alaba o‘laroq namoyon bo‘ladi. Chunki urush qonlarni to‘kadi, uylarni yoqadi, zulmga eshik ochadi ilm-u irfon, ibodat-u toat halovatini yo‘q qiladi..
O‘zbekistonga erkin ruh qaytdi. Xalqimiz bir kuni shunday kunlar kelishini hatto tush ko‘ra olmay qolgan edi. Ammo bugun hammasi haqiqatga evrilmoqda.
Ne’matning ziyoda bo‘lmog‘i shukur qilish bilan ekan. Bu ne’mat va yaxshiliklarni saqlab qolish uchun har bir inson chin dildan shukur qilishi kerak ekan. Ya’ni yaxshiliklar sababchisi haqiga duo qilish; o‘z vazifasini chin dildan bajarish; ilm-u ma’rifatini oshirish uchun intilish, adolat va insofli bo‘lib odamlarga yaxshilik qilish; keraksiz gaplar, g‘iybat va bo‘htonlarga e’tibor bermaslik – ana shular shukurning tajalliylaridandir. Ayniqsa, ilm ahli, ziyolilar xalqimizga bu borada so‘z bilan, go‘zal nutq va chiqishlar bilan, aniq va hayotiy misollar bilan haqiqatlarni anglatmoqlari, ma’rifat tarqatmoqlari maqsadga muvofiqdir. Bu taraqqiyot va tinchlik-xotirjamlikni himoya qilish yo‘lidagi ulkan xizmat sanaladi.
Akrom MALIK,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar ilmiy xodimi