← Barcha maqolalar

Ushbu faylda gazetaning oʻqiyotganingiz maqola chop etilgan lotin harflaridagi…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

👆Ushbu faylda gazetaning oʻqiyotganingiz maqola chop etilgan lotin harflaridagi nusxasi mavjud.

2017-yil 13-yanvar kuni sud bo‘ldi, sudya menga achina-achina 6 yil qamoq hukmini berdi. Undan keyin mart oyining boshida Navoiy shahridagi qamoqqa olib ketdilar.
2016-yil 22-iyul kuni uydan chiqib g‘oyib bo‘lganman. Izsiz. Hech kim mening qaerda ekanimni bilmagan. Bu chin ma’noda o‘g‘irlash edi. Odam o‘g‘irlash. Va o‘g‘rilar kim bo‘lganligini bugun hamma biladi. Ota-onaning ahvolini tasavvur qilavering.
2017-yil 4-aprel. Chorshanba edi, adashmasam. Ilk marta qamoqqa meni ko‘rgani uydagilarim kelishdi. Onam keldi. Roppa-rosa 7 oy-u 12 kun – hayotimda eng uzoq muddat onam meni, men onamni ko‘rmagan vaqt.
Keyinchalik onam aytadiki: “Tun-u kun seni o‘ylayverib, tomog‘imdan bir tomchi suv, bir tishlam non o‘tmas edi; shunchalik ko‘p o‘yladimki, Akrom degan bolani tuqqanmidim, shunday bolam bormidi deb qoldim... Kechalari yuragim ortimga tortib uyg‘onar edim. Nafas etmay qolardi. Shu vaqtlarda qamoqda Akromni azoblashayotgan bo‘lsa-ya... Akromni urayotgan bo‘lsalar-a, menga shu narsalar ayon bo‘lyapti, shekilli deya xavotirga tushar edim...”
Men o‘z onam haqida aytyapman. Lekin O‘zbekistonda shunday onalardan minglab edi. Bir vaqtning o‘zida, tunu kun minglab onalar bolalari, o‘qimishlik, ilmli, ibodatli bolalari qamoqda yotarkan, yuraklari og‘rig‘idan uyg‘onib ketishar edi. Ularning hammasi ilojsizlik va chorasizlik kishanida, “Xudoyim!” – deya faryod qilishdan o‘zga yo‘llari yo‘q edi. Chunki adolat eshiklari yopiq, shafqat qopqalari taqa-taq berk, insonning ohini tinglaydigan vallomat yo‘q edi.
Shavkat Miromonovich hukumat boshqaruvini olgan ilk onidan boshlab zulm zanjirlarini birma-bir sindirishga kirishdi. Bu hodisaning hosilasi 2017-yil yozining boshidan boshlab qamoqlarda ko‘rindi.
Tafsilotga berilmagan holda aytishim mumkinki, 2020-yil 27-avgust kuni Prezidentimiz bir guruh mahkumlarni afv qilish haqidagi Farmonni imzoladi, afv etilganlar ichida mening ismim bor edi.
Ammo ozodlikka chiqding, endi bayram degani emas ekan. Ich-ichinggga o‘rnashgan zulm zaxmatlari, og‘riqlar seni har narsadan shubhalanishga, odamlarga ishonmaslikka etaklaydi. Aytilayotgan yaxshi gaplar yolg‘on va tuzoq kabi ko‘rinadi. Ya’ni erkin hayotga birikib ketish ham og‘ir jarayondir. Bu xuddi qayta tug‘ilishdek. gap.
Ammo Davlat meni tashlab qo‘ymadi. Har tomonlama qo‘llab-quvvatladilar. O‘zimni yaxshi his qilishim uchun, o‘zimni tutib olishim uchun ko‘maklashdilar. Xato qilsam, yana kechirdilar; yana to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashga urindilar.
Ha, to‘g‘ri yo‘l va botil yo‘l aniq, ammo uni ko‘rish va iqror bo‘lish, qalb bilan tasdiqlash murakkab masala. Inson o‘zi yurayotgan yo‘lidan, qilayotgan ishidan shubhalanmasligi kerak. Komil iymon bilan ha, men to‘g‘ri ish qilyapman deb amin bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun uning yo‘li va e’tiqodi barcha asoslari bilan qadimdan tasdiqlangan va qabul qilingan qoidalarga muvofiq tushmog‘i shart.
Otam hamisha: “Biz Shavkat Miromonovichdan qarzdormiz. U kishining eng avval oilamizga qilgan yaxshiliklarini unutishimiz mumkin emas. Qolaversa, xalqimizga, yurtimizga qilayotgan xizmatini ta’riflab, tavsiflab tugatish imkonsiz. Biz u kishining haqqiga kechayu kunduz duo qilishimiz kerak”, – deb aytadilar.
Xudoga shukur, otamning onalari – yoshlari to‘qsonga yaqinlashgan enamiz borlar. U kishi ham har ikki gapining birida: “Poshshomiz omon bo‘lsinlar, baxtimizga sog‘ bo‘lsinlar, nevaramni qamoqdan chiqarib berdilar, u kishi avliyo ekanlar”, – deb duo qiladilar.
Prezidentimizning faqat shaxsimga qilgan yaxshiligi, bag‘rikengligiga suyanib so‘z aytsam, kimlar uchun bir yoqlama tuyular, lekin u kishining olib borayotgan siyosatiga nazar solib, shunday xulosa qilaman: uzoqni ko‘radigan odam; vaziyatni to‘g‘ri baholaydigan odam; insof va diyonatli odam; xalqi va Vatani uchun jonini beradigan odam; xalqning muhabbatini, ishonchini qozonib, duosini olayotgan odam.