← Barcha maqolalar

Iso paygʻambarga bir kimarsa kelib aytti: “Yo Ruhulloh, tilarman ul duoni menga…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Iso paygʻambarga bir kimarsa kelib aytti: “Yo Ruhulloh, tilarman ul duoni menga oʻgratgaysankim, oʻqisa oʻli tiri boʻlur”.
Iso alayhissalom aytti: “Borgil, bu savdoni boshingdan ketargil, yoʻqsa ziyon qilursan”.
Ul aytti: “Albatta kerakkim, oʻgratgaysan”.
Iso alayhissalom baxilliq qila bilmadi, oʻgratti. Ul kishi oʻgranib ketar ekan koʻrdi — yerda quri soʻnguklar yotur. Aytti: “Bu duoni munga oʻqib koʻrayim tirilurmi”, — deb oʻqidi esa, ul arslonning soʻnguklari emish turub ul kishini pora-pora qildi. Ul sababdan bu masalni ayturlar: “Likulli amalin rojulun va likulli rojulin amal”

Sheʼr

Har bir er bir ish uchundur, har bir ish bir er uchun.
Maslahat ul, oʻz ishini ishlagay har zufunun.
Doimo turli savob uzra boʻlur oqil ishi,
Kelturur izdap qazoni oʻzina ablah kishi.

Mazmuni:

Iso alayhissalomning oldiga bir kishi kelib: “Ey Ruhulloh, istaymanki, menga oʻlikni tiriltiradigan duoni oʻrgatsang” — dedi. Iso alayhissalom: “Borgil, bu savdoni boshingdan chiqar, oʻzingga ziyon qilasan” — dedi. U: “Yoʻq, baribir oʻrgatgin”, — dedi. Iso alayhissalom baxillik qilma bilmadi, oʻrgatdi. U odam duoni oʻrgangandan keyin yoʻlda ketayotgan paytda, yerda qurigan suyaklar yotganini koʻrdi. Aytdiki: “Shu duoni bunga oʻqib koʻray-chi tirilarmikan”.
Bu suyaklar arslonning suyagi edi, duoni oʻqiganidan keyin arslon turib u odamni pora-pora qildi. Shuning uchun bu maqolni aytishadi: “Har bir ishning odami bor, har bir odamning ishi bor”.

Sheʼr mazmuni:

Har bir ishning oʻzining odami bor, har bir odamning oʻzining ishi bor. Yaxshilik shuki, har bir ishni oʻzini ilmining egasi qilsin. Oqil odam doim yaxshilik uzra boʻladi. Ablah odam esa oʻziga oʻzi qazoni izlab keltiradi.

Qoʻlyozmani oʻqib, lotin alifbosiga oʻgirgan va mazmunini bayon etuvchi Sulton NIZOMIDDIN,
Turkiy alifbo tahsili 3-sinf oʻquvchisi

Manba:
Sayfi Saroyining “Gulistoni turkiy” asarining 1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 95a—95b-sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi.