← Barcha maqolalar

Akrom Malikning "Erkin ruhning qaytishi" nomli maqolasi "Yangi O'zbekiston"…

Maqola · 5 daqiqa o‘qish

Akrom Malikning "Erkin ruhning qaytishi" nomli maqolasi "Yangi O'zbekiston" gazetasining 4-iyun 2026-yil payshanba kungi sonida e'lon qilindi.
Maqolani to'liq o'qishingiz mumkin:

Erkin ruhning qaytishi

O‘zbekiston Xalq shoiri ustoz Usmon Azimning “Riyosiz so‘zlar” maqolasi juda katta shov-shuv bo‘ldi. Do‘st-u dushman maqolani o‘qidi, fikr bildirdi. Nazarimda, buning bir necha omillari bor edi. Birinchidan, so‘z Usmon Azimniki edi. So‘zi qadrli insonning har qadami zalvorli bo‘ladi. Ikkinchidan, so‘z samimiy edi, na unvon, na boylik tama’si bor. Uchinchidan, so‘z haqiqat edi. Usmon Azim haqiqatni yozgan edi. U voqelik mohiyatini asos va dalillar bilan yurakka tegadigan, aqlni yoritadigan qilib bitgan edi.
Ustoz Usmon Azimning, etmish olti yoshga kirgan va umri davomida biror marta o‘zi haq bilan so‘zdan boshqasini aytmagan, umri davomida biror marta tama’ va laganbardorlik soyasiga yaqin kelmagan zabardast shoirning bu bitiklaridan so‘ng inson o‘zi ko‘rgan yaxshiliklarini aytishi kerak ekan, hatto bu o‘sha odamning o‘zi uchun zarur ekan, vijdoni oldidagi mas’uliyati ekan deb o‘ylab qoldim.
Har kim hayotni o‘z taqdiri ko‘zgusi bilan ko‘radi. Odam qanday yashayotgan bo‘lsa, qanday yashagan bo‘lsa; qanday azobu uqubat va quvonchu farahni o‘tkazgan bo‘lsa, shularga suyanib hayot shunday ekan deb xulosa qiladi. Lekin tajribali va orif insonlar hayot bir xilda kechmasligini idrok etib, yaxshi va yomon, og‘ir va engil, oq va qora kunlar almashib turishini biladilar. Hayot hikmatini tushungan odam musibatdan dodu faryod qilib yoki yutuqlardan sevinib ketmaydilar, balki to‘g‘ri yashashga, haqiqat va adolat, shafqat va rahmat tarafida turishga intiladilar. Musibat va baxtiyorlik asiri bo‘lmay, o‘zligini, ich pokligini saqlab qolish, insoniylikni boy bermaslik, to‘g‘ri yashash – bu rosmana g‘alabadir.
2011 – 2015 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil ko‘rdik. Talabalikning ilk yili 21 yoshni to‘ldirgan edim. Shunday davrki, hali dunyoqarash butkul shakllanmagan, lekin ruh va qalb o‘zi uchun tafakkur va ma’no olamidan maqom va makon istaydigan davr. Ko‘zimga olam qorong‘u ko‘rinadi. Chunki hammaning yuzida mung bor edi. Odamlar ochilib gaplashmas, go‘yo butun xalqni og‘ir yuk ezib, elkasini bukib tashlagandek edi.
Men yosh yigit, qalam va so‘zga oshufta, har xil kitoblarni qalashtirib o‘qiydigan yigit vaziyatni to‘liq tushunishga, baholashga va o‘zimni qanday tutsam, to‘g‘ri bo‘lishini aniqlashga urinaman. Nazarimda, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora; odamlar kuni o‘tishi uchun, ochdan o‘lib qolmaslik uchungina ishga kelib ketayotgandek; jo‘shqinlik va umid yo‘qdek tuyulgan bu davrda ruhiyatimda og‘ir huzun va yuk bor edi go‘yo. Men izlagan manzil Vatanda emas edi; men izlagan baxt Vatanda topilmaydi; men istagan hurriyat va erkinlik yurtdan quvilgan; hur va xotirjam yashashim uchun Vatanim boshqa bir shaklda bo‘lishi kerak edi go‘yo. Shu sababli xayolotning turli eshiklariga, tasavvurning turli derazalariga boshimni urib ko‘raman.


Shunda men to‘g‘ri yo‘lni, najot yo‘lini chetdan, tashqaridan izlay boshladim. Shunday qilsam, xalqim va vatanimga eng katta xizmatni qilgan bo‘laman deya amin edim. Aqlim ham, qalbim ham bu ishni xato deya mutlaqo o‘ylamas edi. Chunki aql adashsa, qalb buzilsa, o‘zidan boshqani haq deya qabul qilmaydi, o‘zini tahlil ham etmaydi. Va bu xato qaror va xato ishning oxiri qo‘lda kishan bilan panjara ortiga tushish bilan yakunlandi. U tomonlarning manzarasi ayanchli bo‘lganligi bugun hammaga ravshan. Bu haqida o‘zim ham ancha yozganman. Lekin qo‘shimcha qilish mumkinki, inson hayoti tushga o‘xshab qoladi, ilojsizlik va imkonsizlikni butun vujuding bilan tuyasan va har bir kun kurashlar ichida kechadi; jinoyatchilar to‘dasi ichida ularning jaholatiga toqat qilib yashash bilan birgalikda tepadan keladigan zulmlarga chidab berish u qadar engil emas. Ana shu lahzalarda inson o‘z qadri haqida, balki umuman odamzod jonining qadri haqida o‘ylab qolarkan. Shunda inson qadrining pashsha qadar ham baholanmasligini ko‘z o‘ngida ko‘rgach, dunyoda adolat va marhamat, samimiyat va rostgo‘ylik bor degan so‘z yolg‘onga aylanadi hamda kishi turli hiyla va aldovlar bilan jonini saqlab qolish uchun kurashga kiradi. Bu onda insoniylik va axloq, sharaf va hamiyatni himoya qilish jonni xatarga qo‘yish bilan tenglashadi. Chunki oshkora ravishda bizga axborot tashiysan, o‘zing kabi mahkumlar sirlarini bizga etkazasan, istasang ham, istamasang ham bunga majbursan degan talablarga qarshi turib berish kamdan kam odamlarga nasib bo‘ladi, zotan, qo‘rquv va jonga kelib turgan xatar insonni esankiratib qo‘yadi.
Namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman, ibodat qilaman degan so‘zlar kulguli eshitilar edi. Panjara ortidagi biror odam bu gaplarni aqldan tashqarida deb qabul qilar edi.
Tabiatan fikrga moyil odam esa bu zulm va haqsizliklar mohiyati hamda sababini o‘ylab ketadi. Qachondir bu qora kunlar tugashini bilsa-da, umidsizlikka tushib qolish ham hech gap emas.
Aniq eslayman: 2016 yilning iyul – avgust oylarida qop-qorong‘u hibsxonada yarim tungacha kaltaklanayotgan mahbuslar ohu faryodini tinglar ekanman; shuningdek, Jasliqdan, Navoiydan, Qashqadaryodan tergov uchun qaytadan qamoqdan hibsxonaga chaqirilgan mahkumlar bilan suhbatlashar ekanman, o‘zimga o‘zim aytar edim: “Bu zulmning cho‘qqisi. Bu haqsizlikning haddi. Zulm va haqsizlik bundan ortib qaerga borishi mumkin yana? Demak, zulmning zavoli yaqin!”
Bu so‘zlarni nafaqat o‘zimga, balki o‘zim kabi diniy-siyosiy ayblov bilan qamalgan notavonlarga ham pichirlab aytar edim. Lekin bu qanday sodir bo‘lishini hech kim bilmas edi. Hatto tushda ham zulmdan qutulish haqida orzu qilish, uni zulm chekinganini tushda ham ko‘rish mumkin emas edi.
“Moziyg‘a qaytib ish ko‘rmak xayrli deydilar”. Hammamiz bilamizki, bu jumlani Abdulla Qodiriy hazratlari “O‘tkan kunlar”ning kirish qismiga bitib qo‘ygan.
Moziydan eslasam, ko‘p jiddiy va og‘riqli xotiralar qolgan. Ularning hammasini ham aytib bo‘lmaydi. Lekin gap u xotiralarda emas, gap boshqa joyda. Ya’ni gap zulmning cho‘qqiga chiqqan vaqtda zavol topgani va xalqimizning ko‘kragiga shamol, elkasiga oftob teggani haqida.
Odamlar davlatning taqdiri, tinchlik va xotirjamligi faqat bir insonga bog‘liq deb o‘ylab qolgan edilar, o‘z davrimda, ehtimol, shunday bo‘lgandir, lekin saylangan yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarashlarni to‘g‘irladi. Xalqning vatansevar va xalqparvar, yurtni adolat va donolik ila boshqa oladigan o‘g‘lonlari borligini ko‘rsatdi.