2-qism
… Shayx San’on kalisoda nasroniy rohiblar ichida dindan chiqdi, Islom mamlakatlarida kofirlik belgisi boʻlgan zunnor arqonini beliga bogʻladi; may ichdi va Mus’hafni olovga tashladi (nauzu billah).
Soʻng choʻchqa boqqani yaylovga chiqib ketdi. Shomdan keyin kelib cherkov olovini yoqish bilan mashgʻul boʻldi. Bu hol uch yil davom etdi. Uch yil davomida shayxning tarso qiziga boʻlgan ishqi zarracha kamaymadi, balki ziyoda boʻldi; balki u qiz bilan boʻladigan visolni ishtiyoq bilan kutdi.
Nihoyat, belgilangan kun kelgach, shayx qizning koʻchasiga bordi, ammo qiz unga qiyo ham boqmadi, chol uning ortidan ergashib, va’dangga vafo qil, ey qiz dedi.
Qiz unga bir qaradi-da, qari cholni yosh qiz sevganini hech koʻrganmisan, hamma narsaga yetgan aqling shunga yetmadimi, men senga hech narsa va’da qilmaganman deya yuz burib ketdi.
Shayx qotib qoldi. Umidsizlikka tushdi va shahardan chiqib choʻchqalarini boqib yuraverdi.
Ittifoqo, uning muridlari ichidan bir bor edi – shayx Rumga ketishidan avval uni bir vazifa bilan uzoqqa yuborga edi; bu murid ishni bitirib kelsa, Makkada shayx San’on yoʻq, shogirdlar parokanda…
Bu shogird qolgan hammani yigʻdi va ularga dedi:
““Ey hamiyatda toʻngʻizdan battar boʻlganlar! Shayx sizlarga pir, siz unga murid edingiz. Uning irshodidan umid qilar edingiz. Bu faqr yoʻlining sharti shu ediki, murshid nima qilsa, muridlari unga ergashishi, lekin Xudoga yuzlanishi, Xudo uchun qilishi kerak. Odamlarga aralashsa, odamlar bilan; yolgʻiz qolsa, yolgʻizlik bilan qolishlari shart. Sizdek vafosizlarga soʻfiylik qiyofasi hayf: taqvo ahlining xirqasi, dastori hayf!
Shayx ofiyatda ekan, muhabbat izhor etar edingiz! Boshiga ish tushgach, oʻzingizni undan olib qochasiz!
Ustozga vafosizlik qilib, uni cherkovda tashlab ketdingiz. Xudodan qoʻrqmaysizlarmi? Eldan uyalmaysizlarmi?
Piringiz shunday ishga yoʻliqsa, oʻz yoʻlboshchingizdan voz kechasiz, xizmatidan, balki uning bor ekanidan, borligidan toʻygansiz! Oʻzingizni solih, darvesh deysiz. Zuhdingizga, tasbehingizga, salla-yu asolaringizga uyat. Shayx sizlarni tarbiya qilmay, it boqqanida falakdan unga shunday zulm yetgan chogʻlarda itlari unga vafo qilmasmi edi? Ba’zi itlari ketib qolsa ham, albatta, ba’zilar yonida qolishardi; uning dushmanlarini qopib, vovullab haydar edilar; shayxning xarob holi uchun uvullab, ulib motam tutar edilar; inson vafosiz ekan, vafo bobida it undan yaxshiroqdir! Agar sizlar erkak boʻlganingizda edi, ustozingizga shunday musibat tushib, birovning ishqiga mubtalo boʻlganida, oʻziga jafo qilganida shu jafoni siz ham oʻzingizga ravo koʻrishingiz, ya’nida yonida hamdard boʻlib turishingiz vojib edi! Lekin hammangiz dardsizlik nima ekanini koʻrsatdingiz va ustozni nomardlarcha tashlab ketdingiz!”