3-qism
Bu murid boshqa safdoshlarini yigʻib, Qustantaniya bordi. Soʻng hammalari bir boʻlib, jamoat boʻlib, Xudoga yolvora boshladilar: zikr-u tilovatlar, istigʻfor-u salavotlar aytib, ustozlariga Xaq taolo hidoyat berishini yigʻlab soʻradilar. Bu shakldagi ibodat bir qancha vaqt davom etdi.
Bir kuni shayxning xalifasi, ya’ni oʻsha shogird tush koʻrdi: tushida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelib, dedilar: “Ey ummatim! Sening duolaringni Xudo qabul qildi. Aynan sening ixlosing va muhabbating sababli Xudo piringga hidoyat berdi, unga aql-u idroki qaytdi!”
Murid shodlanib, yigʻlab uygʻondi. Sahar vaqti ekan.
Darhaqiqat, shayx San’on shu vaqtda oʻziga kelib, yigʻlab tavba qilar edi. Shogirdlar uni izlab bordilar va ustoz bilan koʻrishdilar. Hamma yigʻladi, hech kimning tili kalimaga kelmas edi.
Shayx gʻusl qildi, kalimai shahodatni aytib qayta dinga kirdi; salla va ridolarini kiyib, Makkaga qaytdi.
Shu kuni nasroniy qiz tush koʻrdi: Iso alayhissalom unga dedilar: “Sening huzuringga bir valiyulloh kelgan edi? Nega uni buncha xorlading? Tezda izidan bor va uning diniga kir!”
Nasroniy qiz uygʻondi va otasining bir otiga minib, qorongʻuda yelib ketdi.
Yarim yoʻlda shayx San’onga yetishdi, qilgan ishlariga yigʻlab tavba qildi va shayxning qoʻlida shahodat kalimasini aytib, dinga kirdi va shu onda iymon keltirgach joni uzildi.
Shayx unga janoza oʻqib, tuproqqa qoʻydi, Makkaga qaytib, umrining oxirigacha irshod va da’vat ila band boʻldi.
Bu hikoya ramz va ma’nolarga toʻlib-toshgan. Ayrimlarini keltiramiz:
1. Ishqning quvvati shu qadarki, unga qarshi tura oladigan hech bir kuch olamda mavjud emas.
2. Ishqni banda zoti davolashga qodir emas, u egasini hamma narsadan ayiradi, nomus-u or, sha’n-u sharaf ishqning qoshida hech narsadir.
3. Hech kim, qaysi maqomda boʻlmasin, halokatdan omonda emas, hech kimning iymoni kafolatli emas.
4. Ustoz-shogird, pir-murid orasida sadoqat va vafo boʻlmogʻi kerak. Xudo duolar va ixlos sababli har kimga najot beradi. Chin vafosi boʻlganlargina oʻz doʻstlarini duo bilan razolat chohlaridan qurqara oladilar.
5. Tavbadan soʻng hech kim oʻtmish gunohlarini hech kimga eslatishga haqqi yoʻq. Balki tavba insonning avvalgi oʻrniga, balki undan baland maqomga qaytaradi.
6. Bandaning ishqida esini yoʻqotgan oshiq Xudoning yoʻlida bundan ham kuchliroq shaklda qurbonlikka tayyor boʻladi.
Ishq inson uchun xalos boʻlish yoʻlidir. U zohirda odamni xarob qiladi, ammo qayta quradi, kashf va qurbatni u barpo qiladi.
Ishq halokatli va qoʻrqinchli vodiy, unga kirish va undan yurishning oqibati hech kimga ma’lum emas.
Zotan, har oshiq shayx San’on atalmaganidek, uning haqqiga ixlos ila duo qiluvchisi borligi ham aytilmagan.
Bu hikoya ishqning nima ekanligini koʻrsatadigan hikoya edi.
Tugadi.