← Barcha she’rlar

Dedi sohibdardi rindi boxabar

She’r · 2 daqiqa o‘qish

Dedi sohibdardi rindi boxabar:
“K-ey hamiyatda to‘ng’uzlardin batar!

Shayxkim, pir erdi-yu, sizlar murid,
Borchaga irshodidin behbud umid.

Faqr aro sharti irodat keldi bu –
Kim ne qilsa murshidi farxundaxo‘,

Xayl-u as'hobi tashabbuh aylamak,
Tengriga lekin tavajjuh aylamak.

Gar taalluq bo‘lsa, gar tajrid anga,
Qarne qilsa, aylamak taqlid anga.

Siz vafosizlarg‘a faqr atvori hayf,
Ahli taqvo xirqa-vu dastori hayf.

Ofiyat vaqti urub lofi gazof,
Tushti ish chun o‘zni tutqaysiz maof.

Shayxingizga bevafoliq boshlabon,
Qiblangizni dayr ichinda toshlabon.

Tengridin yo‘q biym-u, eldin ham uyot,
Kim bu ish tushqonda qaytib barcha bot.

Kelgasiz o‘z muqtadongizni qo‘yub,
Xizmatidin, balki shaklidin to‘yub.

Oʻzni tutqoysiz salohandesh ham,
Bir-biringizni debon darvesh ham.

Zuhd-u tasbeh-u ridongizdin uyot,
Kafsh-u dastor-u asongizdin uyot.

Bo‘lsa erdi shayxqa sakbonlig‘ ish;
Qilsa erdi bir necha it parvarish,

Charxdin yetkanda bu yanglig‘ jafo,
Ko‘rmagaymu erdi itlardin vafo?

Ba’zi itsa, ba’zi qolg‘ay erdilar,
Oʻzni atrofig‘a solg‘ay erdilar.

Xasmi birla gah tutushqoylar edi,
Motamig‘a gah ulushqoylar edi,

Odami bo‘lsa vafo andin yiroq,
It vafo bobida andin yaxshiroq.

Sizda gar bo‘lsa edi mardonaliq,
Da’voyi ixlos aro farzonaliq,

Shayxqa tushkanda bu yanglig‘ balo,
Kim birov ishqig‘a bo‘ldi mubtalo,

Ul o‘ziga har jafo qilg‘on chog‘i,
Vojib erdi qilmoq oni siz dog‘i.

Zohir aylab barchangiz bedardlig‘;
Ko‘rguzub faqr ichra yuz nomardlig‘.

Lof aro ermen degan ermu bo‘lur
Kelmas ishni ilkidin dermu bo‘lur?”