1-qism
Ishq haqida eshitgan inson olov haqida eshitib, uning yorugʻidan bahra olib, lekin kuymagan bir parvona kabidir.
Olovda kuygach, uning sogʻ vujudi qolmaydi. Kuyadi va jizgʻanak boʻladi.
Ishqqa mubtalo boʻlmagan zot uning nima ekanini bilmaydi.
Ishqqa mubtalo boʻlish bu xorlik va zabunlikdir.
Es-hushdan ayrilish va sharmanda boʻlmoqdir.
Na aql, na idrok ishq qarshisida salomat qolgay!
Ishqning shiddati soʻnib, aqlning hokimiyati qaytgach, oshiq qilgan ishlarini sharhlashdan ojizdir.
Lekin ishqning azobi, hijroni va ayriligʻi keltirgan ogʻriq, xor-u rasvoligi oqibatida paydo boʻlgan malomatlar qarshisida jon hovuchlab qoladi.
“Yana ishqmi… Qanday musibat!” – deya kuyinayotgan qalb va ishq qarshisida oʻlimdan qochgan jondek tipirchilayotgan aql ishqning ofati va zulmidan xabardordir.
Ishq avval, havas ila kirgan odam undan eson-omon chiqib olsa, qayta unga uchrashdan dahshatga tushadi. Ishqdan qanday salomat chiqdim-a deb hayratga tushadi. Ishq sababli qolgan kuyuklarga qarab qoʻrqinchli tush koʻrgandek titrab ketadi.
Ishqning zulmi haqida juda koʻplab hikoyatlar bor, ammo ular ichida juda ham gʻaroyibi yoshi ulugʻ bir valiy zotning nasroniy bir qizga boʻlgan aqlbovar qilmas muhabbatidir. Bu ishqning sharhidan hamon aqllar ojiz, donishmandlik sukutda. Lekin ul shayxning ishqqa zanjirband boʻlib, aql-u hushini, iymon va Islomini boy bergani haqiqatdir.
Hikoyat bunday: shayx San’on ismli insonning toʻrt yuz muridi bor edi. Oʻzi Makkada yashar, har bir muridi valoyatda maqomlar hosil etgan, oʻzi koʻrgan har bir tush oʻngidan kelar edi.
Kunlardan birida shayx San’on oʻzini Rumda, bir nasroniy qiziga sevgi izhor qilib turgan holda tush koʻrdi. Bu tush toʻxtamadi. Har kuni koʻraverdi.
Alal-oqibat shayx bu tushning hikmatini bilish shavqiga uchradi va muridlari bilan Rumga yoʻl oldi. Rum poytaxti Qustantaniya nasroniylar qoʻlida edi. Shayx Qustantaniyaga kirdi.
Haqiqatan, u kalisoga ibodat uchun ketayotgan 18 yoshli nasronig qizni ittifoqo koʻrib oshiq boʻldi. Buning bir izohi yoʻq edi.
Shayx ishqni qanchalik pinhon tutmasin, ilojsiz qoldi va ishq uni kuydira-kuydira aqlini oldi, balki ishq eng avval uning aqlini kuydirdi.
Shayx telba holda Qustantaniya koʻchalarida daydib yura boshladi. Bora-bora muridlar undan nomus qilib, avval nasihat, keyin malomat qila boshladilar.
Lekin shayx biror gapni ilmadi, balki uning ishq sababli jununi haddan oshaverdi. Nasroniylarning goʻdaklari esini yoʻqotgan cholni toshboʻron qilishni odat qildilar. Shayx ma’shuqasi oʻtadigan koʻchada kun-u tunni oʻtkazadigan boʻldi. Uning hech narsa bilan ishi yoʻq edi.
Muridlar tevarakda ilojsiz yurishar va sharmandalikdan oʻzlarini qayerga qoʻyishni bilmas edilar.
Nihoyat, shayx nasroniy qiziga oʻz sevgisni izhor qildi. Qiz uning ustida kuldi va ketdi. Shayx endi qizning koʻchasini makon tutib, ishq izhor qilib yotdi. Nihoyat, ancha vaqtdan soʻng qiz unga soʻzlashni lozim tutdi: “Musulmon shayxlari shunaqa boʻlar ekan-da. Mayli, mening vaslimni istasang, diningdan chiqasan, sharob ichasan, Qur’onni yoqasan; uch yil kunduzlari choʻchqa boqib, tunlari bizning kalisoda olov yoqasan…”
Shayx shartlarni baxtiyorlik ila qabul qildi, muridlar undan voz kechmaslikdan boshqa yoʻl topmadilar va oh-u voh qilib, pirlaridan yuz burib, toʻrt tarafga tarqalib ketdilar…