← Barcha she’rlar
Nafsning qutqusidan ozod, hur ayla

Nafsning qutqusidan ozod, hur ayla,
Qalbimni limmo-lim toʻla nur ayla.
Oʻzgalar aybini koʻrmaslik uchun,
Xudoyim, koʻzimni mutlaq koʻr ayla.
Sening sifotingga boʻlay mahliyo,
Dunyoning shakliga boqmayin qiyo.
Agar nuring bilan yoʻl koʻrsatmasang,
Butun olam erur zulmat, sim-siyo.
Shaytonga imorat qurmoq istamam,
Jaholat hosilin oʻrmoq istamam.
Oʻzimning gunohim charchatgan meni,
Oʻzgalar jurmini koʻrmoq istamam.
Akrom MALIK