← Barcha she’rlar

Qutlug‘ dargohga kirding

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Qutlug‘ dargohga kirding,
Qadaming muborak bo‘lsin!
Qadru qiymatin bilding –
Har daming muborak bo‘lsin!
***
Mehr ulashmoqdan horima, inson,
Unutma, mehr-la olam nurafshon!
Jilmayib har kimga salom ber, do‘stim,
Mehrning bulog‘i salomdir, ishon!

***
Baland ovoz ila kulma, ey yigit!
El ichra ovoza bo‘lma, ey yigit!
Eshak hangrashidek xunuk baland sas,
Eshak degan nomni olma, ey yigit!

***
Eng go‘zal hayot bu – pok bir hayotdir,
Poklik aqiydasi hayvonga yotdir.
Poklikni mahkam tut, ozoda bo‘l, do‘st,
Hayvon degan laqab senga uyotdir!

***
Shul haqiqat ayon ming yildan buyon,
Bundan boshqa so‘z yo‘q borsang har qayon –
Hurmat qil insonning zotini, ey do‘st,
Hurmat qilgan hurmat topgay begumon.

***
Shukur, nafas olib yuribsan sog‘lom,
Ikki oyog‘ing but, boshing ham omon.
Faqat shodlik bilan yashamoq kerak
Hamda qadam bosmoq zafarlar tomon!

***
Siring qalbda qolsin, olamga yoyma,
Bo‘lar-bo‘lmas ishga qayg‘urma, kuyma!
Insonsan, ko‘p narsa yo‘qotmoq mumkin,
Ammo pok niyatni yo‘qotib qo‘yma!

Akrom Malik