← Barcha she’rlar

Seni eslab mudom qon yutdim, e voh

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Seni eslab mudom qon yutdim, e voh,
Qon tuflab qorong'u kunlardan o'tdim.
Yurak azob ichra bo'ldi sim-siyoh,
Tonglarga qon rangli ko'zimni tutdim.

Sen-la o'tgan damlar edi dor kabi,
Sening eslash esa qip-qizil motam.
Yashab bu olamda aybdor kabi,
Amin edim — seni unutmoq bayram!

Sudrab sahro ichra vaqtning zanjiri,
Shikasta jismimni uzoqqa eltdi.
Men bechora edim yoding asiri,
Nihoyat, xayoling aqlimdan ketdi.

Nihoyat, tugadi kasif bir motam,
Bugundan boshlandi yap-yangi bayram!

Endi tirikmisan, o'likmisan yo —
Kelmas xotirimning bir chekasiga.
Sensiz kurtak urdi yashil bir hayot,
Qalbimni topshirdim O'Z EGASIGA!

Akrom MALIK