← Barcha she’rlar
Gʻoʻraning makoni shoxning ustida
Gʻoʻraning makoni shoxning ustida,
Urugʻning maskani tuproq ostida.
Oʻz joyidan kechgan shuhrat qasdida,
Oqibat xazon-u sarsona boʻlgay.
Pishgancha kutsang gar, izlab kelgaylar,
Oʻsgancha kutsang gar, sizlab kelgaylar,
Kutmaganlar faqat boʻzlab ketgaylar,
Sabr etgan sevilib, jonona boʻlgay.
Gado boʻlsang, koʻngil, shoh boʻlgum dema,
Choʻqqimisan, aslo choh boʻlgum dema,
Quyoshsiz porlayman, moh boʻlgum dema,
Maqomin taxt bilgan shohona boʻlgay.
Sherman degan shoqol kulgidir kulgi,
Boʻriga teng boʻlmas hech qachon tulki.
Eng buyuk oʻzgarmas haqiqat shulki,
Haddini bilgan zot tovono boʻlgay.
Har zotning sifati sobitdir sobit,
Sifat oʻz zotidan boʻlolmas soqit.
Durdan dur kelgaydir, yoqutdan yoqut,
Zotini pok tutgan farzona boʻlgay.
Akrom MALIK