← Barcha she’rlar
Kimdir seni sevaman desa
Kimdir seni sevaman desa,
Ishonardi bola vaqtida.
Va ajabmas, o‘zin bechora
Ko‘rgan bo‘lsa, sevgi taxtida.
Endi bugun kesik bosh kabi
Yillar bo‘ldi ko‘p oyoqosti.
Sevgi degan aldamchi so‘zlar
Uni ko‘p bor dorlarga osdi.
Sevgi tugul, endi biror kas
Keraklisan desa, kuladi.
Kimdir unga kerak, ehtimol,
Ammo o‘zi hech kimga kerak
emasligin yaxshi biladi.
Akrom MALIK