Do‘st haqida bisyor tavsif-u maqtov
Do‘st haqida bisyor tavsif-u maqtov,
Do‘st go‘yo yuraging ichra cho‘g‘, olov.
Ammo tafakkurni bosmasin qirov –
Dushmanni unutib qo‘ymagil, o‘g‘lon!
Yerning yer bo‘lgani hosildan ma’lum,
Elning el bo‘lgani yosidan ma’lum.
Yigit er bo‘lgaydir orttirib g‘anim,
O‘ynasang, qilich-la o‘ynagil, o‘g‘lon!
Agar kimman desang, boshingni ko‘tar –
Qara, har qadamda ming bitta xatar!
Haybating bor erur yovlaring qadar,
Bo‘yingni dushmanga bo‘ylagil, o‘g‘lon!
Ko‘ngilda do‘st uchun muhabbat bo‘lsin,
Har holda, jismingda mahobat bo‘lsin,
Dushmanga yengilmas adovat bo‘lsin,
Jang-u jadallardan to‘ymagil, o‘g‘lon.
Kimdir xanjar urar, kimdir o‘q otar,
Og‘uli nayzalar ko‘krakka botar,
Asli dushman do‘stlar, albatta, sotar,
Yovning vahshatidan qo‘rqmagil, o‘g‘lon!
G‘anim nomard bo‘lsa, o‘zing mard bo‘lgil,
Mardlik sharafi-la yovga dard bo‘lgil,
Haqning dargohida g‘ubor, gard bo‘lgil,
Haq bo‘lsang, ortingga chekilma, o‘g‘lon!
Dunyoga egilma, mansabga uchma,
Jang deb mingan bo‘lsang, otingdan tushma.
Yor deb azobni quch, rohatni quchma,
Farog‘at chohiga yiqilma, o‘g‘lon!
Qiynoq ko‘rsang, ko‘rgil, yig‘lama ammo,
Dushmanlar dod desin, tik tur doimo!
Hayqirsang, titrasin yetti qat samo,
Tubanlar qoshida egilma, o‘g‘lon!
Dushmanning jonini ayamay sug‘ur,
Jasorat yo‘lida sudralma, yugur!
Yuzingni hamisha qiblaga o‘gir,
Vahm-u dahshatlarda ingrama, o‘g‘lon!
Nomingni eshitsa, titrasin yovlar,
So‘zingdan ming parcha sochilsin g‘ovlar,
Safingdan saf olsin yuragi dovlar,
Hezim, lattalarni kas bilma, o‘g‘lon!
Unutgay, yaxshilik ko‘rsa haromi,
Unga begonadir do‘stlikning nomi.
Yomonning qo‘lida hiylasi – domi,
Yomonlik qilganga yengilma, o‘g‘lon!
Faqat qul unutgay zolimning zulmin,
Ko‘klarga sovurgil zulmning kulin!
Senga qovushmoqdan shodlansin o‘lim,
O‘limga sharaflar hadya et, o‘g‘lon!
Dushman kim? Zolimdir abadiy dushman,
Va shayton insonni sanadi dushman,
Demak, shayton erur eng katta dushman,
Dushmandan abadiy qo‘rqmagil, o‘g‘lon!
Chin dildan ulug‘lar xizmatin qilgil,
Hamisha yaxshilar oyog‘ini o‘p.
Va do‘sting ming bo‘lsa, oz erur, bilgil,
Bir dona bo‘lsa ham, dushman erur ko‘p!
Akrom MALIK