← Barcha she’rlar

Men senga ishongandim, shubhalar bor ekan ichingda

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Men senga ishongandim, shubhalar bor ekan ichingda,
Bemalol borgandim-ku, itlaring tashlandi koʻchangda.

Rejamda yoʻq edi-ku bir kuni xiyonat qilishing,
Xiyonatning ishlarin insof-u diyonat bilishing.

Ishonchim badalini toʻladim bir umr, Xudoyim,
Suvdek erisam kerak boʻlsam ham gar temir, Xudoyim.

Kimga bogʻlangan boʻlsa, kesildi qalbimning arqoni,
Laxta-laxta sochildi vafoning shoʻrmanglay armoni.

Xudoyim, rahmating keng, vayronamni obod qilgil Sen,
Har kasning ozoridan qalbimni hur, ozod qilgil Sen!..