Hah, nomard
Hah, nomard!
Nomardlik ham bir kasallik, jo‘rajon,
Lekin undan do‘xtirga yo‘q daromad.
Qon tahlili ko‘rsatishi dargumon,
Hah, nomard!
Tuzingni yeb, oshing oshab, qochgan shu,
Tashvish kelsa, shartta tashlab qochgan shu,
Boshqalarni tortib, boshlab qochgan shu,
Hah, nomard!
Ablah, o‘g‘ri, munofiq ham kazzob shu,
Vijdoniga pichoq tortgan qassob shu,
Otasini go‘rga tiqqan azob shu,
Hah, nomard!
Otga minsa, piyodani tepadi,
Harom yoqib, xamir kabi ko‘padi,
Oldindagi ot ketini o‘padi,
Hah, nomard!
Belgisi shu: oriyat ham uyat yo‘q,
Nomus taloq, g‘urur yot, hamiyat yo‘q,
Er sanalar, erkakcha tabiat yo‘q,
Hah, nomard!
Onaizor zorligiga sabab u,
Bolaizor xorligiga sabab u,
Xiyonatning borligiga sabab u,
Hah, nomard!
Nomardlarning ko‘lvordayin po‘sti bor,
Zahri qotilida mardga qasdi bor,
Bitta mardning o‘nta nomard do‘sti bor,
Hah, nomard!
Biz ham uning qasamiga uchganmiz,
G‘o‘rlik payti do‘stimsan deb quchganmiz.
Chuv tushganmiz qayta-qayta, pishganmiz,
Hah, nomard!
Nomard dunyo, olay bori dardingni,
Nomardlarga qilay dori dardingni,
Menga ko‘rsat bag‘ri butun mardingni,
Hah, nomard!
Iqbol MIRZO