Goho g‘ofil bo‘ldim, goho hushim yor
Goho g‘ofil bo‘ldim, goho hushim yor,
Goho sodiq bo‘lsa, gohida shum yor.
Senga bo‘yin sunmoq, Senga egilmoq –
Shuldir hayotimda tanho ishim, Yor.
Yorim O‘zingdirsan, mehribon Robbim!
Borim O‘zingdirsan, mehribon Robbim!
Sening eshigingda yurgan itingman,
Rahmatingga tashna men nolon, Robbim!
Goho nafsga og‘dim, yo‘limdan ozdim,
Goho bilib turib tikanni bosdim!..
Hech qachon hech kimga chohlar qazmadim,
Agar qazsam, faqat o‘zimga qazdim.
Ozor istamadim biror jonga hech,
Na daraxt, na inson, na hayvonga – hech!
Agar xato qilsam, xatoyim, yo Rab,
Muhabbat tufayli bo‘ldi, O‘zing kech!..
Jonimda nafsimning turfa janglari,
So‘zimda og‘riqning turfa ranglari.
Qalbim qoraygandir ma’siyyatimdan,
Lek unda bo‘lmagan hasad zanglari.
Goho issiq kelsa, yelpindim, Robbim,
Goho sovuq kelsa, tepindim, Robbim.
Qay holda, qay joyda bo‘lsa ham faqat
Sening do‘stlaringga talpindim, Robbim.
Senga qul bo‘lmoqdir – yagona qasdim,
Shu xayol, shu o‘y-la ulg‘aydim, o‘sdim.
Bergan qismatingga roziman mutlaq,
Boshqaning xoniga cho‘zilmas dastim.
Bilib-bilmay sevdim banda zotini,
Oqibat, bu sevgi berdi dodimni.
Vafosiz jafokor juhhol ichinda
Hatto unutgandim nasab, otimni.
Alarning ozori ketmadi hamon,
Achchiq yaralari bitmadi hamon.
Ehtimol, doridir barcha iztirob,
Demak, xastaligim ketmadi hamon.
Ul chog‘lar yuragim qizg‘in cho‘g‘ edi,
Ahbob-u yorlardan ko‘ngil to‘q edi.
Ko‘ksimga xanjarlar sanchganda, bildim –
Sevishimdan bo‘lak aybim yo‘q edi.
Sening amring – qoyim, taqiqing – sobit,
Unga mukallafdir oshiq-u obid.
Sog‘-u solimlarning bo‘ynida zanjir,
Illo jinnilarda gardandan soqit.
Sensiz o‘zni qanday gunohdan saqlay?!
Tuproqqa ko‘mildim, axir, tiriklay...
Qullarning ko‘zi ko‘r, hammasi johil,
Sendan bo‘lak kimga o‘zimni oqlay?
Har kimga tavbadan, yo Rab, ber ne’mat,
Yo‘q erur mag‘firat, rahmatingda had.
Izzatingga ko‘zda yosh-la yuzlanib,
Bu quling holidan aylar shikoyat.
Toating yo‘lida saqla deb abad,
Sendan so‘rganimdir – Senga muhabbat...
Garchi boshdan-oyoq qora bo‘lsam ham,
Mazlum qul duosin ayla ijobat!..
Akrom MALIK