← Barcha she’rlar
Salom, ey bolakay! Yana keldingmi
Salom, ey bolakay! Yana keldingmi,
Har safar kelishing menga ma'lumdir.
Ushbu haqiqatni yaxshi bildingmi —
Haqdan kechmoq bu tiriklay o'limdir.
Uzoq ket, yana ham uzoqroqqa ket,
Qutulmoqqa urin, harchand uringin!
Turfa xil murod-u maqsadingga yet,
Davralarda shodon, mag'rur ko'ringin!
Op-ochiq yaralar bitmay qolgaydir,
Mumkin bo'lmas aslo g'amni aritmoq.
Ko'kragingga nafas yetmay qolgaydir,
Bo'g'zingni siqqanda biz solgan sirtmoq.
Bir lahza shodlangin, shod bo'lgil bugun,
Ammo tugab borar har kuni toqat.
Bu shunday arqonki, bu shunday tugun,
Bog'lagan qo'l uni yecholgay faqat!
Senga yordam bergim kelsa-da, lokin
Holingga jim boqib, kulgayman sokin.
Akrom MALIK