← Barcha she’rlar

Topilgan har narsa yo'qolgay ekan

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Topilgan har narsa yo'qolgay ekan,
Topmoqdan ne murod, ne naf-u ne sud?!
Yo'qolmas narsani topgil, ey ko'ngil,
Toki boqiy qolsin qo'lingda behbud.

Ko'rdimki, yo'qolmas hech narsa yo'qdir,
Yo'qlikka mahkumdir har qanday bino.
Ko'zimga ko'rindi haqiqat cho'g'dek —
Faqat boqiy erur fanoda fano!

Akrom MALIK