← Barcha she’rlar

Qayta bino bo'ldim Baytul Haramdek

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Qayta bino bo'ldim Baytul Haramdek
Balo sellarida jismim buzilgach.
Visol toqlariga chiqdim alamdek,
Har nedan umidim butkul uzilgach.

Ko'ksim anduhlardan behad tilindi,
Ko'ngil yovlar ichra asir olindi,
Nihoyat, nurning mohiyati bilindi —
Zulmat vodiysida uzoq kezilgach.

Avval bildim: borliq — zindondir, zindon,
Zindonda telbalar xandondir, xandon.
Sensiz tanam ekan qish-u zimiston,
Senga keldim ruhim qattiq ezilgach.

Bir kun ohlarimga O'zing yetgaysan,
Xor-u rasvo qulga qo'ling tutgaysan,
Balki O'zing bilan olib ketgaysan,
Chidam qolmagani butkul sezilgach...

Akrom MALIK