← Barcha she’rlar

Bir yigit oʻlturur edi anduhnok

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Bir yigit oʻlturur edi anduhnok,
Nogoh uni piri chorladi kel deb.
Murid qaygʻu uni qilmasdan halok
Murshid huzuriga yetdi u yelib.

“Hayoting sahnida qolmadi quvonch,
Ahvoling sirrini, – dedi, – anglab yet.
Nechun topolmaysan sira ham yupanch,
Musibat kelmoqda buncha ketma-ket?!

Bilki, qadar senga qanday gʻam bersa,
Qilgan amallaring suvratidir ul.
Xudo boshqaga koʻp, senga kam bersa,
Buni nafsingdagi ochkoʻzlikdan bil.

Asli, berilgani sen uchun yetar,
Faqat qanoating yoʻq erur, xolos.
Toki banda Haqqa isyonlar etar,
Faqat alam ichra topgay ixtisos.

Rizoying yoʻq ekan dilda, odamzod,
Ketma-ket, ketma-ket azob, ketma-ket.
Ogʻriqlaring uchun demay faqat dod,
Uning hikmatini bir bor anglab yet!

Valiylar demishki, aslo shoshilma,
Ne qilsang, oʻzingga qilgaysan oʻzing.
Boʻyingdan baland hech dorga osilma,
Yerda topilmasdan qolmasin izing!”

Akrom MALIK