← Barcha she’rlar

Tildan chiqqan soʻzlarim goʻzal-goʻzal kiyingan

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Tildan chiqqan soʻzlarim goʻzal-goʻzal kiyingan,
Agar tilga olsangiz, tushar goʻyo oʻyinga.

Ammo meni bosadi ogʻir-ogʻir tashvishlar,
Koʻksimga qoʻnib goʻyo oʻlaksaxoʻrlar – qushlar.

Soʻzlarim yaxshilikka xizmat qilsa, qaniydi,
Aziz zotlar ularni izzat qilsa, qaniydi.

Zolimning yuragini tishlamasa soʻzlarim,
Mazlumning yuragini xushlamasa soʻzlarim;

Haqiqatga yetaklab borolmasa soʻzlarim,
Koʻngillar orasida soʻralmasa soʻzlarim;

Ularni davralarga kiritmoqdan ne naf bor,
Fikrni har tomonga yuritmoqdan ne naf bor!

Soʻzlarim oʻlik boʻlsa, qayga koʻmgayman, Xudo?..
Koʻzlarim ochiq holda koʻzni yumgayman, Xudo…

Soʻzlarimni foydamga hujjat qilgaysan Oʻzing!
Oʻlik dillarga obi hayot qilgaysan Oʻzing!

To uni oʻqiganning qalbi tirilsin, minba’d,
Yoʻllari faqr-u fano tomon burilsin, minba’d!

Akrom MALIK