← Barcha she’rlar
Yer ustida yelding, yugurding behad
Yer ustida yelding, yugurding behad,
To'rt tomoning qibla — yo'l ko'rinmagay.
Ko'zingni pardalar qoplamish faqat,
Senga uzatilgan qo'l ko'rinmagay.
Ko'zlaring ko'r, axir, yiqilding nogoh —
Taraqlab yopildi zindon qopqasi.
Quchog'iga olgach, seni sirli choh,
Tindi bu olamning ajab g'avg'osi.
Ko'zlaring ko'nikkach qorong'ulikka
Bir eshik ko'rsatdi zindonning tubi.
Eshik ham ochilgach, ne iqbolki, bu
Sen yo'lga otlanding tuproqni o'pib.
Hayot shunday ajib, shunday g'aroyib —
Senga kutilmagan hadyalar tutgay.
Kimdir yer ustida yurarkan toyib,
Kimdir yer ostidan yo'llar kashf etgay.
Akrom MALIK