← Barcha she’rlar

Sukut saqlab ishla, urinma aslo

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Sukut saqlab ishla, urinma aslo
Bilmoqqa odamlar ichi-yu tashin.
Viqor-la vazifang aylagach ado,
Olamga ko'ringay quvvating, kuching.

So'z aytma, maqtama — neni do'ndirding,
Nishonla har kuni jimlik bayramin.
Sen qanday urug'dan daraxt undirding —
Mevasi bo'lgaydir hasadchi g'ami.

Sen esa og'zingga solib ol talqon,
Qarama — yo'lda ko'p mayda-chuyda tosh.
Senga yetolmagan ortingda qolgan
Qanday xastaligin o'zi qilgay fosh.

Sen yana jim holda yo'lda ketaver,
Manzil-u maqsad bir-bir yetaver...

Akrom MALIK